NATO bosh kotibi Mark Ryutte 11 fevral, seshanba kuni alyans a’zolari 2024 yilda Ukrainaga xavfsizlik sohasida 50 milliard yevrodan ortiq yordam ko‘rsatganini tasdiqladi. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansi matbuot kotibi vazifasini bajaruvchi Alison Xart xabar berdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaning NATO bo‘yicha hamkorlari iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan alyans sammitidagi o‘z majburiyatlarini bajargan. O‘shanda ular Ukrainaga 2024 yilda kamida 40 milliard yevrolik harbiy yordamni va’da qildi. NATO bosh kotibiga ko‘ra, yakuniy summaning yarmidan ko‘pi Yevropa ittifoqchilari va Kanadadan kelgan. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar alohida davlatlar o‘rtasida yordam ko‘rsatish bo‘yicha yetakchi bo‘lib qoldi.
13 fevral, payshanba kuni bo‘lib o‘tadigan alyans mudofaa vazirlari yig‘ilishi oldidan NATOga a’zo davlatlarga Ukrainaga xavfsizlik sohasida ko‘rsatilgan yordam haqida hisobot taqdim etildi.
Yevropa Ittifoqi o‘zining tashqi yordami taqsimotini qayta ko‘rib chiqadi
Yevrokomissiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan agressiyasi va AQSh prezidenti Donald Trampning keskin ritorikasi fonida ko‘p milliard dollarlik tashqi yordam ajratishni YeI tashqi siyosati manfaatlariga moslashtirish niyatida, deb xabar berdi Bloomberg 10 fevral kuni.
Tashqi moliyalashtirishni taqsimlashni yanada maqsadli qilish va YeIning strategik manfaatlarini ta’minlash, jumladan, hamfikr davlatlar bilan ittifoqlarni mustahkamlash, xomashyodan foydalanish imkoniyatini ta’minlash va migrantlar oqimini cheklash rejalashtirilgan.
Bloomberg tomonidan ko‘rilgan hujjat loyihasida ta’kidlanishicha, an’anaviy ravishda blok yalpi ichki mahsulotining qariyb 1 foizini tashkil etuvchi Yevropa Ittifoqining umumiy budjeti "yashil" o‘tishdan tortib mudofaa xarajatlarigacha bo‘lgan keng ko‘lamli talablar bilan oshib ketgan. Yevropa Komissiyasi yaqin haftalarda 2028-2034 yillar uchun yetti yillik budjetni optimallashtirish g‘oyasini taqdim qilmoqchi.