Kun.uz tahririyatiga Yunusobod tumani 17-mavze 3-iqtisodiy zona, Mahmud Mirzayev ko‘chasi «Baxt qasri kommunal» Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli uylarda yashab kelayotgan aholidan murojaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida ushbu hududga bo‘ldik.
«Baxt qasri kommunal» XUJMSh rahbari aholini tashvishlantirayotgan qurilish haqida so‘zlab berdi.
Qobil Sobirovning so‘zlariga ko‘ra, «Baxt qasri kommunal» Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati Toshkent shahar hokimining 2006 yil 25 sentabr kungi №480-sonli qaroriga asosan Yunusobod tumani 17-mavze 3-iqtisodiy zona ko‘p qavatli turar joy binolari garaji va qozonxonasi bino inshootlarining mulkdori hisoblanadi. Mazkur mulk 2018 yil 3 dekabr kungi 1-sonli mulkni topshirish shartnomasi orqali «Baxt qasri kommunal» XUJMSh nomiga tasarruf etilgan va shu kunga qadar «Baxt qasri kommunal» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati mulkidir. Uning qurilish osti maydoni ham XUJMShga biriktirilgan. 2018 yilda «New evolution group» MChJ tomonidan mazkur ikki qavatli bino ustidan yana 2ta qavat qurilish ishlari olib borish uchun Toshkent shahar hokimligidan 1588-sonli qaror chiqarilgan. Ushbu qarorga nisbatan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan protest kiritib, 2018 yil 16 noyabr kuni Toshkent shahar hokimining №1636-sonli qarori bilan 1588-sonli eski qarori bekor qilingan.
«Ushbu kuchmas mulkning ikkinchi qavati 2018 yilda «New evolution group» MChJdan «Yukon brokers» MChJ tasarrufiga o‘tkazilgan. Qaror asosida Toshkent shahar qurilish boshqarmasi hamda qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasining qurilish uchun berilgan ruxsatnomalari ham bekor qilingan bo‘lsada, asossiz ravishda 2019 yil 23 yanvar № 4867731/1-son bilan yana ushbu qurilish ishlari davom ettirilmoqda. Aholining hech qanday ruxsati olinmagan. Qurilish bo‘yicha ko‘p joylarga murojaat qildik. Bu yerda sog‘lomlashtirish markazi quryapman deb, ko‘p qavatli uy qurmoqda. O‘zi shundog‘am tiqinlinch bo‘lib ketadi. Bu qurilish hech qanday qoidalarga to‘g‘ri kelmaydi. Uy bilan ushbu bino orasi 8 metr. Aslida ShNK bo‘yicha 25 metr bo‘lishi kerakmasmi? Shahar prokuraturasi protest kiritdi, hokim qarori bekor bo‘ldi. Lekin negadir qurilish ishlari davom etib, bino qavatlari kundan-kunga o‘sib bormoqda. Biz bundan norozimiz. Chunki uylarni topshirish vaqtida bu yer avtomashinalar uchun turargoh bo‘ladi deyishgan», deydi shirkat rahbari va unga qo‘shimcha qilgan aholi vakillari.
Shundan so‘ng qurilishga rozilik bildirgan «Qadrdon» mahalla raisining qabulida bo‘ldik. Aftidan, mahalla raisi va aholi vakillari bir-birlari bilan kelisha olmasligi ko‘rindi. Rais lavozimida ishlab kelayotgan Komil Rahmonovdan ushbu holat yuzasidan izoh so‘radik.
«Tegishli tashkilotdan ruxsatnoma olib kelingandan so‘ng aholi «rozi» deb ruxsat berdim. Chunki sport sog‘lomlashtirish markazi bizga kerak», deydi mahalla raisi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/PBx6vimlKtIdg6x9Wt0PLinmnFVjSLIr.jpg)
Qiziq holat, aholi rozi bo‘lmaganmiz deb turgan vaqtda mahalla raisi aholi nomidan rozimiz deyishga vakolatlimikan?..
Shundan so‘ng qurilishni davom ettirayotgan tadbirkorlar bilan suhbatlashib, qurilishga oid hujjatlar bilan tanishdik.
«Ushbu qurilish qonuniy asosda olib borilmoqda, Toshkent shahar qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasining ruxsati olingan, bu murojaatchilar faqat ishimizni orqaga tortishmoqda. Aslida ular yashab turgan uylar noqonuniy qurilgan. Nega biz boshlagan vaqtimizda qarshilik qilishmay endi qarshilik ko‘rsatishmoqda, biz ham o‘z-o‘zidan qurmaganmiz, tegishli tashkilotlarning ruxsati olingan», deydi tadbirkor Abdumajid Karimov.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida tortishuvga sabab bo‘layotgan qurilishga ruxsat bergan tashkilotlarni eshigini birma-bir taqillatdik.
Dastlab, Toshkent shahar arxitektura va qurilish boshqarmasida bo‘ldik. Lekin afsuski, vaziyatga izoh olishga mas'ul shaxslarni topa olmadik. Ushbu ish bilan shug‘ullanayotgan xodim bilan telefon orqali bog‘langanimizda, faqat og‘zaki izoh berishini, qurilishga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil may oyidagi 370-sonli qarori muvofiq ruxsat berilganini ta'kidladi.
Shundan so‘ng qurilishni nazorat qilishga mas'ul Toshkent shahar qurilish soxasidagi nazorat inspeksiyasi bosh inspektori Davron Sultonovdan izoh oldik. Uning so‘zlariga ko‘ra, inspeksiyaning vazifasi qurilishni nazorat qilish.
![](https://storage.kun.uz/source/4/qmexmkLch6rdRPLrpYsR_hsA-jh2_O3.jpg)
«Davlat arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan ruxsat berilgan. Biz ushbu hujjatga asosan qurilishga ruxsat berganmiz. Vazifamiz faqat qurilishni nazorat qilish. Uning qonuniy yoki noqonuniyligiga javob bermaymiz», deydi inspeksiya mutaxassisi.
Vaziyat ancha chigal, aholining tinchi buzilgan. Ushbu maqola orqali kimnidir ayblash yoki tanqid qilishdan yiroqmiz. Faqatgina mavjud muammoga vakolatli idoralar e'tiborini qaratish orqali, uning yechimini topish hamda aholining noroziligiga sabab bo‘layotgan holatlar ijobiy hal etilishi tarafdorimiz. Yuzaga kelgan vaziyat uzil-kesil hal etilib, tegishli idora tomonidan yakuniy so‘z aytilmas ekan, tadbirkorning millionlab investitsiyasi-yu aholining halovati so‘roq ostida qolib ketaveradi.
Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbiri