Chorsu bozori buzilishidan qolgan asoratlar. Tadbirkorlar va hokimlik o‘rtasidagi kompensatsiya masalasi haqida

Jamiyat 17:10 / 18.06.2019 19896

Bugungi kunda bozorlar qiyofasini tubdan yangilash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ular qayta ta'mirlanib, zamonaviy qiyofaga keltirilmoqda. Chorsu bozori hududidagi obektlar qiyofasini yangilash va o‘zgartirish maqsadida ko‘plab buzilish ishlari bir necha yil oldin ham olib borilgan edi.

Kun.uz tahririyatiga bir guruh tadbirkorlar tomonidan yo‘llangan, ayni ushbu bozordagi buzilishdan keyin yuzaga kelgan muammolar bayon etilgan murojaat kelib tushdi. Murojaatning mazmuni esa so‘ngi vaqtlarda «urf»ga aylangan mavzu - davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olingan obektlar uchun kompensatsiya to‘lanmagani masalasi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Murojaatni o‘rganish uchun Chorsu bozorida bo‘lib, tadbirkorlar bilan suhbatlashdik. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimining 2016 yildagi «Yer maydonlarida obodonlashtirish va buzish ishlari olib borish haqida» 757-sonli qaroriga asosan «Chorsu buyum bozori» AJ hududida joylashgan 35ta ko‘chmas mulk ob'ektlari buzilgan (asosan do‘kon va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari). Bir oz vaqt o‘tib Toshkent shahar hokimining 2017 yildagi 366-sonli qaroriga asosan Shayxontohur tumani, Navoiy va Beruniy ko‘chalari hamda «Chorsu buyum bozori» AJ hududi oralig‘ida joylashgan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bino va inshootlarni buzish hisobiga, avtoturargohlar tashkil etish sharti bilan, zamonaviy savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualarini kompleks qurishga ruxsat berildi.

Mazkur qarorga asosan maqolamizda ta'kidlangan tadbirkorlar «Chorsu majmuasi» MChJni tashkil qilib, qurilish ishlarini boshlab yuborishadi. Ammo Toshkent shahar hokimining 2018 yildagi 1835-sonli yangi qarori bilan 2017 yildagi 2018 yildagi 366-sonli qarori bekor qilinadi. Tadbirkorlarga esa savdo majmuasini qurish uchun Olmazor tumani, Zarqaynar ko‘chasi bo‘yidan 0,90 ga er maydoni ajratib beriladi.

«Murojaat yo‘llashdan maqsad yangi joyda qurilish ishlarini boshlashimiz, oyoqqa turib olishimiz uchun, dastlab berilgan joydagi qurilish ishlariga sarflagan xarajatlarimiz qoplab berilishini so‘raymiz. Bormagan joyimiz qolmadi, tuman hokimi bizni qabul qilmayapti. Lekin shaxsan o‘zlari ko‘rgan, zararimiz qoplab berilishiga va'da bergan edilar», - deydi tadbirkorlar.

Shundan so‘ng tadbirkorlarga dastlab berilib, keyin olingan joyni ko‘zdan kechirdik. Bundan tashqari, qurilish boshlangan vaqtdagi saqlab qo‘yilgan fotolar va videomateriallar bilan tanishdik.

«Ehtiyot shart qilgan ishlarimizni rasm va videoga muhrlab qo‘ygandik», deydi tadbirkorlardan biri.

Ushbu masala yuzasidan Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining izohi esa quyidagicha bo‘ldi: «Chorsu Majmuasi» MChJ unga dastlab ajratilgan joyda qurilish ishlarini boshlash uchun 7,9 mlrd. so‘m mablag‘ sarflagani va mazkur mablag‘ni qoplash bo‘yicha murojaati Toshkent shahar hokimligining maxsus komissiyasi vakillari ishtirokida o‘rganib chiqilishi belgilandi.

Buning uchun esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 sentyabrdagi 395-sonli qarori 2-ilovasi 44-bandiga asosan «Chorsu Majmuasi» MChJ qurilish ishlarini boshlash uchun sarflangan 7,9 mlrd. so‘m mablag‘ qanday ishlar va materiallar uchun ishlatilganini fakt va dalillar asosida ko‘rsatib berishi kerak. Bu borada taqdim etilgan hujjatlar va bajarilgan ish atroflicha o‘rganilgach, «Chorsu Majmuasi» MChJning murojaati asosli deb topilsa, unga dastlab ajratilgan joyda qurilish ishlarini boshlash uchun sarflangan 7,9 mlrd. so‘m budjet mablag‘lari hisobidan undirib beriladi».

Tadbirkorlardan bir esa ushbu holatga «aslida biz sarflagan mablag‘ bundan ko‘proq. Do‘konlarimizni o‘z kuchimiz bilan buzganmiz, 7,9 mlrd. so‘mning ichiga buzish xarajatlari kiritilmagan. Biz ko‘p ishni shaxsiy pullarimizga qilganmiz, o‘zimiz hisoblatdik, lekin buni hokimlik tan olishni istamayapti. Bizga ishonishmasa, mayli o‘zlari kelib hisoblatishsin. Biz qancha hisoblab chiqarib berishsa rozimiz. Afsuski, dardimizni hech kim eshitmayapti. Hokim ham, o‘rinbosarlari ham ko‘rishishni hohlashmayapti. Yerdan suv chiqib ketgani sababli drenaj ishlarini qilganmiz. Bunga juda ko‘p mablag‘ ketgan. Biz hamma qurilish ishlarini loyiha asosida qilgan edik. Hech bo‘lmasa loyiha asosida hisoblab berishsin. Qancha hisoblab berishsa biz rozimiz», deydi tadbirkorlardan biri Sezgin Yo‘rdaqul.

Umid qilamizki, Toshkent shahar hokimligi hamda ushbu ishga mas'ul mansabdor shaxslar tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning dardini eshitadi hamda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammoni adolatli hal etishadi.

Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: