O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan belgilangan QQS imtiyozlari bekor qilinmoqda

Iqtisodiyot 12:40 / 18.06.2019 15925

O‘zbekiston Prezidentining «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi. 

Loyihaga muvofiq, joriy yil 1 oktyabrdan boshlab xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi .

2019 yil yanvar oyidan avgust oyigacha 1 milliard so‘mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi mo‘ljallangan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari aylanishi kutilmoqda va belgilangan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shartligi taklif qilindi. 

Bunda, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegara darajasiga yetgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadi.

Paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019 yil hosilidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin. Bunda, ularga 2019 yildagi paxta xomashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan va 2018 yilning 1 oktyabridan keyin haqiqatda olingan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish to‘g‘risida xabarnoma berish asosida, ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash huquqi berilsin.

Ko‘proq yangiliklar: