Saytimizda bir muddat avval «Kadastrning yangicha «taktika»si: Past Darg‘omda auksionda yer sotib olgan tadbirkor sarson qilinmoqda» sarlavhasi ostida Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida istiqomat qilib kelayotgan Ilhom Xoliqov qariyb yarim yildan buyon auksiondan yutib olgan yeriga egalik hujjatlarini qo‘lga kiritolmayotgani, bunga sabab — Past Darg‘om tumani yer resurslari davlat kadastri bo‘limi xodimlari sansalorlikka yo‘l qo‘yishayotgani haqida hikoya qilgan edik.
Mazkur maqola yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasidan tahririyatimizga javob xati keldi.
Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari T.Abdullayev tomonidan imzolangan xatga ko‘ra, chindan ham Past Darg‘om tumanidagi «Kamolot» mahallasi hududida joylashgan va auksion savdolariga qo‘yilgan 0,4 ga bo‘sh yer uchastkasini 2018 yil 31 oktyabrda fuqaro Ilhom Xoliqov yutib olgani tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyundagi «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №493-sonli qaroriga ko‘ra, auksion g‘olibi lotning narxini to‘laganidan so‘ng auksion bayonnomasiga muvofiq, tuman hokimi tomonidan g‘olibga yer uchastkasini ajratish haqida qaror chiqarilishi va so‘nggi bosqichda yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman filiali tomonidan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, guvohnoma berilishi belgilangan.
Ushbu tartibga ko‘ra, yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman filiali tomonidan yer uchastkasi g‘olibi Ilhom Ismioilovich Xoliqovga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurilishi uchun yer maydoni ajratish yuzasidan tuman hokimi qarori loyihasi tayyorlanib, 2019 yilning fevral oyida tuman hokimligiga kiritilgan. Biroq tuman hokimi tomonidan qaror loyihasi imzolanmasdan, devonxonada qolib ketgan. Tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev qarorni imzolamagani sababli yer resurslari davlat kadastri bo‘limi tomonidan yer maydonlari chegara nuqtalarini belgilab berishning hamda tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk davlat kadastri davlat korxonasi tomonidan g‘olibga yer uchastkasini rasmiylashtirib berishning huquqiy tomondan imkoniyati bo‘lmagan.
Tadbirkor ushbu holatlardan norozi bo‘lib murojaat qilganidan so‘ng, tuman hokimi tomonidan joriy yilning 24 may kuni №2022-Q sonli qaror qabul qilingan.
Ushbu qaror qabul qilinganidan so‘ng bir kun muddatda 2019 yilning 25 may kuni tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mutaxassislari tomonidan fuqaro I.Xoliqovga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun 0,4 ga yer maydoni chegara nuqtalari joyida ko‘rsatib berilgan.
Fuqaro I.Xoliqov qaror loyihasi Past Darg‘om tuman hokimligida qolib ketgani tufayli bunda tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi rahbaridan norozi emasligini bildirgan.
Tadbirkorga yer maydoni chegaralarini belgilab berishda xatoga yo‘l qo‘ygan tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mutaxassisi Jahongir Rabbimovga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.