Xitoy hukumati xorij kompaniyalarini mamlakat firmalariga texnologiya yetkazib berishni rad etish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The New York Times xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 4 va 5 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan yopiq uchrashuvlarda kompaniyalarga bu haqda ma'lum qilingan. Uchrashuvlarga AQShning Microsoft va Dell, Britaniyaning ARM, Janubiy Koreyaning Samsung Electronics va Hynix kompaniyalari vakillari taklif etilgan.
Uchrashuvlarda Xitoy tomonidan tijorat, sanoat, axborotlashtirish vazirliklari vakillari qatnashgan. Nashrning yozishicha, yuqori lavozimdagi vakillarning ishtiroki uchrashuvlar Xitoy oliy rahbariyati tomonidan tashkil etilganini bildiradi.
16 may kuni AQSh savdo vazirligi Xitoyning Huawei kompaniyasi va uning 70ta filialini qora ro‘yxatga kiritdi. Keyinroq Google, Intel, Qualcomm, Xilinx va Broadcom kompaniyalari Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma'lum qildi. Shuningdek, Britaniyaning ARM korporatsiyasi ham ular safiga qo‘shildi.