Xivada Pahlavon Mahmud nomidagi I Xalqaro bahodirlar o‘yinlari yakunlandi

Jamiyat 12:10 / 10.06.2019 9427

7-9 iyun kunlari Xiva shahrida xorazmlik yengilmas bahodir va ma'rifatparvar shoir, faylasuf va so‘fiy Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan I Xalqaro bahodirlar o‘yinlari o‘tkazildi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Musobaqada O‘zbekiston, Eron, AQSh, Xitoy, Braziliya, Hindiston, Yaponiya, Rossiya, Ukraina, Latviya, Avstraliya, Gretsiya va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan jami 15 nafar sportchilar ishtirok etishdi. Ular 2 kun davomida milliy naqshli ustunlarni ko‘tarish va ushlab turish, og‘ir toshlarni ustunlarga o‘rnatish, mevalar bilan to‘ldirilgan aravani ko‘tarish, poyezd lokomotivini 20 metrga tortish va boshqa musobaqalarda asosiy sovrin uchun kuch sinashdilar.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Musobaqa qatnashchilari turnir dasturiga ko‘ra, «Qo‘qon arava», «Sangijumon toshlari», «Dehqon yurishi», «O‘zbekiston poyezdi», «Xiva ustunlari», «Mo‘ynoq langari», «Amir Temur va Manguberdi qilichlari» deb nomlangan 7ta shartni bajarishdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Bunda pahlavonlar qum to‘ldirilgan 100 kg vaznga ega 2ta qopni aravaga yuklab, belgilangan masofaga eltib qo‘yishi, 140, 160, 180 va 200 kilogramm og‘irlikdagi toshlarni ko‘tarib, maxsus teshikka joylashtirishi, 360 kilogrammli g‘alvirni ko‘tarib yurishi, temir yo‘l lokomotivini 20 metr masofaga sudrashi, milliy naqshli ustunlarni ko‘tarib turishi, ikkala qo‘lini old tomonga uzatgan holda og‘irligi 16 kg bo‘lgan qilichni tik holatda tutishi hamda kema langarini ma'lum masofaga tortib borishi kerak edi. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Yakuniy sarhisoblarga ko‘ra, birinchi o‘rinni musobaqaning eng yosh ishtirokchisi, Ukrainaning 2019 yilgi chempioni, 24 yoshli Pavlo Kordiyako qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin eronlik Rizo Quchaytasiyga nasib etdi. Uchinchi o‘ringa O‘zbekistonning eng kuchli sportchisi Sergey Trubitsin va Rossiyaning 2018 yilgi chempioni Aleksandr Kuzmin loyiq ko‘rildi. Qolgan o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi: Vikram Singh (Hindiston, 5-o‘rin), G‘iyosiddin Ahmedov (O‘zbekiston, 6), Vagner Dush Santush (Braziliya, 7-o‘rin),  Ioannis Papakalas (Gretsiya, 8-o‘rin), Shuhrat Alixanov (O‘zbekiston, 9-o‘rin), Jyeremi Hogg (Avstraliya, 10-o‘rin), Hamza Primov (O‘zbekiston, 11-o‘rin), Mitsuki Toyota (Yaponiya, 12-o‘rin), Vusal Mardonov (Ozarboyjon, 13-o‘rin), Navro‘z Arabov (Tojikiston, 14-o‘rin), Tsxu Xuang (Xitoy, 15-o‘rin).

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Musobaqa g‘olibiga 5000 AQSh dollari, ikkinchi o‘rin sohibiga 3000 AQSh dollari, uchinchi o‘rin egalariga 2000 AQSh dollari mukofoti berildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Turnirning tantanali yopilish marosimi «Ichan-qal'a» davlat muzey qo‘riqxonasining «Ko‘hna ark» majmuasida o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: