Harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lganlar uchun respublika bo‘yicha jami 9745 ta qo‘shimcha kvota ajratildi. Bu haqda Bilimlarni baholash agentligi ma’lum qildi. Unga ko‘ra, kvota ta’lim shakllari kesimida quyidagicha taqsimlanadi:
• kunduzgi — 6 400 ta (davlat granti - 1 742 ta, to‘lov-kontrakt - 4 658);
• sirtqi — 2 606 ta (to‘lov-kontrakt);
• kechki — 458 ta (to‘lov-kontrakt);
• masofaviy — 281 ta (to‘lov-kontrakt).
Bu kvota harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlarning faqat birinchi yo‘nalishiga amal qiladi. Shuni ham inobatga olish kerak, imtiyozli kvota yo‘nalishlar kesimida emas, OTM kesimida hisoblanadi. Tavsiyanoma abituriyentga qo‘shimcha ball bermaydi. Imtiyozdan foydalanishda abituriyent grant uchun kamida 68 ball, kontrakt uchun kamida 56,7 ball to‘plagan bo‘lishi kerak. Undan kamroq ball olganlarga bu imtiyoz qo‘llanmaydi.
Tavsiyanomali abituriyent o‘ziga o‘xshagan tavsiyanomalilar bilan saralashda ishtirok etadi. Agar saralashdan o‘tolmasa, o‘zi to‘plagan balli bo‘yicha umumiy tartibda barcha bilan bellashadi. Balli yetsa, grant yoki kontraktda o‘qishi mumkin.