Toshkentdagi maktabga bolalarni joylashtirish tartibi qanday bo‘ladi?

Jamiyat 20:52 / 19.06.2019 13741

Bugun, 19 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbir davomida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 469-qarorida Toshkentdagi 81ta maktabda 1-sinfga qabul uchun tajriba sifatida pulli qabulni ko‘zda tutuvchi yangi tizim joriy qilingani muhokama qilindi.

Ta'kidlanishicha, qarorning asosiy maqsadi pul ishlash emas, balki mikrohududdagi bolalarni yaqin atrofdagi maktablarga qamrab olishdir. 

«Toshkentdagi 26 foiz maktabda shahardagi jami o‘quvchilarning 43 foizi tahsil oladi. Shunga ko‘ra, Toshkentdagi 309ta maktabdan 81tasida 1-sinfga qabul uchun tajriba sifatida yangi tizim joriy qilinmoqda. O‘sha maktablarda ayni chog‘da o‘qib bo‘lmayapti, 3ta smenagacha tashkil etilgan. 1ta sinfda esa 50 nafargacha o‘quvchi bor», —  deydi Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov.

Vazirning aytishicha, 81ta maktabning to‘liq quvvatdan ortiq faoliyat yuritishi o‘sha ta'lim muassasalarida bilim olish sifati yaxshi ekanini bildirmaydi. Ammo bu holatga olib kelgan sabablar ham matbuot anjumanida aytilmadi.

«Masala ta'lim rus tilida olib boriladigan maktablarda ham emas. Shunchaki, avtomobilning chiroyli raqamiga mahliyo bo‘lgandek, ota-onalar farzandini muayyan maktablarga yuborishni afzal biladi», — deya qo‘shimcha qilgan vazir.

Matbuot anjumanida bildirilishicha, endilikda Toshkentning 81ta maktabida joriy etilayotgan yangi tizimga muvofiq, 1-sinfga qabul payti maktab joylashgan mikrohudud aholisi, xususan bolalari ustunlikka ega bo‘ladi. Undan ortib qolgan bo‘sh o‘ringa da'vo qilgan bolalarning ota-onasi belgilangan to‘lovni amalga oshirish orqali maktabga boradi.

Shunga qaramay, belgilangan summa 2019/20 o‘quv yilida 1-sinf uchun qabul payti joriy etilmasligi bildirildi. 

«Bizning vazirlikka bu tizimga o‘zgartirishlar kiritish, ro‘yxatga yangi maktablarni qo‘shish yoki kamaytirish bo‘yicha, umuman bu tizimni o‘zgartirish uchun vakolatlar berilgan. Shuning uchun, vazirlik sifatida biz yana o‘zgarishlar qilishimiz va kerakli mexanizmlarni joriy qilishimiz mumkin », — deydi Sherzod Shermatov.

Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan, ammo oilasi bilan Toshkent shahrida yashayotgan bolalar esa ro‘yxat bo‘yicha 228ta (qolgan 74 foiz) maktabda tahsil olish imkoniyatiga ega.

Bolalarni davlat maktablariga qabul qilishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilingan maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi. Platformada umumta'lim muassasalariga biriktirilgan mikrohududdagi ko‘p qavatli uy va ko‘cha nomlari, maktab yoshidagi bolalar soni, 1-sinfga qabul rejasi, qabul qilingan bolalar soni va bo‘sh o‘rinlarning mavjudligi ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, mikrohududlar bo‘yicha maktabga joylashish uchun yo‘llanmani hududiy Davlat xizmatlari agentligidan ham olish mumkin.

Ariza beruvchilar davlat maktablariga yo‘llanma bilan murojaat qiladi. Yo‘llanma olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida (yo‘llanma bilan birga) umumta'lim muassasasiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:

- bolaning sog‘ligi to‘g‘risida tibbiy ma'lumotnoma;

- bolaning 3,5x4,5 sm. o‘lchamli 4 dona rangli fotosurati;

- ota-ona pasport nusxasi;

- bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi.

Ko‘proq yangiliklar: