«O‘zcharmsanoat» poyabzal importi boji bo‘yicha yangi taklif tayyorladi. Iqtisodchi bu loyihani «barchani qashshoqlashtiruvchi bojlar» deb atadi

Iqtisodiyot 10:40 / 19.06.2019 13827

«O‘zcharmsanoat» uyushmasi jamoatchilik va ekspertlarni tanqidlaridan so‘ng poyabzallarga import bojlarini oshirish to‘g‘risidagi Prezident farmoni loyihasi uchun yangi taklif taqdim etdi.

Regulation.gov.uz saytiga qo‘yilgan dastlabki qaror loyihasida «O‘zcharmsanoat» import qilingan poyabzallarga bojxona boji stavkasini 1 iyuldan boshlab 30 foizgacha oshirishni va ikki juft poyabzal uchun 1,5 dollardan 5 dollargacha minimal chegirmani taklif qilgandi.

Endi esa uyushma faqat erkaklar poyabzali uchun 20 foizlik stavka belgilashni taklif qilmoqda (avval barcha poyabzallar uchun tavsiya etilgandi), minimal chegara esa 3 dollar etib belgilanmoqda.

«Bolalar va ayollar poyabzallari bozorining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, boj stavkasi o‘zgarishsiz qolishi mumkin», — deyiladi xabarda.

«O‘zcharmsanoat» uyushmasi saytida 15 iyun kuni nashr qilingan xabarda qaror loyihasi himoya qilingan.

«Bugungi kunda poyabzal mahsulotlari uchun Pokistonda 25 foiz, Turkiyada 30-50 foiz, Vetnamda 10-20 foiz, poyabzal sanoati rivojlangan va mahsulotlari butun dunyo bo‘ylab sotilayotgan Xitoyda esa 100 foiz import boji o‘rnatilgan», – deyiladi unda.

Tadbirkor Zafar Hoshimov Facebook’dagi sahifasida import oyoq kiyimlarga boj to‘lovi miqdorining oshirilishi haqidagi taklifga munosabat bildirdi.

«Agar ushbu o‘zgartirishlar sohaga joriy qilinsa, sifatli mahsulot kurerlik xizmatlari orqali onlayn buyurtmalar, kontrabanda va qora bozorga o‘tishini taxmin qilish qiyin emas. Va sifatli oyoq kiyim uchun narxlar ko‘tarilib ketadi. Shuningdek, iste'molchi uchun tanlov imkoniyati sezilarli darajada qisqaradi. Bundan manfaat ko‘radiganlar esa mahalliy oyoq kiyim ishlab chiqaruvchilari emas, balki kontrabanda bilan shug‘ullanuvchilar bo‘ladi. Ushbu holat bojxona, soliq va huquq-tartibot organlarida ham korrupsiya rivojlanishiga zamin yaratadi. Bu esa shubhasiz, davlat budjetiga ham katta zarar yetkazadi», — deb yozadi tadbirkor.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov ham Facebook sahifasida bu loyihaga munosabat bildirdi.

«Birinchidan, Xitoy Jahon savdo tashkilotining (JST) a'zosi, bu degani unga a'zo davlatlar uchun boj tariflari o‘rtacha nolga teng. Ikkinchidan, JSTga a'zo bo‘lmagan davlatlar uchun ham poyabzal boji atigi 12 foiz. Bundan tashqari Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra 2017 yilda Xitoyda o‘rtacha boj 3,7 foiz bo‘lgan. Bu savdo urushini inobatga olganda», – deydi u.

«O‘zcharmsanoat»ning tahrirlangan loyihasi ham tanqidga uchradi.

«O‘zcharmsanoat» o‘zini «himoya» qilish uchun, barchamizni qashshoqlashtiruvchi bojlarni qabul qilmoqchi. Endi erkaklar oyoq kiyimiga bojlar 20 foiz tashkil etarkan. Bojlar, bu xalqning cho‘ntagidan olinadigan mablag‘.

Menga shunday qonunlarni xalqqa «eksportni oshirish uchun» deb sotishi kulgili tuyiladi. Chunki qarang, bizni ishlab chiqaruvchimiz chet ellik raqobatchisi bilan, o‘zimizda, o‘z vatanida kurasha olmasdan, davlatdan «himoya» talab qilar ekan. Chet elliklar esa shuncha olib kelish xarajatlarini va soliqlarni to‘lab ham mahalliy ishlab chiqaruvchidan arzon sotishyapti ekan (agar bunday bo‘lmaganida boj kerakmas bo‘lar edi).

Endi qanday mo‘jiza bo‘lishi kerakki, bizning ishlab chiqaruvchi chet elga olib borish xarajatini, chet el bojini to‘lab ularda raqobatbardosh bo‘la oladi? O‘zida raqobatbardosh bo‘la olmasa? Javob: bunday hodisa hech qachon bo‘lmaydi. Uning ustiga, «himoya» bizning ishlab chiqaruvchilarimiz uchun kelajakdagi rag‘batlarni olib qo‘yadi. Agar foyda olish uchun, mahalliy tadbirkorlarimiz chet ellik ishlab chiqaruvchidan yaxshiroq, arzonroq, sifatliroq chiqarishga harakat qilib kelgan bo‘lsalar, endilikda, bojlarni oshirish bilan shug‘ullanadilar. Chunki, yaxshi ishlash bu mashaqqat, bojlarni oshirish esa nisbatan oson. Eksport, investitsiya, innovatsion rivojlanish kabi «modniy» so‘zlarni ishlatasiz-da, qarabsanki himoya tayyor.  

O‘zining mahallasida hammadan kaltak yegan bola, jahon chempionatini yutolmasa kerak, to‘g‘rimi? Endi tasavvur qiling, mahallasida hech kim bilan kurashish mumkinmas qilib qo‘yishdi, yoki bo‘lmasa temir qasqon kiydirib kurashishga yo‘l qo‘yishdi. Ertaga qasqon yechilsa, kaltak yeyishi aniqku? 

Endi menga, «katta bo‘lib olsin, keyin yutadi» degan gapni gapirishingiz tabiiy. Lekin bir o‘ylab ko‘ringchi, agar rostdan ham bizni poyabzalchilarimiz katta bo‘lishi bilan raqobatbardosh bo‘lishi kafolatlanganida, unda mablag‘ topish muammo emas-ku? Kerak bo‘lsa chet elliklar o‘zi pul tikardi, agar kelajakda foyda olishini bilishsa. Bozor pul tikmayaptimi? Demak, bu narsaning kelajagi siz o‘ylaganchalik porloq emas», deya yozadi «Iqtisodchi Kundaligi» telegram kanali muallifi. 

Ko‘proq yangiliklar: