Koreyadagi masjid imomi bilan suhbat: Musofirchilikdagi hayot, muhojirlarning muammolari va ularga dindagi yechimlar

Jamiyat 17:51 / 10.06.2019 35317

Yaqinda Koreya safarida bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri sayt o‘quvchilarini bu yurtda ishlayotgan o‘zbeklar, ularning yashash sharoiti, muhojirlikdagi qiyinchiliklar va boshqa ma'lumotlar bilan tanishtirib bormoqda.

Navbatdagi maqolamiz Koreyaning Busan viloyati Kimhe shahrida joylashgan Imom al-Buxoriy jome masjididan tayyorlandi. Masjid imom xatibi Abdug‘offor Ergashev musulmonlar uchun yaratilgan sharoitlar, Musulmonlar idorasi tomonidan masjidda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, o‘zbek muhojirlari duch kelayotgan muammolar, bu muammolarning yechimlari va boshqalar haqida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Biz borgan vaqtda Ramazon oyi sababli iftorlikka tayyorgarlik ishlari ketayotgan ekan. Ba'zi o‘zbeklarimiz dasturxon tuzash ishlari bilan, bir qismi masjid oshxonasida palov tayyorlash bilan band edi. Boshqalari esa o‘sha yerda Musulmonlar idorasi tomonidan ajratilgan kitoblar mutolaasi bilan shug‘ullanayotgan, ba'zilari Alloh zikri bilan mashg‘ul edi.

Bu masjid xizmatidan nafaqat o‘zbek muhojirlari, balki qirg‘izlar, qozoqlar, pokistonliklar, tojiklar, turklar va boshqa o‘nlab millat vakillari foydalanishar ekan. Bizni masjid imom xatibi Abdug‘offor aka kutib oldi.  

«Dinimiz bo‘ydoq yoshlarning yolg‘iz yashashiga ruxsat bermaydi»

«Ba'zi yoshlarimiz tahorat olish, g‘usl qilishni bilmaydi. Shuningdek, ba'zi yoshlarimiz Koreyaga kelganidan so‘ng ijaraga uy olib yolg‘iz yashashmoqda. Ularga aytadigan gapim, shariat bunga ruxsat bermaydi. Ular albatta biror do‘sti yoki tanishi bilan yashashi tavsiya etiladi. Nega? Chunki yolg‘iz bo‘ydoqning xayollarini shayton o‘g‘irlaydi. Uni ichkilikka, zinoga va dinimiz taqiqlagan boshqa qabih ishlarga boshlaydi. Ular bu holatdan ehtiyot bo‘lishi talab etiladi», - dedi Abdug‘offor aka.

Jo‘natilgan pul sabab ham oilalarda sovuqchilik tushish holatlari kuzatilmoqda

«Bu yerdagi eng katta muammolardan biri, yoshlarimiz orasida o‘z joniga qasd qilish hollari ko‘payib ketgan. Bunga turli sabablar bor. Aksariyati arzimas sabablar.

Misol tariqasida ulardan birini aytib o‘taman. Yoshgina kuyov Koreyaga mehnat shartnomasi asosida ishlashga kelgan. Bir-ikki so‘m topgach, uyiga pul jo‘natadi. Pul sababli kelisha olmagan kelin va qaynona o‘rtasiga sovuqchilik tushadi. U bu yerdalik vaqtida oilasida janjal boshlanadi. Bundan muhojirlikda rizq topayotgan kuyov qattiq stress holatiga tushib, ish joyida yoki uyga qaytgach o‘z joniga qasd qilmoqda.

«O‘g‘lim, ko‘proq pul jo‘natgin» deydigan ota-onalar ham bor

Yana ota-onalar farzandlarini o‘qishga jo‘natadi. Bo‘sh vaqtlarida ishlayotgan farzand o‘zidan orttirib uyiga pul jo‘natsa ham katta gap. Bu yerda ham pul topish oson emas. Ayrimlari kam pul jo‘natayotgan bolasini «O‘g‘lim, ko‘proq pul jo‘natgin» deb tergab ham qo‘yadi. U farzand o‘qisinmi yoki ishlasinmi? O‘z bolangizga rahmingiz kelsin, hurmatli ota-onalar.

Bunday holatlarga qarshi qattiq kurash olib bormoqdamiz. Haftaning har shanba kuni ishchilar uyiga qaytgach, soat kech soat 9dan 11gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida koreyalik o‘zbeklar kuzatadigan ijtimoiy sahifalarda jonli muloqotlarni olib bormoqdamiz. Muammolarga tegishli diniy va dunyoviy yechimlar berishga harakat qilmoqdamiz. Alohida ta'kidlash kerakki, bu yerdagi har bir o‘zbek muhojiri  idoramiz nazorati va ko‘magida», - deydi Abdug‘offor Ergashev.

Shuningdek, masjid imom xatibi boshqa savollarga ham javoblarini berib o‘tdi. Yuqoridagi videolavhada suhbatni to‘liq shaklda ko‘rishingiz mumkin.

Zafarbek Solijonov, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: