Endi maqsadli qabulga topshirish uchun o‘sha hududning diplomi talab etilmaydi

Jamiyat 16:40 / 18.06.2019 9776

Yangi o‘quv yilidan maqsadli qabulga hujjat topshirish uchun faqat abituriyent mansub bo‘lgan hududning diplomi talab qilinishi bo‘yicha taqiq butunlay bekor bo‘ldi. Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev telegramdagi kanalida bu borada izoh berdi.

«2017 yildan boshlab tibbiyot yo‘nalishlarida, keyinchalik agrar va qishloq xo‘jalishi yo‘nalishida ham maqsadli qabul asosida davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilish boshlangan edi.

Ilgari qoida bo‘yicha, maqsadli qabulga topshirish uchun faqat o‘sha hududdagi kollej-litseyda o‘qigan bo‘lishi kerak edi. Ya'ni navoiylik abituriyent Navoiy viloyatiga ajratilgan maqsadli qabul uchun da'vogarlik qilmoqchi bo‘lsa, u albatta kollej yoki litseyni Navoiyda tugatgan bo‘lishi shart edi. Bunday taqiq birmuncha kulgili cheklovlarni keltirib chiqarar edi. Masalan, andijonlik abituriyent Farg‘ona tibbiyot kollejida o‘qigan bo‘lsa, unda u na Andijon bo‘yicha, na Farg‘ona bo‘yicha maqsadli qabulga topshira olar edi. Bunday vaziyatda abituriyent shunchaki tibbiyot yo‘nalishida davlat grantida o‘qish huquqidan avtomatik mahrum bo‘lib qolar, faqat kontraktga da'vogarlik qila olar edi.

Nihoyat 27.04.2019 yildagi Vazirlar Mahkamasining 360-sonli qarori bilan maqsadli qabulga qo‘yilgan ushbu taqiq butunlay bekor bo‘ldi.

Bu nima degani?

Endilikda muayyan hududda doimiy yashaydigan (pasportdagi ma'lumot bo‘yicha) istalgan abituriyentlar, ular qaysi hududda tahsil olganidan qat'i nazar, maqsadli qabulga da'vogarlik qila oladi. Masalan, andijonlik abituriyent Farg‘onada o‘qiganmi, Toshkentda o‘qiganmi, Samarqandda o‘qiganmi, farqi yo‘q, endi u Andijon uchun ajratilgan maqsadli qabulga topshira oladi.

Demak, bunday buyon davlat grantiga kirish uchun barchada birdek imkoniyat paydo bo‘ladi», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: