Sof erkin bozor yaxshimi yoki davlat boshqaruvidagi iqtisodiyot: Mutaxassis nima deydi?

Iqtisodiyot 15:30 / 17.06.2019 25198

Ikki yildirki, O‘zbekistonning iqtisodiyotni erkinlashtirish borasidagi islohotlari butun dunyo matbuoti e'tiborida turibdi.

Kechikib bo‘lsa-da «o‘zbek modeli»ning ishlamasligi tushunib yetilgani, rivojlanish faqat erkin bozor munosabatlari orqali bo‘lishi e'tirof etilgani albatta quvonarli hol. O‘zgarishlarni kuzatib, O‘zbekistonning yangi iqtisodiy siyosatini anglash mushkulmas: investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiy faoliyatga erkinlik berish, valuta va narx siyosatini liberallashtirish, xususiylashtirish va iqtisoddagi davlatning rolini qisqartirish.  

Ammo kishini taajjubga solib turgani – eski tuzumning qoldiqlari hanuz saqlanib qolayotgani va islohotlar samarasiga jiddiy zarar yetkazayotgani.

Modomiki erkin bozor munosabatlari orqali taraqqiyotga erishish yo‘lida qadam tashlayotgan ekanmiz, nega iqtisodiy erkinlikni yo‘qqa chiqarayotgan byurokratik aralashuvlardan hali ham voz kechmayapmiz, nega xalq emas, balki shaxslar manfaatiga xizmat qilayotgan davlat monopoliyalari hamon o‘zgarishsiz qolyapti va aksariyat qarorlar iqtisodiy erkinlikni ko‘zlasa-da, nega ularning amaliyotdagi ijrosi qo‘pol ravishda buzilyapti yoki ijrosi ba'zi toifalarning manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lib qolyapti?

Ko‘plab iqtisodchilar bizdagi muammolarning asosiy sababi davlatning iqtisodga uzluksiz aralashuvi ekanligini ta'kidlab kelishyapti. Ya'ni, davlat bozor munosabatlari ishlab ketishi uchun bunga to‘sqinlik qiluvchi turli monopolistik harakatlardan voz kechishi lozimligini,  narxni belgilashni erkin bozorga qo‘yib berilsagina bizga kerakli bozor munosabatlari shakllana olishini bot-bot ta'kidlashmoqda.  

Ammo shu joyda bir jihatga urg‘u berishni lozim deb bildim. Davlatning bozor munosabatlariga aralashuvi ko‘p holatlarda nafaqat iqtisodiy samarasizlik va erkinliklarning to‘silishiga, balki korrupsiyaga ham yo‘l ochishi aniq. Ammo, vaziyatni tahlil qiladigan bo‘lsak, erkin bozor munosabatlari endigina shakllanayotgan O‘zbekistondagi fundamental muammo davlatning iqtisodga aralashuvi emas, balki qanday davlat iqtisodga aralashayotganida. Ya'ni asl muammo erkin bozor munosabatlari shakllanishi uchun muhim bo‘lgan omillarni vujudga keltiradigan sifatli davlat va samarali boshqaruvni shakllantirishda.

Keling, endi mazkur masalani batafsilroq tahlil qilishga harakat qilamiz.

Davlat va iqtisod

«Iqtisodiy munosabatlarni shakllantirishda davlatning roli muhimmi yoki bozorning?», degan savol siyosiy iqtisodning fundamental masalalaridan biri. Erkin bozor iqtisodining ashaddiy yoqlovchilari bo‘lmish neoklassiklar «davlat» tushunchasini har doim samarasizlik va korrupsiya bilan bog‘lashadi. Ularning nazdida davlatning bozorga har qanday aralashuvi (bozorni tartibga solish, qonun-qoidalarni belgilash va hokazo) uning samarali ishlashiga zarar yetkazadi. Bu samarasizlikdan qutilishning oson yo‘li esa butun iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishni bozor qatnashuvchilari izmiga topshirib, davlat faqatgina hakamlik vazifasini bajarishi kerak.

Biroq bozor munosabatlariga o‘tgan davlatlarning tajribasini o‘rganadigan bo‘lsak, bozor munosabatlariga o‘tish jarayoni ular da'vo qilganidek «davlatdan voz kechish» bilan hal bo‘lmagani, balki aksincha, davlat bu o‘tish bosqichining muhim qismi bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Xo‘sh, davlat bozor munosabatlarining shakllanishi uchun nega muhim?

Davlatning roli

1. Davlat boshqaruvi va bozor munosabatlari   

Mashhur sotsiolog Veber bozor munosabatlarining ishlashi uchun albatta zamonaviy davlatchilik va mustahkam boshqaruv bo‘lishi lozimligini ta'kidlaydi. Veber masalani tushuntirish uchun davlat boshqaruvi yoki hokimiyatning qonuniyligi (legitimacy) masalasiga murojaat qiladi, davlat kuchini qo‘llashda 3 xil usulni bahs etadi: huquqiy-mantiqiy (legal-rational), patrimonial va xarizmatik. Unga ko‘ra, haqiqiy bozor munosabatlari faqatgina huquqiy-mantiqiy boshqaruvga asoslangan davlatdagina vujudga keladi. Bunday davlatda boshqaruv aniq belgilab qo‘yilgan va qat'iy qonunlar asosidagina shakllanadi. Ya'ni davlat idoralarining barcha xatti-harakatlari qonunga asoslanib, uning xaqqoniy ijrosi davlat ishchilarini shaxsiy manfaatni xalq manfaatidan ustun qo‘yishdan tiyib turadi, fuqarolik institutlari bunda davlat va jamiyatga yordam beradi. Ijro etuvchi hokimiyat qonun chiqaruvchi hokimiyatdan ajralgan va ular vakolatlari qonunlar doirasida chegaralangan bo‘ladi. Bunday davlatda «qonun hamma uchun barobar» bo‘lib, mulk huquqi himoyasi davlat tomonidan qat'iy ta'minlanadi va uni himoya qiladigan mustaqil sud hokimiyati mavjud bo‘ladi.

Ikkinchi turdagi, patrimonial yoki uning zamonaviy ko‘rinishi bo‘lmish neopatrimonial boshqaruvga asoslangan davlatning kuchi esa faqat avtoritar hukmdor yoki bir toifa shaxslarning o‘zboshimcha xohishiga bog‘liq bo‘ladi. Bunday davlatda boshqaruv qat'iy qonunlar, universal prinsiplar asosida emas, balki shaxsiy aloqalar va hukmron qatlamga sadoqatlilikka asoslanadi, qonun ustuvorligi prinsipi ma'lum manfaatlarga bo‘ysundiriladi. Qonuniylikning ustuni bo‘lishi kerak bo‘lgan sud tizimi esa ijro hokimiyatiga sodiq bo‘ladi va undan mustaqil faoliyat yurita olmaydi. Iqtisodiy masalalar shaxs huquqlarining ajralmas qismi emas, balki hukmdor hokimiyatining xohishi doirasidagi bir masala sifatida ko‘riladi.

Uchinchi turi – xarizmatik. Bu tur asosiy mavzuga kirmasligi uchun uni bu yerda yoritmaymiz.

Demak, yuqoridagi huquqiy-mantiqiy jamiyatdan farqli o‘laroq bunday patrimonial/neopatrimonial jamiyatda shaxsning iqtisodiy erkinligi va mulkining himoyasi og‘ir ahvolda qoladi, bozor iqtisodining rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan erkin iqtisodiy munosabatlar zavolga uchraydi.  

2. Bozor munosabatlari shakllanishi uchun muhim bo‘lgan institutlar

Kapitalizmning vujudga kelishida davlat boshqaruvi muhimligini keyinchalik iqtisoddagi «institutsional» yo‘nalish ham ma'qullab chiqdi. Institutsional yo‘nalish otasi bo‘lmish Nobel mukofoti sovrindori Doglaz Norz bozor munosabatlarining haqqoniy shakllanishi va ishlashi uchun ma'lum institutlarning zaruratini ko‘rsatib berdi. Xo‘sh, bu institutlar nimalar?

Xususiy mulk, shartnomalar ijrosi va odil sud tizimi

Institut deganda jamiyatdagi noaniqlikni kamaytiradigan hamda insonlar xatti-harakatini tartibga soladigan turli norma va qonun-qoidalarni tushunamiz. Oddiygina chorrahadagi svetofor yo‘lda harakatlanadigan barchaning xatti-harakatini tartibga solib turadi – qizilda to‘xtaysiz, yashilda yurasiz. Yo‘l harakatiga o‘xshab, bozor munosabatlarini ham tartibga soluvchi muhim institutlar mavjud. Shulardan biri mulk huquqi hisoblanadi.

Mulk huquqi nafaqat bozor munosabatlarining asosi, balki iqtisodiy rivojlanish uchun ham muhim omildir. Umumiy ma'noda mulk huquqi deganda ma'lum shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan moddiy ne'matdan hech qanday to‘siqlarsiz o‘z xohishicha tasarruf qila olishi tushuniladi.

Mulk egasi qachonki mulkining jamiyatning boshqa a'zolari tajovuzidan omonda va uning himoyasi davlat qaramog‘ida ekanligiga ishonch hosil qilsa u o‘z mulkini qo‘shimcha qiymat yaratishga ishlatadi. Shuningdek, mulk egasi o‘z mulkidan qo‘shimcha qiymat yaratishda turli shartnomalar tuzar ekan, ularning ijro etilishini ta'minlaydigan va nizolar vujudga kelganda ularni betaraf hal qila oladigan odil sud mavjudligiga ishonch hosil qilishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, qonunlarning betaraf tatbiq etilishiga ishonch bo‘lmagan jamiyatdagi mulk aslida qo‘shimcha qiymat yaratish jihatidan «o‘lik» mulk hisoblanadi. Mulkimizdan erkin foydalana olmasak, uning kafolati evaziga bankdan kredit olib erkin tadbirkorlik qila olmasak, bu mulkdan bizga va jamiyatga naf yo‘q. Demak, mulk turli shartnomalar orqali qiymat yaratishi uchun dastavval davlat jamiyat manfaatidan kelib chiqqan holda huquqiy muhit shakllantirishi, turli mulk shakllarini belgilashi va uni muhofaza qiladigan betaraf va odil sud tizimini yaratishi zarur. Va, eng muhimi, o‘zgalar mulkini tortib olish kuchiga ega bo‘lgan davlatning xatti-harakatlari albatta qonun doirasida chegaralanishi shart.

3. Bozor munosabatlari va xayoliy kapital

Yuqoridagi institutlardan tashqari, davlatning bozor munosabatlarini shakllantirishda boshqa muhim vazifalari ham mavjud. Angliyada erkin bozorning (laissez faire) kelib chiqishi tarixini muhokama qilarkan, mashhur iqtisodiyot tarixchisi Polani «agar davlat bo‘lmaganida, bozor iqtisodiyoti ham bo‘lmas edi», deydi ishonch bilan. Uning fikricha, erkin iqtisodiyotning o‘z-o‘zidan hech qanday davlat aralashuvisiz vujudga kelishi bu – mifologiya. Nima uchun? Sababi shuki, agarda quyidagi 3ta xayoliy kapital (fictitious) – yer, ishchi kuchi va pul bo‘lmasa hech qachon bozor munosabatlari vujudga kelmaydi. Bularning har biri davlatning bozor munosabatini yo‘lga qo‘yuvchi muhim bir vazifasini aks ettiradi. Davlat yer ta'minotini tartiblash bilan birga unga kim egalik qilishini ham belgilab beradi. Mehnat huquqlarini tartibga solish vositasida ishchi va ish beruvchi munosabatlarini ma'yorlaydi, pul muomalasini qoidalab, iqtisodning yurishini belgilaydi.    

Davlat kuchi: zaiflik va kuchlilik

Iqtisodiy rivojlanishga olib keladigan bozor munosabatlari uchun davlatning roli muhim ekan, nega unda mustaqilligini ancha oldin qo‘lga kiritgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining ayrim davlatlari hamon qashshoqlikdan chiqib keta olishmayapti?

Muammo shundaki, bozor munosabatlari uchun muhim bo‘lgan bu institutlarni shakllantirish kuchi va imkoniyati hamma davlatlarda ham mavjud emas. Xo‘sh, qanday kuchga ega bo‘lgan davlat buning uddasidan chiqa oladi? Davlatning imkoniyati deganda uning samarali va qonuniy boshqara oladigan kuchini tushunsak, bu kuchni uch o‘lchamda (dimension) ko‘rishimiz mumkin: institutsional, siyosiy va ijroiya.  

Institutsional o‘lcham davlat siyosiy institutlari mustaqilligi, kuchi, yakdilligidir. Davlat qay darajada mulk huquqini shakllantiradi, uni himoya qiladi va bozorda raqobatni ta'minlay oladi – bular institutsional muhitning sifatiga bog‘liq. Bu yerda muhim omil – davlat qay darajada boshqa ichki guruhlardan mustaqilligi va ajralganligidir. Agar davlat qarorlariga ma'lum manfaatdor guruhlar ta'sir etsa yoki davlatni bunday guruhlar egallab olgan bo‘lsa, davlatning xatti-harakatlari xalqning emas, o‘sha guruhlarning manfaatini ko‘zlasa, bu davlat institutsional o‘lchamda juda zaif hisoblanadi. Bunday davlat samarasiz bo‘lib, tabiiyki, korrupsiya va boshqa ko‘plab illatlarning o‘chog‘iga aylanadi. Institutsional tarafdan kuchsiz bo‘lgan bunday davlatda qarorlar xalq manfaatini ko‘zlasada, ularning ijrosi ichki guruhlar tomonidan ta'sirsiz holga keltiriladi.

Siyosiy o‘lchamda davlat bilan jamiyatning uzviy bog‘liqligi davlatning kuchini belgilaydi. Ya'ni davlatning jamiyat bilan hamkorligi qay darajada kuchli bo‘lsa, davlat jamiyatdan ayri bir institut bo‘lmasa davlatning ijtimoiy kuchi ham mustahkam bo‘ladi. Buni tom ma'nodagi fuqarolik jamiyati deb atasa bo‘ladi.

Jamiyat kuchsiz bo‘lsa davlat jamiyatdan mustaqil holatga keladi. Natijada mamlakat boyligi faqat kuchli guruhlar orasida bo‘linib, davlat ularga siyosiy manfaat uchungina bog‘lanadi. Bu degani davlat va jamiyatning aloqasi faqat yuqoridagi elita qism qo‘lida jamlanadi va bu siyosiy-iqtisodiy oligarxiyani keltirib chiqaradi.

Nihoyat, davlatning ijroiya o‘lchamdagi kuchi u qay darajada qonunchilik, ta'lim, infrastrukturaga o‘xshash umumiy tizimni ta'minlay olishi bilan o‘lchanadi. Bu albatta uning ma'muriy tizimi qay darajada to‘g‘ri shakllanganiga, ijro organi qay darajada topshiriqlarni vaqtida bajara olishiga, budjet mablag‘larining samarali istifoda etilishiga (talon-toroj etilmasligiga) bog‘liq. Kuchli davlat yuqorida keltirilgan omillarning barchasiga javob bera oladigan davlatdir.

Ijroiya hokimiyat, sud, prokuratura, OAV kabi hokimiyat turlari bir-biridan ayri bo‘lmasa, bir-biridan mustaqil bo‘lmasa, davlatning kuchi bir toifaning manfaati yo‘lida xizmat qilsa, jamiyat davlatga butkul qaram bo‘lsa, bunday davlat kuchsiz davlat hisoblanadi. Bunday davlatning bozor munosabatlarini shakllantirish uchun ko‘zlagan har qanday aralashuvi samarasizlik, erkinliklarning cheklanishi va korrupsiyani urchitish bilan yakun topadi.

Xulosa

Yuqoridagi tahlilga asoslanib shuni aytish mumkinki, o‘tish davrida turgan O‘zbekiston uchun bozor munosabatlari shakllanishi va unda investor va tadbirkorlik erkin harakat qila olishi uchun eng avvalo sifatli boshqaruvga ega bo‘lgan davlatning ahamiyati ulkan. Boshqaruvi qonunlarga emas, shaxslarga sodiqlik asosiga qurilgan, siyosiy institutlari tarqoq va faqat ma'lum qatlam xizmatini qiladigan, jamiyat bosimidan mustaqil bo‘lgan davlat hech qachon bozor munosabatlariga zarur bo‘lgan huquqiy tartibni yaratishga, mulk huquqini himoya qilishga, odil sudlovni shakllantirishga qodir bo‘lmaydi.  

Davlat o‘z vazifalarni ado qila olishi uchun institutsional, siyosiy va boshqaruv o‘lchamda kuchli bo‘lishi kerak. Qachonki shunday davlat qura olsak, haqiqiy erkin bozor munosabatlarini shakllantirishimiz mumkin bo‘ladi.

Bekzod Zakirov
Tokio universiteti talabasi

Ko‘proq yangiliklar: