Samarqanddagi perinatal markazda nega bir kunda besh chaqaloq nobud bo‘ldi?

Jamiyat 21:42 / 19.06.2019 59636

Samarqand viloyat perinatal markazida shu yil fevral oyining so‘nggi kunida sodir bo‘lgan voqea ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda aylanmoqda.

Unga ko‘ra, Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, 21 yoshli G.K. 2019 yil 28 fevral kuni soat 11:30da ko‘zi muddatidan avval yoriydi va chaqaloq dunyoga keltiradi. Chaqaloq shu kuni soat 17:40da nobud bo‘ladi. Tarqalgan xabarlarda shu kuni Samarqanddagi perinatal markazda jami 5 nafar chaqaloq nobud bo‘lgani ham fakt sifatida keltirilgan.

G.Q. va uning turmush o‘rtog‘i F.M. viloyat IIBga murojaat qilib, turmush o‘rtog‘i K.G.ning qiz jinsli chaqaloq tug‘gani, shu kuni kechroq shifokorlar turmush o‘rtog‘i Q.G.ga uning chaqalog‘i vafot etganini aytib, unga o‘g‘il jinsli chaqaloq murdasini berib yuborganini ma'lum qilib, ushbu holat yuzasidan haqiqatni aniqlab berishni ham so‘ragan.

Kun.uz Samarqand viloyat perinatal markazida o‘tgan yili ham shunga o‘xshash voqea ro‘y berganidan so‘ng jurnalistlik surishtiruv o‘tkazgan edi. O‘shanda, doyaning aybi bilan tug‘ilgan, keyinchalik vafot etgan chaqaloqning jinsi ro‘yxat kitobiga noto‘g‘ri qayd qilingani sababli mojaro kelib chiqqan edi.

Lekin, bu safargisi yanada ayanchliroq. Iddaoga ko‘ra, tug‘ilgan chaqaloqning jinsi uning ota-onasiga «qiz» deb ma'lum qilingan, keyin ularga o‘g‘il bolaning jasadi berilgan, ota-ona shubhalanib, DNK ekspertizasi qildirishganida chaqaloq umuman ularga tegishli emas bo‘lib chiqqan!

Buni Samarqand viloyat IIB matbuot xizmatining Kun.uz’ga bergan ma'lumotnomasi ham tasdiqlamoqda. Unga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tomonidan o‘tkazilgan odam DNKsi ekspertizasining 2019 yil 31 maydagi 4250/12D-sonli xulosasiga ko‘ra, vafot etgan chaqaloq murdasidan olingan biologik namunalar ariza mualliflari G.K. va F.M.ning vafot etgan chaqaloqqa nisbatan biologik ota-onaligi tasdiqlanmagani aniqlangan».

Kun.uz muxbiri va boshqa jurnalistlar perinatal markazda bo‘lib, voqea guvohlari hamda mutasaddilardan voqea tafsilotlarini so‘radi.

Viloyat perinatal markazi direktori Lola Hamroyevaning aytishicha, bu maskanda viloyatdagi barcha og‘ir ahvoldagi homilador onalar davolanadi va tug‘ruq qabul qilinadi. Ya'ni bu maskanda onalar va bolalar o‘limi kuzatilishi tabiiy. Markazning shahar va tumanlardagi tug‘ruqxonalardan farqi ham shunda. Bugungi kunga kelib shahar va tuman tug‘ruqxonalarda onalar va bolalar o‘limi kuzatilishi notabiiy holat sifatida baholanadi. Bunday noxush voqealar faqat perinatal markazda kuzatiladi.

Voqea yuz bergan kunlari Germaniya Federativ Respublikasida o‘qishda bo‘lgan direktor L.Hamroyevaning aytishicha, aynan mana shuning uchun viloyat perinatal markazida koykalarning to‘lishi 133 foizga teng. Garchi, 2007 yilda tashkil etilgan perinatal markazda 190ta koykaga mo‘ljallangan. 2018 yil davomida davolangan bemorlar soni 16 mingdan ortiqroqni tashkil etadi. Ularning qariyb 80 foizi qishloq tumanlaridan kelishgan.

Xususan, 2019 yilning dastlabki 5 oyida markazda jami tug‘ilgan chaqaloqlarning 2,3 foizi yo o‘lik tug‘ilgan yoki patalogiya tufayli dunyoga kelib, keyinchalik vafot etgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 4,9 foizga teng bo‘lgan va bu borada katta muvaffaqiyatga erishilgan.

2019 yil 28 fevral kuni G.K. dunyoga keltirgan chaqaloq va shu kuni yana boshqa 4 nafar chaqaloqning nobud bo‘lganini perinatal markaz shifokorlari shunday tushuntirishdi:

Faqatgina fuqaro G.K. 28 fevral kuni soat 11:30da dunyoga keltirgan chaqaloq oradan 6 soat o‘tgach, 17:40da vafot etadi. Bunga sabab — chaqaloqning muddatidan avval (27 haftalik) tug‘ilgani, o‘pkasi yaxshi rivojlanmagani sabab qilib ko‘rsatilgan. Chaqaloqlarning qayd etish jurnalida ham, reanimatsiya jurnalida ham tug‘ilgan chaqaloqning jinsi o‘g‘il, vazni 1330 gramm, bo‘yi 34 sm ekani qayd etilgan.

Perinatal markaz direktori o‘rinbosari (voqealar yuz bergan o‘sha kunlari u markazda direktor vazifasini bajarib turgan) Sanjar Suyarovning aytishicha, G.K. markazga 25 fevral kuni qabul qilingan. Bungacha — 19 fevral kuni RShTTYoIMning Samarqand filiali shoshilinch xirurgiya bo‘limida o‘tkir ko‘richak xuruji bilan qabul qilingan va narkoz ostida operatsiya qilingan.

«Garchi asoratsiz kechgan esa-da, operatsiyadan so‘ng olti kun o‘tib, muddatidan avval tug‘ish xavfi kuchayib, to‘lg‘oq boshlangan. Qorin bo‘shlig‘ida narkoz olib operatsiya o‘tkazilishi homilador ayol uchun og‘ir holat hisoblanadi va bu bolaning muddatidan avval tug‘ilishiga sababchi bo‘luvchi omildir», dedi S.Suyarov Kun.uz muxbiriga.

Albatta, tug‘ilishni qayd etish jurnalida chaqaloq jinsining bo‘yalgani, reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan chaqaloqlar jurnalida esa aynan shu chaqaloq jinsining «mal» (ruscha — malchik demoqchi) sifatida qayd etilgani bir qaraganda shubhali ko‘rinmoqda, biroq perinatal markaz xodimlari bir ovozdan jins avvalboshdan to‘g‘ri yozilganini e'tirof etishdi. Va jurnalda avval ham o‘g‘il chaqaloqlar jinsi «mal» tarzida yozilganini topib berishdi.

Kasallik tarixi bilan tanishib ko‘raylik, deganimizda bu hujjatlar tergovchidaligini aytib, taqdim qila olishmadi.

28 fevral kuni perinatal markazda yana 4 nafar chaqaloq dunyodan o‘tadi. Lekin ularning uch nafari 25 fevralda dunyoga kelgan, biri esa 26 fevralda. Shu kuni o‘lgan chaqaloqlarning barchasi turli patologiya bilan dunyoga kelishgan va muddatidan avval tug‘ilishgan:

1. Onasi — Sh.E. (1988 yilda tug‘ilgan). 2-tug‘ruq. 25 fevralda muddatidan avval 35 haftalik o‘g‘il jinsli chaqaloq tug‘gan. Chaqaloq vazni 1900 g, bo‘yi 42 sm. Tug‘ilgan chaqaloq tashxisi: Nafas buzilishi sindromi, nafas yetishmovchiligi og‘ir darajasi, tug‘ma yurak nuqsoni.

2. Onasi — M.M. (1994 yilda tug‘ilgan). 3-tug‘ruq. 25 fevralda muddatidan avval 38 haftalik qiz jinsli chaqaloq tug‘gan. Chaqaloq vazni 3160 g, bo‘yi 50 sm. Tug‘ilgan chaqaloq tashxisi: Homila ichi pnevmoniyasi, markaziy nerv tizimining perinatal zararlanishi, bosh miyaga qon quyilishi, DVS sindromi.

3. Onasi — N.E (1990 yilda tug‘ilgan). 4-tug‘ruq. 25 fevralda muddatidan avval 34 haftalik o‘g‘il jinsli chaqaloq tug‘gan. Chaqaloq vazni 2000 g, bo‘yi 43 sm. Tug‘ilgan chaqaloq tashxisi: Nafas buzilish sindromi, nafas yetishmovchiligi og‘ir darajasi.

4. Onasi — S.H. (2000 yilda tug‘ilgan). 1-tug‘ruq, 26 fevralda muddatidan avval 30 haftalik o‘g‘il jinsli chaqaloq tug‘gan. Chaqaloq vazni 1900 g, bo‘yi 39 sm. Tug‘ilgan chaqaloq tashxisi: Ko‘plab tug‘ma nuqson (tug‘ma ixtioz, tug‘ma yurak nuqsoni).

Shu kuni vafot etgan chaqaloqlarning 4 nafari o‘g‘il jinsli, biri qiz. Vafot etgan o‘g‘il chaqaloqlarning vazni bir xil. Yagona qizaloqning vazniyam, jussasiyam kattaroq.

Bizga tushuntirishlaricha, perinatal markazda nobud bo‘lgan chaqaloqlar doim o‘lim sababi aniqlanishi uchun sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazilishi, qo‘pol qilib aytganda — yorib ko‘rilishi kerak ekan.

Lekin chaqaloqning yorib ko‘rilishiga hamma ota-ona ham ko‘navermas ekan. Qarshilik qilishga vrachlarda kuch ham, vakolat ham yo‘q. Jumladan, G.K.ning dunyoga keltirilgan chaqalog‘i nobud bo‘lgach, yorib ko‘rish uchun o‘tkazilayotganida markazda janjal ko‘tarilgan. Alal-oqibat dalolatnoma tuzilib, chaqaloq murdasi egalariga berib yuborilgan.

Xullas, Samarqanddagi perinatal markazda yana tushunarsiz holat yuz bermoqda. Kimlarningdir e'tiborsizligi tufayli chaqaloqning jinsi ota-onasiga noto‘g‘ri yetkazilgani oqibatida mana shunday tushunmovchiliklar ro‘y berganmikan? Yoki shu kuni o‘lgan chaqaloqlarning to‘rt nafari o‘g‘il jinsli bo‘lgani, ularning jussalari va vazni qariyb bir xil bo‘lganidan, chindan ham murda almashib qolgandir?

Mana shunday tushunmovchiliklar bo‘y ko‘rsataverar ekan, nafaqat Samarqand, respublikamizdagi barcha perinatal markazlar va tug‘ruqxonalardagi jurnallarda tug‘ilgan chaqaloqlarning jinsini rus tilida «muj» va «jyen», ayniqsa «mal» o‘laroq qisqartirib qayd etilishiga ham chek qo‘yish vaqti kelmadimi?! Shuni o‘zbekchalab «o‘g‘il», «qiz» kabi yozish yoki «o‘g‘il/mujchina» va «qiz/jyenshchina» kabi to‘liq yozish tartibi joriy qilinishiga fursat yetgandir?

Nima bo‘lganda ham mazkur ishga huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘zining huquqiy bahosini beradi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan 2019 yil 4 iyun kuni Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 124-moddasi (Bolani almashtirib qo‘yish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Kun.uz mazkur voqea nima bilan tugashini kuzatib boradi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: