Abituriyent-2019. Harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun qanday yangiliklar bo‘ldi?

O‘zbekiston 14:10 / 18.06.2019 64079

O‘zbekiston Prezidentining 2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi qarori bilan harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun alohida kvota ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev telegramdagi kanalida bu borada izoh bergan.

Xabaringiz bor, uzoq yillardan buyon harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun test sinovlarida maxsus imtiyoz tizimi qo‘llanilar edi.

Unga ko‘ra, harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlarga 2006-2011 yillar mobaynida maksimal ballning 25 foizi (56,7 ball), 2012-2016 yillarda maksimal ballning 27 foizi (61,2 ball), 2017-2018 yillarda o‘zi to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida imtiyoz qo‘llandi. Buning natijasida qizlar yoki tavsiyanoma olmagan abituriyentlarning huquqlari o‘z-o‘zidan cheklanar edi.

O‘tgan yili sentabr oyida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduxakimov harbiy imtiyoz masalasi qayta ko‘rib chiqilishini va'da qilgandi.

Shundan so‘ng, 2019 yilgi Davlat dasturida harbiy tavsiyanomaga ega shaxslar o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov uchun alohida kvotalar ajratish tartibi joriy etilishi belgilandi, bu haqida maxsus qaror loyihasi ham ishlab chiqildi, va nihoyat rasman tasdiqlandi ham.

Endi nima bo‘ladi?

1) harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun alohida 5 foizlik kvota belgilandi. Endi tavsiyanomaga ega abituriyentlar eng avvalo o‘sha kvota doirasida o‘zaro bellashadi, o‘zgalarga xalaqit qilmaydi. Masalan, Toshkent tibbiyot akademiyasida 66ta o‘rin ajratilgan, shundan 25tasi grant, 41tasi kontrakt (bu umumiy raqam, yo‘nalishlarga hali ajratilmagan).

TTAga jami 200 nafar harbiy tavsiyanoma olganlar topshirdi, deylik. Ana shu 200 nafar abituriyentning to‘plagan ballari avval alohida ajratib olinadi va ular orasida eng yuqori ball to‘plagan dastlabki 25 kishi grantga, keyingi 41 nafar kishi kontraktga kiradi.

2) ushbu 200 nafar abituriyent orasidan 66ta maxsus kvotaga kira olmay qolganlar nima bo‘ladi? Ular keyin umumiy tanlovga qo‘shiladi, ya'ni tavsiyanomasi yo‘qlar bilan kurashadi, agar balli yetarli bo‘lsa, talaba bo‘ladi, ya'ni 66talik joy to‘lib qolgani uchun kuyib qolmaydi;

3) bu tizimning yaxshi tomoni endi hech kimga qo‘shimcha ball berilmaydi, hamma o‘z bilimi yetgan ballni to‘playdi. Bu degani endilikda maksimal balldan yuqori to‘plash holatlari hech qachon kuzatilmaydi. Masalan, o‘tgan yili maksimal ball 189 bo‘lsa ham, Yuridik universitetda harbiylar hisobiga budjetning oxirgi balli 223,5 bo‘lgandi.

4) bu tizimning harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun ham foydali tomonlari bor.

Birinchidan, bilamizki, tavsiyanomaga ega shaxslarning barchasi ham yuqori ball olavermaydi. Shuning uchun endi ular kamroq ball olib ham budjetga yoki kontraktga kirishi mumkin.

Tushuntiraman: masalan, TTAda oddiy abituriyentlar guruhida grant – 165, kontrakt – 148 ball bo‘ldi deylik. Yuqorida aytilganidek, harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun dastlab alohida tanlov bo‘ladi. 200 harbiyning natijalari sarhisob qilinganda, dastlabki 25 kishining balli past chiqdi, masalan, 130 ball. Demak, harbiylar 130 ball bilan grantga qabul qilinadi. Kontraktda ham xuddi shunday holat kuzatiladi.

Ikkinchidan, ilgari tavsiyanoma faqat test sinovlari uchun o‘tar edi, ijodiy imtihonlarga imtiyoz bermasdi. Yangi tizimda esa maxsus kvota ijodiy imtihon talab etiladigan OTMlarga ham berildi, masalan, Konservatoriya, San'at va madaniyat instituti, Xoreografiya va h.k. Bu degani, endilikda tavsiyanoma olganlar mana shu yo‘nalishda ham imtiyozga ega bo‘lishmoqda.

Umuman olganda six ham, kabob ham kuymaydigan tizim bo‘libdi.

Harbiylar uchun 5 foizlik kvota barcha OTMlarda ham yo‘q. Quyida qaysi OTMlarga tavsiyanomasi borlar uchun qancha kvota ajratilganini ko‘rishingiz mumkin:

1) Harbiy tavsiyanomalarga ega bo‘lganlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha alohida besh foizli qabul ko‘rsatkichlari

Barcha OTM va barcha yo‘nalishlar kesimida

Jami 4 008 o‘rin
Budjet: 908
Kontrakt: 3100

 

2) Harbiy tavsiyanomalarga ega bo‘lganlar uchun bakalavriatning sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha alohida besh foizli qabul ko‘rsatkichlari

Barcha OTM va barcha yo‘nalishlar kesimida

Jami 908 o‘rin
Budjet: 0
Kontrakt: 908

3) Harbiy tavsiyanomalarga ega bo‘lganlar uchun bakalavriatning kechki ta'lim shakli bo‘yicha alohida besh foizli qabul ko‘rsatkichlari

Barcha OTM va barcha yo‘nalishlar kesimida

Jami 99 o‘rin
Budjet: 0
Kontrakt: 99

P.S.: lekin bir tushunarsiz bir holat bor. Ehtimollar nazariyasiga ko‘ra, tavsiyanomasi bor abituriyent, alohida ajratib olingan kvota doirasida kontraktga tavsiya etilsa-yu, lekin uning balli umumiy guruhda budjetga yetarli bo‘lsa, unda bu masala qanday hal etiladi? Bu unga nisbatan adolatsizlik bo‘lib qolmaydimi? Balki buning javobi allaqachon mutasaddilarda bordir, kim bilsin.

Ko‘proq yangiliklar: