Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mutasaddilari ishtirokida OAV vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov milliy valutaning qadrsizlanishi va denominatsiya qilinishi haqidagi savolga javob berdi.
«Denominatsiyani (katta nominaldagi kupyuralarni yangi kichik nominaldagi kupyuralarga almashtirish) amalga oshirishdan maqsad nollar sonini kamaytirish. Denominatsiya rejalashtirilmagan, deya olmaymiz. Bu haqda o‘ylaganmiz.
Qachondir denominatsiya bo‘ladi. Balki 5 yil, balki 10 yildan so‘ng bo‘lishi mumkin», — deya Ilhom Norqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Norqulovning so‘zlariga ko‘ra, regulyator inflatsiyaviy targetlashga o‘tish tugallanishi bilan regulyator denominatsiya masalasini ko‘rib chiqishga tayyor bo‘ladi.
«Bugungi kunda oldimizda davlat tashkilotlarini isloh qilish, narxlarni liberallashtirish kabi ulkan vazifalar turibdi», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Shu yilning martida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov O‘zbekistonda pul qiymatini o‘zgartirish rejalashtirilmayotgani haqida gapirgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yilning 25 fevraldan boshlab qiymati 100 000 so‘m bo‘lgan banknot ko‘rinishidagi yangi pul belgisi muomalaga chiqarildi.