Raddiya: «Toshkent Farmatsevtika institutining sobiq rahbariyati 2,5 mlrd so‘mni o‘zlashtirib yuborgan» sarlavhali xabar bo‘yicha

Jamiyat 16:31 / 19.06.2019 4527

Joriy yilning 17 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev va jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Bosh prokuror o‘rinbosari E.Yo‘ldoshev tomonidan berilgan ma'lumotlarga asosan Kun.uz saytida «Toshkent Farmatsevtika institutining sobiq rahbariyati 2,5 mlrd so‘mni o‘zlashtirib yuborgan» sarlavhali xabar e'lon qilindi.

Ushbu xabardagi «A.N.Yunusxo‘jayev 2001 yildan 2017 yilgacha Toshkent farmatsevtika institutida rektor bo‘lib ishlagan» degan ma'lumot noto‘g‘ri berilgan bo‘lib, xabarning ushbu qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«A.N.Yunusxo‘jayev 2001 yildan 2016 yilgacha Toshkent farmatsevtika institutida rektor bo‘lib ishlagan».

Shuningdek, xabarda ta'kidlangan «Toshkent farmatsevtika institutida rektor bo‘lib ishlagan Ahmad Yunusxo‘jayev 2018 yilning fevralida qo‘lga olingan»i to‘g‘risidagi ma'lumot noto‘g‘ri berilgan. Shu munosabat bilan, xabarning tegishli joylariga tuzatishlar kiritildi.

Ushbu raddiya Toshkent farmatsevtika instituti xodimlarining tahririyatga yo‘llagan e'tiroziga asosan berilmoqda.

Ta'kidlash joizki, e'tirozda A.Yunusxo‘jayev va boshqalarning jinoyat sodir etganliklarini inkor etuvchi vajlar keltirilmagan. Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2018 yil 19 oktyabrdagi hukmi bilan A.Yunusxo‘jayev JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 184-1-moddasi 2-qismi, 205-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan turli jazo choralari (jarima hamda muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llangan. Shuningdek, xuddi shu sud hukmi bilan S.Aliyev hamda X.Zaynutdinov ham tegishli moddalar bilan aybdor deya topilib, jazo tayinlangan.

Ko‘proq yangiliklar: