O‘zbekiston Senatiga ilk marta ayol kishi rahbarlik qiladi. U kim va qanday vakolatlarga ega?

O‘zbekiston 18:43 / 21.06.2019 84365

O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasiga ilk marotaba ayol kishi rahbarlik qiladigan bo‘ldi. 20 iyun kuni Senat yalpi majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev taqdimiga binoan Tanzila Norboyeva Senat raisi etib saylandi.

Bungacha Xotin-qizlar qo‘mitasiga rahbarlik qilib kelgan Norboyeva yangi lavozimida bosh prokurorlikka o‘tgan Nig‘matilla Yo‘ldoshevning o‘rnini egalladi.

Yalpi majlisda 81 nafar senator Norboyeva nomzodini yoqlab ovoz berdi, 2 senator betaraf qoldi, «qarshi» ovoz berganlar bo‘lmadi.

Senatning to‘rtinchi raisi

Tanzila Kamolovna – O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi raisidir. Mamlakatda ikki palatali parlamentarizmga o‘tilgan 2005 yildan buyon qonun chiqaruvchi va vakillik organining yuqori palatasini Murod Sharifxo‘jayev, Ilgizar Sobirov va Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshqarib kelgan.

O‘zbekiston Senatining ilk rahbari, akademik Murod Sharifxo‘jayev bu lavozimda bir yil faoliyat yuritgach, 2006 yil fevralida sog‘ligi bilan bog‘liq muammo tufayli iste'foga chiqqan.

Sharifxo‘jayevdan keyin Senatga rahbarlik qilgan Ilgizar Sobirov ham, Nig‘matilla Yo‘ldoshev ham sud-huquq sohasi vakili edi. 2006-2015 yillarda bu lavozim egasi bo‘lgan Sobirov bungacha sud, adliya va hokimiyat organlarida ishlagan bo‘lsa, undan keyin kelgan Yo‘ldoshev prokuratura va adliya organlarida uzoq yillik ish tajribasiga ega edi.

45 yillik mehnat faoliyati

Senatning ilk ayol raisi sifatida O‘zbekiston tarixidan joy oladigan 63 yoshli Tanzila Norboyeva mehnat faoliyatini boshlaganiga 45 yil bo‘lgan.

U 1956 yilda Andijon viloyati, Shahrixon tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1981 yilda Toshkent davlat universitetini bitirgan. Pedagogika fanlari nomzodi.

Ish faoliyatini 1974 yilda Andijon viloyati Shahrixon shahridagi 1-maktab yoshlari yetakchisi lavozimidan boshlab, 1975-1995 yillari Toshkent shahrida maktab o‘qituvchisi, direktor o‘rinbosari va Toshkent shahar o‘quvchilar uyi direktori, keyinchalik turli darajadagi davlat organlarida mas'ul lavozimlarda ishlagan.

1995-2010 yillari Bosh vazir o‘rinbosari kotibiyati mudiri, Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish majmuasi rahbari kotibiyati mudiri, Vazirlar Mahkamasi Ta'lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi lavozimlarini egallagan.

2018 yil iyul. Kattaqo‘rg‘on

2010-2016 yillari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi bo‘lib ishlagan.

Siyosatchi 2016 yil dekabr oyidan buyon Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelayotgan, 2018 yil dekabrida bu lavozimga qayta saylangan edi.

Tanzila Norboyeva – oilali, 2 nafar farzandi bor.

Bolalar mehnatiga chek qo‘yilishi va prezident e'tirofi

Bugun Senatning 20-yalpi majlisida ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqining salmoqli qismini jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va rolini oshirishga bag‘ishladi.

Endilikda davlat rahbarining tashabbusi bilan Senatda yangi qo‘mita – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mita tuziladi.

Shavkat Mirziyoyev Senat rahbarligiga Norboyeva nomzodini ilgari surib, bu tasodifiy qaror bo‘lmagani, balki bunga bir yildan ortiqroq vaqt tayyorgarlik ko‘rganini ma'lum qildi.

Prezident Tanzila Norboyeva borasida fikr bildirar ekan, uning o‘z ishiga mas'uliyatli yondashishi, rostgo‘yligi va vatanga muhabbatini e'tirof etib o‘tdi.

«Ayniqsa, uning bolalar mehnatiga barham berish yo‘lidagi harakatlarini qadrlayman», – dedi prezident.

Xalqaro mehnat konferensiyasi. Jyeneva, 2019 yil iyun

Ma'lumot uchun, 2019 yilning mart oyida AQSh Mehnat departamenti O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar «qora ro‘yxati»dan chiqardi. 1 aprel kuni esa Bryusselda e'lon qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotida Jahon banki tomonidan O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham berilgani e'tirof etildi

Senat raisining vakolatlari nimalardan iborat?

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, Senat raisi:

1) Senat va uning Kengashi majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Senat ma'qullagan qonunlarni imzolash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboradi;
4) Senat qo‘mitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
5) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va Senat qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
6) Senat Raisining o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
7) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bog‘liq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
8) Senat matbuot organlarining ustavlarini va tahrir hay'atlari tarkibini hamda ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
9) Kengash bilan kelishilgan holda Senat matbuot organlarining bosh muharrirlarini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi;
10) Senat matbuot organlarining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
11) Qonunchilik palatasi, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda Senat nomidan ish ko‘radi;
12) Senat va uning Kengashi qarorlarini imzolaydi;
13) Senat devoni faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi, senatorlar va Senat devoni ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
14) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va Senat Reglamentida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Senat Raisi o‘zining vakolatiga taalluqli masalalarni Kengash muhokamasiga kiritishga haqli. U o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.

BMT Xotin-qizlar Komissiyasining 63-sessiyasi. Nyu-York, 2019 yil mart

Senat Raisi o‘z vazifasini bajarish davrida siyosiy partiya va harakatlarga a'zolikni to‘xtatib turadi, Senat qo‘mitalarining tarkibiga saylanishi ham mumkin emas.

Shuningdek, Konstitutsiyaga asosan davlatning amaldagi rahbari o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi.

O‘zbekistonda ayol siyosatchilar

«Bir narsani tan olish kerak: ayollar xalqning dardini boshqalardan ko‘ra chuqur his qiladi. Bu yil dekabr oyida Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda mehnatkash va oqila ayollarimiz qanchalik ko‘p saylansa, bundan davlatimiz ham, jamiyatimiz ham faqat naf ko‘radi», – dedi Shavkat Mirziyoyev bugun Senatning yalpi majlisida.

Qayd etish kerakki, ayni paytda Oliy Majlis yuqori palatasida 100 nafar senatordan 22 nafari, Qonunchilik palatasida esa 150 deputatdan 18 nafari ayol kishi. Xalq deputatlari tuman va viloyat kengashlariga deputatlik uchun nomzodlarning 22-23 foizini ayollar tashkil etadi.

Tanzila Norboyevadan tashqari O‘zbekiston siyosiy hayotida eng taniqli ayol siyosatchilar sifatida Svetlana Ortiqova, Elmira Bositxonova, Agrippina Shin, Dilorom Toshmuhamedova, Gavhar Alimova, Sayyora Rashidova kabilarni sanab o‘tish mumkin. Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyevning qizlari Saida va Shahnoza Mirziyoyevalar ham davlat organlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borishmoqda.

O‘tgan hafta faol jamoatchi ekspert Aziza Umarova O‘zLiDePga a'zo bo‘lgani va joriy yilgi parlament saylovlarida Oliy Majlis deputatligi yoki senatorligiga saylanish umidida ekanini ma'lum qilgandi.

Ta'kidlash joiz, Jahon bankining gender tengligi bo‘yicha 2019 yilgi reytingida O‘zbekiston 100 balldan 70,6 ball to‘plagan bo‘lib, bu bilan MDHning barcha mamlakatlaridan ortda qolgan.

Ko‘proq yangiliklar: