Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan so‘ngi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar negizida, yoshlarimizni ham jismonan, ham ma'nan sog‘lom qilib o‘stirishdek ezgu maqsad mujassam. Bu kabi keng imkoniyatlardan unumli foydalangan yoshlar esa xalqaro fan olimpiadalarida, sport musobaqalari, xalqaro konferensiyalarda faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritishmoqda.
Joriy yilning 6-8 iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida “i-Customs, Xalqaro biznes, innovatsiyalar va bojxona tomonidan tartibga solish” VI Xalqaro yoshlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/H-i1SJvC1VqJiYhE-xBPFSUEti7cA0Pg.jpg)
Unda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Polsha, Ozarbayjon, O‘zbekiston Respublikasidan jami 32 nafar ishtirokchilar bojxona ma'muriyatchiligi, bojxona nazoratida chegara xizmatidan foydalanishning istiqbollari, SMART chegaralar uchun bojxona nazorati yo‘nalishlarida o‘z ma'ruza va loyihalari bilan ishtirok etishdi.
Mazkur Konferensiyada Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti kursantlari ham o‘zlarining bojxona sohasini rivojlantirishga oid zamonaviy tashabbus va loyihalari bilan ishtirok etishdi.
Quvonarlisi, tadbiq etilgan barcha loyihalar ichidan Bojxona instituti 3-bosqich kursanti M.Ismatovaning «The draft of Tashkent International Convention - Global Single Window» loyihasi mutaxassislar tomonidan eng yaxshi loyiha deb topilib, unga 1-o‘rin taqdim etildi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/Xw0u2GpPLhjflUl7LTbUB8X8ghMVT--9.jpg)
Endilikda, konferensiyada yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan 6 nafar g‘oliblar, shu jumladan M.Ismatova ham joriy yilning oktabr oyida Makedoniyaning Skope shahrida o‘tkaziladigan “PICARD-2019” Xalqaro yoshlar konferensiyasida ishtirok etishadi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, o‘z bilimi va zakovati bilan dunyo mamlakatlari e'tirofiga sazovor bo‘layotgan bu kabi iqtidorli yoshlar davlatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishi aniq.