Qulay va tejamkor «Aqlli hisoblagichlar». Uning afzalligi nimada?

Jamiyat 17:59 / 21.06.2019 10931

Jizzax viloyatidagi aholi xonadonlari elektr hisoblagichlari bepul almashtirilyapti. Ta'kidlash joiz, dunyo tajribasidan foydalanib mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy elektr hisoblagichlar avvalgilaridan 20 dan ziyod funksiyalarni bajara olishi bilan farqlanadi. Endi xonadon sohiblari elektr ta'minoti korxonalarida uzundan-uzun navbatlarda turmaydi. Kimlargadir, nimalarnidir isbotlashga aslo hojat qolmaydi. Bir so‘z bilan aytganda yangi hisoblagichlar har tomonlama qulay va tejamkor.

«Elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishda xorij tajribasiga tayanilmoqda, – deydi «Jizzax hududiy elektr tarmoqlari» AJ moliya va iqtisod masalalari bo‘yicha direktor Muhiddin Xolmurodov. – Ya'ni, bu vazifa Italiya kompaniyasi maslahati yordamida koreyalik pudratchi korporatsiya tomonidan amalga oshirildi. Birgina Jizzax viloyati uchun Osiyo taraqqiyot banki tomonidan kredit hisobiga 13.2 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ moliyalashtirilgan. Buning evaziga viloyatda 97 176 ta zamonaviy aqlli elektron hisoblagich hamda 740 dona konsentrator yetkazib berildi. Shuningdek, 180 000 ta elektr hisoblagichlar va apparat komplekslari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Hozirda Jizzax viloyatida ish jadal sur'atda amalga oshirilib, 77907 mingdan ortiq hisoblagich o‘rnatildi. Ayni kunlarda viloyatimizdagi Arnasoy, G‘allaorol, Paxtakor va Sh.Rashidov tumanlarida ham yangi hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari davom ettirilmoqda».

«Yangi tizim bir qator afzalliklarga ega va bu amaliyotda o‘zini oqladi, dastlab bu yangilik viloyatimizdagi Yangiobod tumanida  eksperiment tarzida shu tizim asosida iste'molchilarga elektr energiyasi yetkazib berildi. Natija shuni ko‘rsatdiki, tarmoqqa noqonuniy ulanish va foydalanish yo‘qoldi. To‘lov intizomi yaxshilandi, iste'molchilarning elektr energiyasidan qarzdorligi keskin kamaydi. Ayni paytda Jizzax shahrida o‘rnatilgan aqlli hisoblagichlar ham avtomatlashtirilgan onlayn rejimiga o‘tkazilgan. Bu elektr energiyasidan foydalanish kunlik ko‘rsatkichlarini yig‘ish va hisob-kitob tizimini avtomatlashtirish, elektr energiyasidan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradi. Muhimi, elektr tarmoqlari boshqarilishini yengillashtiradi, ekspluatatsiya sarf-xarajatlarini kamaytirib, iste'molchilarning elektr energiyasidan foydalanishda o‘zlarining boshqaruv imkoniyatlarini kengaytiradi. Sodda qilib aytganda, endi iste'molchi elektr energiyasini sotib olib ishlatadi. Avvalgidek, qarzdorlik yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Iste'molchining hisobida pul bo‘lmasa, hisoblagich avtomatik tarzda o‘chadi va elektr energiyasi yetkazib berish to‘xtatiladi. Bundan tashqari, tarmoqda yoki foydalanilayotgan elektr uskunalari va texnikalarida nosozlik yuzaga kelsa, kuchlanish oshib ketsa ham hisoblagich o‘chadi. Nosozliklar bartaraf etilgach, iste'molchining murojaati bilan navbatchilar tomonidan hisoblagich qo‘shiladi. Buning uchun barcha tuman va shaharlarda tunu kun doimiy navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan. To‘lovlarni amalga oshirish va o‘z hisobini bilib borishi uchun ham iste'molchilarga qulaylik yaratilgan bo‘lib, bu haqda ularning telefoniga xabarnoma ham yuboriladi», – deydi Muhiddin Xolmurodov.

Men Jizzax shahridagi Zilol  MFY da istiqomat qilaman. Mening ham xonadonimga bepul elektr hisoblagichni o‘rnatib ketishdi. Har tomonlama qulay elektr hisoblagichlar haqida faqat yaxshi fikr bildirishim mumkin. Hisoblagich o‘rnatilgach biz tizimga ulandik. Qo‘l telefonimizga sms orqali barcha ma'lumotlar avtomatik tarzda yetib keladi. Eng muhimi «shaxsiy kabinet» orqali qancha elektr energiyasi sarflanganini kuzatib turamiz», – deydi iste'molchi Shavkat O‘rolov.

Qolaversa, «Obod qishloq» dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida Jizzax viloyati Manas qo‘rg‘onida 2018 yilda jami 1144 ta iste'molchilarga «Toshelectroapparat» MChJ XK tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy elektron hisoblagichlar o‘rnatildi.

Alohida ta'kidlash kerakki, ushbu zamonaviy elektr hisoblagichlar iste'molchilarga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mablag‘lari evaziga bepul o‘rnatib berilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, har bir iste'molchiga o‘rnatilayotgan zamonaviy hisoblagich uchun jamiyat mablag‘lari hisobidan o‘rtacha 770 000 so‘m sarflanmoqda va bu har bir iste'molchining shuncha mablag‘ iqtisod qilayotganini ko‘rsatadi. 

Ta'kidlash joiz, yangi tizim hisoblagichdagi ma'lumotlarni kompyuterlar nazorat qiladi. Bu esa, nafaqat aholiga balki soha xodimlariga ham ancha qulayliklar yaratadi.

Gulchehra Sharipova

Ko‘proq yangiliklar: