“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Yordamlashish va ilm”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni Toshkent shahridagi “Novza” masjidi imom-xatibi Jaloliddin Hamroqulov sharhlab berdi.
Video: Yotube
Abu Hurayradan (r.a) rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi. Kim musulmonning aybini yashirsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning aybini yashiradi. Banda, modomiki, birodarining yordamida ekan, Alloh taolo ham o‘sha bandaning yordamidadur. Kim Alloh yo‘lida ilm izlab yo‘lga chiqsa, Alloh taolo o‘sha bandaga jannat yo‘lini osonlashtirib qo‘yadi”.
Bu dunyo insonlarning ahil-inoqchiligi maydonidir. Atrofimizdagi insonlarga qancha muruvvat ko‘rsatsak, ularning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishga intilsak, Alloh taolo nafaqat dunyoviy ishlarimizga, balki oxiratdagi ishlarimizda ham ko‘makchi bo‘lish va'dasi berilmoqda.
Mo‘min odam mo‘minning birodaridir. Aslida, biz insonlarga bir tuyg‘u bilan qarashimiz zarur. Barchamizning ota va onamiz bir. Allohning oldida darajamiz taqvo ila o‘lchanadi. Biz insonlar Alloh taoloning yerdagi o‘rinbosarlarimiz. Inson dunyoni obod qilish uchun yaratilgan bo‘lib, u zulmdan yiroq bo‘lishi tayinlangan. Agar biz bir-birovimizga yaxshilik ilinsak, muruvvat ko‘rsatsak Alloh taolo har ikki dunyoimizni ham obod qiladi, bizga yordamchi va ko‘makchi bo‘ladi.