Yangilangan Argentinada eski muammolar. Messi bu safar ham sovrinsiz qoladimi?

Sport 13:12 / 16.06.2019 23634

Argentinaliklar Amerika Kubogini muvaffaqiyatsiz boshlashdi: jamoa Kolumbiyaga qarshi o‘yinda ustunlik qilsa-da, 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi (zarbalar bo‘yicha 11-7, aniq zarbalar bo‘yicha 6-3, yakuniy hisob 0-2).

Amerika Kubogi. V guruhi
Argentina – Kolumbiya – 0:2
Gollar: R.Martines, 71 (0:1). D.Sapata, 86 (0:2).
Argentina: Armani, Otamendi, Talyafiko, Petssela, Saraviya, Di Mariya (de Paul, 46), Paredes, Lo Chelso, Rodriges (Pisarro, 67), Messi, Aguero (Suares, 79).
Kolumbiya: Ospina, Medina, Mina, Sanches, Tesilo, Xames Rodriges, Kuadrado (Lerma, 64), Barrios, Uribe, Falkao (D.Sapata, 81), Muriel (R.Martines, 14).
Ogohlantirishlar: Falkao, 19. Rodriges, 42. Saraviya, 52. Paredes, 55. Kuadrado, 60. D.Sapata, 87. Lerma, 90+4.
Hakam: Tobar (Chili).
16 iyun. Salvador. «Fonte Nova Arena» stadioni.

Skaloni Sampaoli uslubida

Messining terma jamoaga qaytishi mart oyida Venesuelaga qarshi kechgan omadsiz o‘yinga to‘g‘ri kelgandi. Terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Lionel Skaloni o‘shanda hali o‘z o‘yinini tashkil qilishga ulgurmagan. Shunday ekan, o‘sha 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat ham, Amerika Kubogi boshlanishidan bir hafta oldin Nikaraguaga qarshi o‘yindagi 5:1 hisobi ham ko‘p narsadan darak bermasdi.

Lionel Messi tarkibda bo‘lmagan 9 oy davomida terma jamoa tarkibi deyarli butunlay yangilandi. Rossiyadagi jahon chempionatida muvaffaqiyatsizlikka uchragan tarkibdan faqat 8 kishi qolgandi (Messini hisobga olmaganda) – Talyafiko, Di Mariya, Akunya, Otamendi, Armani, Dibala, Aguero va Lo Chelso.

Messi Amerika Kubogiga mutlaqo yangi jamoa bilan keldi.

Katta o‘yin yakshanbaga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tdi. Argentina turnirni guruhdagi eng kuchli raqibga qarshi o‘yin bilan boshladi - Xose Pokerman 6 yillik faoliyatidan keyin iste'foga chiqqach, uning o‘rnini egallagan Karlos Keyrush boshchiligidagi kolumbiyaliklar oltin medallar uchun asosiy da'vogarlardan biri sifatida qaralmoqda. Skaloni esa o‘yin jiddiyligiga qaramasdan, Xorxe Sampaoli izidan bordi (u bu murabbiyga «Sevilya» va Argentina terma jamoasida yordamchilik qilgan). U ham o‘yin boshlanishidan bir kun oldin boshlang‘ich tarkibni e'lon qildi - tarkibga qarab asosiy e'tibor hujumga qaratilishini ko‘rish mumkin edi.

Boshqacha uslub hozirgi tarkibga to‘g‘ri kelmaydi ham - jamoaning himoya chizig‘i kuchli emas. Tayanch yarimzonasi haqida ham bunday deb bo‘lmaydi - Paredes «Zenit»da ham, «PSJ»da ham himoyaga yordam beruvchi futbolchi sifatida harakat qilmagan. Piterliklar klubida uning o‘rnini egallagan Barrios esa bu oqshom Kolumbiya termasi safida maydonga tushgandi. Ushbu yosh futbolchi Keyrush jamoasida asosiy ijrochilardan biriga aylangan.

Futboldan ko‘ra kurash ko‘p

O‘yin darajasi hakamning hushtagi yangrashi bilan yaqqol ko‘zga tashlana boshlandi. Raqiblar tom ma'noda bir-biriga qarshi jang qilishdi, hech kim o‘zini ham, raqibni ham ayamadi. Natijada, 14-daqiqadayoq maydon markazida Paredes bilan to‘qnashuvdan keyin kolumbiyaliklar hujumchisi Muriel safdan chiqdi, ammo uning o‘rniga tushgan Roxer Martines kolumbiyaliklar o‘yinini kuchaytirdi. U to‘pga ilk teginishidayoq hisobni ochishiga bir baxya qoldi. Unga raqib jarima maydoniga markazdan yorib kirgan Falkao qulay vaziyat yaratib berdi, ammo Otamendining jasorat bilan to‘pga tashlanishi argentinaliklarni goldan qutqarib qoldi.

Kolumbiya nisbatan yakdillik bilan harakatlandi, ular birinchi bo‘limda ko‘p ham hujumga chiqishmadi va vaziyatlar yaratishmadi. Argentinaliklar haqida ham aytarli maqtov aytish qiyin, tanaffusga qadar bir marta ularning zarbasini himoyachilar to‘sishdi, yana bir marta jarima maydoni ichidan zarba berildi. Yarimhimoya chizig‘i Messi va Agueroni to‘p bilan ta'minlab bera olmadi. Bunga sabab sifatida kolumbiyaliklar qanotlarda yuqori darajada pressing qilishganini aytish mumkin, ular raqibni himoyadan chiqmasdan to‘pni ko‘p martalab yo‘qotishga majbur qilishdi.

Birinchi bo‘lim yakkakurashlar ostida kechgan bo‘lsa-da, chililik hakam Roberto Tobar Vargas faqat ikki holatda kartochkasini cho‘ntagidan chiqardi: Falkao Paredesni tirsagi bilan urganida va Gvido Rodriges ortdan kelib Guadradoning oyoqlariga tepganida.

Keyrushdan master-klass

Ikkinchi bo‘limga Argentina radarlardan yo‘qolib qolgan Di Mariyasiz chiqdi, uning chap qanotida De Paul harakatlana boshladi va argentinaliklar hujumda chindan faollasha boshlashdi. Paredes ikki marta uzoq masofadan yaxshi zarbalar yo‘lladi, Messi esa to‘p bilan raqib jarima maydoniga yorib kirdi. Ammo Sanchesni aldab o‘tgan futbolchi Barriosdan o‘ta olmadi. Hamma zarba berilishi va hisob ochilishini kutib turganida yosh futbolchi to‘pni Messining oyoqlaridan olib qo‘ydi.

Shundan keyin argentinaliklar yetakchisi driblingdan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lib qoldi. Uning navbatdagi yurishini Kuadrado fol bilan to‘xtatib qoldi. Oq-ko‘klar bosimni kuchaytirishdi, Ospina mo‘jiza tufayli Otamendining bosh bilan yo‘llagan kuchli zarbasini qaytarib qoldi, qaytgan to‘pga esa Messi bosh bilan aniq zarba bera olmadi. Ko‘rinishidan, Kolumbiya nihoyat gol o‘tkazib yuboradigandek edi, ammo Xames 71-daqiqada o‘ng qanotdan turib diagonal pas bilan chap qanotda oldinga tashlangan Martinesni to‘p bilan ta'minladi. Saraviyadan osonlik bilan qochib ketgan hujumchi markazga yo‘naldi va Pisarro o‘ziga yaqinlashib kelgan mahalda Armanini ojiz qoldirgan zarbani yo‘lladi.

Skaloni vaziyatdan chiqib ketish uchun g‘alati almashtirishni amalga oshirdi - Aguero o‘rniga kutilganidek Lautaro Martines yoki Dibala emas, Suares tushirildi. Keyrush esa yosh hamkasbiga o‘yinni boshqarish borasida mahorat darsi o‘tdi - uning zaxiradan tushirgan ikki jokeri ikkinchi golni yuzaga keltirdi. Lerma chap qanotdan jarima maydoniga uzatma berdi, Sapata esa to‘pga oyoq qo‘yishi kifoya qildi.

Kolumbiya zaxirasida A Seriyaning eng yaxshi to‘purarlaridan biri, Krishtianudan ham ko‘proq gol urgan (21ga qarshi 23) Duvan Sapata o‘tiradi. Aytish mumkinki, Kolumbiya turnir g‘olibligi uchun Braziliyaning asosiy raqobatchisi. Skaloni nimadir o‘ylab topmasa, Argentina va Messi bu safar ham sovrindan quruq qolishi mumkin.

Terma jamoaning muammolari nimada?

Avgust oyida terma jamoa boshqaruviga Lionel Skaloni - Sampaolining bosh murabbiylik tajribasiga ega bo‘lmagan sobiq yordamchisi keldi. U to‘rt yil muqaddam «Atalanta»da futbolchilik faoliyatini yakunlagan; umuman u butun futbolchilik faoliyatini Ispaniya va Italiyadagi o‘rtamiyona jamoalarda o‘tkazgan, eng yaxshi yillari «Deportivo»da o‘tgan (200dan oshiq o‘yin va Ispaniyadagi barcha sovrinlar). Uning terma jamoadagi faoliyati ham o‘xshamagan, Dzanetti davrida unga asosiy tarkibda joy yo‘q edi - u nolinchi yillar o‘rtalarida Argentina libosida jami 7 marta maydonga tushgan.

O‘tgan yil kuzida Maradona Skalona bilan terma jamoa faqat motopoyga bo‘yicha jahon chempionatida natija ko‘rsatishi mumkinligini aytib, kinoya qilgandi. Ammo sobiq assistent boshqaruvida terma jamoa 9 o‘yindan 6tasida g‘olib bo‘ldi va faqat 5ta gol o‘tkazib yubordi - to‘g‘ri raqiblarning aksari kuchsiz raqiblar edi.

Skaloni Amerika Kubogini 4-3-3 sxemasi bilan boshladi - u bu sxemadan Nikaragua va «Nyulells Old Boyz» jamoalariga qarshi o‘yinlarda foydalangandi. Bunda o‘yin Paredes va Lo Chelsoning harakatlari asosiga quriladi, ular maydon markaziga va vertikal harakatlanishga javob berishardi. Ammo Messining tarkibga qaytishi bu tizimni yo‘qqa chiqardi. Bu yarimhimoyachilar hali ham asosiy tarkibda qolgan bo‘lishsa-da, endi ular almashtirib bo‘lmas futbolchilar emas: a) terma jamoaning so‘nggi o‘yinlarida «Amerika» klubi a'zosi, 25 yoshli Gido Rodriges tayanch yarimzonasida o‘ynadi, u Paredes bajarib kelgan funksiyalarni bajaradi - Leandro esa oldinroqqa o‘tkazildi; b) Lo Chelso esa Messining ortida harakatlanishga majbur.

Zaxira variantlari - 4-2-3-1 va 4-4-2. Ammo Skaloni qanotlardan hujum uyushtirishni ma'qul ko‘rmaydi: u asosiy e'tiborni himoyachilar ortiga tashlab beriladigan uzun uzatmalarga va qanotdan qanotga diagonal paslarga qaratadi - vingerlar ofsayd chizig‘iga maksimal darajada yaqin joylashtiriladi va ular doimiy ravishda o‘zlari uchun ochiq zonalar yaratish uchun yugurishlari kerak bo‘ladi.

«Inter» yulduzi deyarli har o‘yinda gol urdi, ammo Messi do‘stini tarkibga qaytardi

Skaloni terma jamoani qabul qilib olganida hech kim hujum chizig‘i muammo bo‘lishi haqida o‘ylamagandi. Ammo Rossiyadagi jahon chempionatidan keyin terma jamoani Messi ortidan boshqa bir hujumchi Gonsalo Iguain ham tark etdi, Skaloni Aguero va Di Mariyani termaga chaqirmay qo‘ydi, Ikardi va Dibala esa aynan tarkibda joy bo‘shaganida o‘z faoliyatlaridagi eng yomon mavsumni o‘tkazishdi.

Katta sahnaga «Inter»ning 21 yoshli hujumchisi Lautaro Martines chiqdi - u 6 o‘yinda 4 gol urdi va bu natija Argentina markaziy hujumchilarining so‘nggi yillardagi eng yaxshi natijasi edi. Yevropaga kelishidan oldin u «Rasing Avelyanedu»da bir mavsumda 20 gol urgandi, «Inter»dagi ilk mavsumida u hamisha ham asosiy tarkibda tushmadi va 9 gol bilan kifoyalandi, ammo Ikardi ketgach u milanliklarning asosiy hujumchisi bo‘lishi kutilmoqda. U texnar, tezkor, raqib jarima maydonida joy tanlay bilishda mohir, ikki oyog‘ida ham kuchli va aniq zarba bera oladi, ammo bularning barchasi endi muhim emas - bu yosh futbolchi Amerika Kubogiga zaxira futbolchisi sifatida tashrif buyurdi.

«Meni tarkibga chaqirmay qo‘yishgandi va men endi terma jamoada o‘ynamayman deb o‘ylay boshladim. Ammo aprelda Messi menga qo‘ng‘iroq qildi va terma jamoadan chaqiruv olishimni va'da berdi», degandi o‘tgan haftadagi intervyusida Serxio Aguero.

Katta ehtimol bilan Di Mariyada ham shunday holat ro‘y bergan - u ham jahon chempionatidan keyin tarkibga chaqirilmay qo‘ygandi, Leo qaytgach yana tarkibga qaytarildi. Shunday ekan, hujum chizig‘ida avvalgi holat qaytdi: Dibala zaxirada, Ikardi uyida, Messi va do‘stlari taxtda.

Messi sovrinlar uchun qaytdi, ammo bu muammolar tug‘dirdi

Argentina uchun quyidagi standart paydo bo‘lgan: yirik turnirda omadsizlikka uchrash, keyin murabbiy almashadi va muxlislar sikl davomida ehtiyotkorlik bilan umid qilishadi - jarayon yana takrorlanadi. Uch yil muqaddam Messi bu jarayonga yangi shtrix qo‘shgandi - o‘zining ketishi. Leo o‘tgan yili ikkinchi marta katta muvaffaqiyatsizlikdan keyin terma jamoani qoldirib ketdi.

2016 yilgi Amerika Kubogi finalida Chilidan mag‘lub bo‘lingach, Messi hissiyot ichida xalqaro darajadagi faoliyatini yakunlagani haqida e'lon qilib yuborgandi. Keyin o‘ylab ko‘rib qaytgan va terma jamoani jahon chempionatiga olib kelgandi.

Bu safar ham u terma jamoa bilan sovrin yutish maqsadida qaytgandi.

«Meni qaytganim uchun tanqid qilishadi. Olti yoshli o‘g‘lim mendan so‘raydi: «Dada, nega Argentinada seni mazax qilishadi?». Aytaman, ular atigi bir necha kishi.

Men qaytishni va terma jamoa bilan nimadir yutishni istayman».

Leo qaytish unga nima uchun kerakligini yashirib o‘tirmadi. Argentina u uchun muhim. Argentinaning eng yaxshi futbolchisiga terma jamoa safida qo‘lga kiritilgan sovrin kerak. Bitta bo‘lsa ham. Axir Leo Yevropada qanchalar sovrin yutmasin, odamlar xotirasida Maradona terma jamoa bilan imkonsiz ishlarni qilgani, Messi esa qila olmagani qolishi mumkin.

Lekin Argentina navbatdagi turnirni ham muammolar bilan boshladi. Eski muammolar bilan. Terma jamoaning asosiy muammosi shundaki - terma jamoa Messiga juda bog‘lanib qolgan - hozir har qachongidan ko‘ra ko‘proq.

«Biz jamoamizga Messiga bog‘liqlikdan qutulish uchun qanday uslub to‘g‘ri kelishini bilmaymiz. U jahondagi eng yaxshi futbolchi, ammo biz undan qanday foydalanishni bilmaymiz», degandi Nikolas Talyafiko bahorda bergan intervyusida.

Avvalgi murabbiylar Leoga qarab o‘yin tashkil qilishdagi muammolarni bartaraf eta olishmagandi. Skalonining holati ularnikidan ham qiyinroq: u yangi terma jamoani Messi yo‘qligida tuzdi. Yangi bosh murabbiyda Messi qaytgach vaziyatni o‘zgartirish uchun bir necha bo‘lim bo‘ldi, xolos. Amerika Kubogiga u o‘zi qariyb bir yil davomida qurgan jamoa bilan tashrif buyurmadi.

Yangi murabbiy Leo o‘z orzusi uchun boshqa yosh futbolchilar ortida o‘ynashga rozi bo‘lishiga umid qila olmaydi. Leo shakllangan tizimni yo‘qqa chiqardi va barchasi avvalgi holiga qaytdi: agar Messining o‘zi qutqarmasa, boshqa hech kim qutqara olmaydi. Qolganlar shunchaki Leoni to‘p bilan ta'minlash uchun o‘ynashadi - axir ularni Messiga yordam berish uchun chaqirishgan.

Hozirgi jamoa begona emas: yangi yuzlar, lekin muammolar o‘sha-o‘sha.

Ko‘proq yangiliklar: