Ayol 25 million so‘mlik alimentini ololmayapti, otada esa bunday imkoniyatning o‘zi yo‘q. Muammo qanday hal etiladi?

Jamiyat 19:39 / 22.06.2019 13204

Bir farzandni o‘stirib, kamolga yetkazish mashaqqatli, sharafli va shu bilan birga mas'uliyatli ish hamdir. Bu yo‘lda ota-ona bir tan-u bir jon bo‘lib, harakat qilishi, farzandining moddiy va ma'naviy ehtiyojini qondirmoqliklari lozim. Ammo oiladagi ota-onaning inoqsizligi va buning oqibatida  yuzaga kelayotgan ajrimlar bola hayotiga o‘z ta'sirini o‘tkazadi, albatta. Shu bois davlat qonunchilik yo‘li bilan ona va bola huquqlarini kafolatlab qo‘ygan.

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida istiqomat qilayotgan Iroda Ashurova ham turmushidan ajralgan. Doimiy ishga ega emas. Ayol 2014 yildan buyon uch farzandni yolg‘iz o‘zi boqib, ularning issiq-sovug‘iga mas'ul bo‘lib, yolg‘iz ayol boshi bilan barcha oilaviy ishlarga bosh-qosh bo‘lib kelmoqda. Uning so‘zlariga quloq tutamiz...

- Mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘orimni o‘tkazib kelyapman. Uch nafar farzandim bor. Ularning kattasi 15, o‘rtancha o‘g‘lim 12, kichkina qizim 7 ga kiradi. Bolalarimning yeyishi, ichishi, kiyimi, barcha moddiy ta'minot o‘z bo‘ynimda. 2014 yildan buyon sobiq turmush o‘rtog‘imdan aliment ololmayman. Qarzi 25 million so‘mdan oshib ketgan. Farzandlarim esa kun sayin ulg‘ayib bormoqda, turli to‘garaklarga boradigan tengdoshlariga havas qilishadi. Ammo bularning bari moddiy ta'minotga borib taqaladi.

Bizga taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Iroda Ashurovaning turmush o‘rtog‘i Sunnatulla Madatov sobiq rafiqasiga 2014 yilning 20 may kunidan boshlab, har oy 589 183 so‘m aliment to‘lab kelishi zarur edi. Buni 2017 yilning 5 yanvar kuni Majburiy ijro byurosi Mirishkor tumani bo‘limi tomonidan taqdim etilgan hujjatda ham ko‘rish mumkin. Ammo pullar o‘z vaqtida berilmagani uchun, qarzdorlik miqdori bugungi kunga kelib 25 727 686 so‘mni tashkil etmoqda. Qarzdorning undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklarini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlarga so‘rovnoma xatlari yuborilgan. Tashkilotlardan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, qarzdor Sunnatulla Madatovning nomida biror-bir mol-mulk yo‘q.

Xo‘sh, shu bilan ishlar yakunmi?..

Shiddat bilan oradan yillar o‘tib boryapti, MIB tomonidan qarzdorlikni undirishga qaratilgan xatti-harakatlar esa besamar ketmoqda. Qarz undirilmaydi. Sabab o‘sha-o‘sha – qarzdorning hisobida mol-mulk yo‘q. Qarzdor o‘z qarzini to‘lolmasdan yurgani uchun unga nisbatan sud tomonidan 2019 yilning 23 yanvarida 10 kunlik qamoq jazosi tayinlanadi.

Orada bir muddat Iroda Ashurova sobiq turmush o‘rtog‘i bilan yarashib, birga yashashni boshlashadi. Ayol sud ijrochilari bo‘limidan sud buyruqlarini qaytarib oladi. 2017 yilning 27 fevral kuni sud tomonidan ijrochilarga aliment undirish haqidagi sud buyrug‘i ijro qilish uchun qayta yuboriladi.

- Insofga kelib qolar, shu farzandlarim uchun yashay, oilamni buzilib ketishiga yo‘l qo‘ymay, degandim. Ammo hech narsa o‘zgarmadi. Sobiq turmush o‘rtog‘im menga va farzandlarimga qo‘l ko‘taradigan bo‘ldi. Uydan haydab yubordi. Bolalarimning zarur bo‘lgan kiyim-kechaklarini olgani borganimda, hatto, ularni bermadi ham...

Hozirgi kunda ham muammoning yechimi ochiq qolmoqda. Sunnatulla Madatov nomida mol-mulk yo‘q, shu sabab ijro organi xodimlari ojiz. Iroda Ashurova o‘zi va farzandlari kelajagidan xavotirda. O‘rtadagi mablag‘ esa, oy sayin yuqorilab boryapti. Eng ayanchlisi esa farzandlar ko‘zidagi umid uchqunlari yo‘qolgan. O‘rtadagi sarsonchiliklar, oiladagi notinch vaziyat sababidanmi, tez xavotirga tushadigan bo‘lib qolishgan.

Vaziyatni kuzata turib, qator savollarga javob izlashga urinamiz. Xo‘sh, sud aliment undirilsin deb qaror chiqardi. MIB ning ijrosi bilan shug‘ullanish maqsadida Sunnatulla Madatovga yuzlandi. Qarashsaki, uning nomida hech vaqo yo‘q. Bo‘ldimi? Ish shu bilan tamommi?

Aslida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga ko‘ra, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlash, ya'ni ularni moddiy jihatdan ta'minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, shunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy qilmish deya baholanishi lozim. Buning uchun ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo ham belgilangan.

Bundan tashqari, shu qilmish xavfli retsidivist tomonidan sodir etilsa ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ham mumkin.

Uch nafar farzandini moddiy ta'minlashni xayoliga ham keltirmay qo‘ygan bu insonga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan jazo choralarini qo‘llash vaqti kelmadimikin... Zora jazo muqarrarligini his etgan ota qariyb olti yildan buyon tashlab qo‘yilgan oilasi holidan xabar olsa...

Biz masalani birgina kasbilik I.Ashurovaning misolida yoritdik. Vaholanki tahririyatga kelib tushayotgan murojaatlardan shu narsa ma'lum bo‘ldiki, S.Madatovdek “otalar” respublikada juda ko‘pchilikni tashkil qilar ekan.

Bu kabi muammolarga joylardagi vakolatli davlat idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar befarq bo‘lmasdan, uning yechimlari yuzasidan jonbozlik ko‘rsatsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: