Sud ajrimi: Yashnoboddagi «qo‘riqchi» tadbirkorlar mulkini buzish taqiqlandi va shahar hokimi qarori vaqtincha to‘xtatildi

Jamiyat 16:50 / 20.06.2019 11163

Kun.uz sayti orqali «Yashnoboddagi «qo‘riqchi» tadbirkorlar. Yangi ko‘prik tadbirkorlarga qimmatga tushmoqda» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan edi.

Unda «Mirkamol Plyus Servis» MChJ rahbarlari tadbirkorlar Faxriddin Erkinov va Sobirjon Rahmatov Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasida (eski Taraqqiyot) qonuniy asosda 4 qavatli bino qurishayotgan vaqtda Toshkent shahar hokimligi va Yashnobod tuman hokimligi mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlaridan noroziligi yoritilgandi. Maqolada hokimlik mansabdor shaxslari Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qarori hamda Prezidentning 3456-farmoniga zid harakat qilib, tadbirkor qurayotgan binoni buzishmoqchi bo‘lgani haqida yozilgandi.

Shundan so‘ng sudga murojaat qilgan tadbirkorlarning dastlabki himoya chorasini ko‘rish haqidagi arizasi Toshkent shahar ma'muriy sudi tomonidan qanoatlantirildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

Xususan, ajrimga asosan arizachi «Mirkamol Plyus Servis» MChJning Toshkent shahar hokimiyati va Toshkent shahar Yashnobod tuman hokimiyati mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatiga nisbatan shikoyat arizasi ko‘rib chiqilgunga qadar, Toshkent shahar, Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasida joylashgan «Mirkamol Plyus Servis» MChJga tegishli binoni buzish ishlarini amalga oshirish taqiqlandi hamda Toshkent shahar hokimining 2019 yildagi 795-sonli qarori ijrosi vaqtinchalik to‘xtatildi.

Ko‘proq yangiliklar: