«Toshissiqquvvati» DUK xodimi 27 million so‘mni noqonuniy o‘zlashtirgani aniqlandi

Jamiyat 09:30 / 19.06.2019 4782

«Toshissiqquvvati» davlat unitar korxonasi Chilonzor tumani bo‘limi texnik xodimi firibgarlik yo‘li bilan 27 million so‘mni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Z.M. ismli xodim 2018 yil davomida 58 nafar fuqarodan isitish tizimi va issiq suv manbasi uchun 27 million so‘m undirgan. Biroq u to‘langan pullarni iste'molchilarning shaxsiy hisob-raqamlariga tushirmasdan, ularga to‘lov kvitansiyalarini yozib berish orqali mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Mazkur korxona murojaatiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda mazkur holat fosh etilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Z.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: