Bugun, 19 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari va jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
«Majburiy ijro byurosi tizimida hozirda 13764 nafar xodim ishlaydi. O‘tgan 2 yil mobaynida ish hajmi ko‘pligi va kasbga og‘ir mas'uliyat yuklangani sabab 5841 nafar fuqaro ishdan bo‘shagan. Shundan 4819 nafari o‘z arizasiga binoan ishdan ketgan», - dedi MIB direktori o‘rinbosari Sodiqjon Berdialiyev bugungi o‘tkazilgan uchrashuvda.
Shu bilan birga, ayrim ijro xodimlari muomala madaniyati haqida berilgan tanqidiy savollarga o‘z javobini berib o‘tdi.
«MIB tashkil etilganida 1 oy muddat ichida 14 ming nafar xodimlar jamoasiga ega tashkilotni shakllantirdik. Byuro xodimlarining aksariyati yosh va tajribasiz mutaxassislardan iborat.
Tan olish kerak, ba'zi xodimlarimizda muomala madaniyati yetishmaydi. Ularga o‘z vaqtida mehnat qonunchiligi bo‘yicha intizomiy chora ko‘rilmoqda, ba'zan ulardan voz kechishimizga ham to‘g‘ri kelmoqda.
Achchiq gapni aytaman, o‘sha xulqi yaxshi bo‘lmagan mutaxassislar ham o‘zimizning farzandlar. Bu ishchilar tizimga chet eldan kelib qolmagan. Demak, oilada shunday tarbiya ko‘rishgan. Shu bilan birga bu xalqimizda odob-axloq qoidalarini o‘rgatish susayib ketganini ham anglatadi.
Ikkinchi tomondan bizning ishimiz pul undirish bilan bog‘liq. Bunday vaziyatlarda jarayon ko‘pincha tortishuvlar bilan o‘tadi. Buni ham hisobga olishimiz kerak. Ba'zan ish hajmi ko‘pligi ham ularga salbiy ta'sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Lekin biz doim tizimimizni bunday xodimlardan tozalashga yoki ularga chora ko‘rishga harakat qilamiz», - dedi MIB bo‘lim boshlig‘i Nasimxon Burxanov.