Samarqand shahridagi eng keksa bilim yurti bir asrlik to‘yini nishonladi - fotoreportaj

Jamiyat 10:30 / 08.06.2019 8503

Samarqand pedagogik va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘zining 100 yillik yubileyini nishonladi.

Yubiley marosimiga shu dargohda mehnat qilgan va ta'lim olgan insonlar, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

Mazkur ta'lim maskani 1919 yilning 10 may kuni maorif institutining uzoq muddatli pedagogik kurslari bazasida tashkil etilgan. Samarqand pedagogika bilim yurtida samarqandlik maorif ustasi Abduqodir Shakuriyning shogirdi, ma'rifatparvar Ismatulla Rahmatullayev, so‘ngra Jalol Azizov, Yunusbek Yusupov, Naim Saidov, Qosim Davronov, Sanobar Azimova, Dilmurod Bobojonov kabi ustozlar qator yillar bilim maskaniga rahbarlik qilishgan.

Uzoq yillar pedagog A.S.Makarenko nomi bilan yuritilib kelingan bilim maskanida turli yillarda Faxriddin Roziy, bilimdon pedagoglar Nabiraxo‘ja Valixo‘jayev, To‘raqul Zehniy, mashhur arxeolog F.Vyatkin, G.Lemenovskiy, M.Rojdestvenskaya, Ye.Mirolyubova, H.Xodizoda, Sh.Tursunov, o‘zbek kompozitori Yunus Rajabiy, Tolib Sodiqov, shoir Mirtemir faoliyat ko‘rsatishgan.

O‘quv yurtining ilk bitiruvchilari — shoirlar H.Olimjon va H.Yusufiy, akademik V.Abdullayev, yozuvchi F.Niyoziy, sovet ittifoqi qahramoni F.Yo‘ldoshev, mehnat qahramoni M.Narziqulov, shoira va adabiyotshunos olim M.Alaviya, xalq artisti Razzoq Hamroyev, dramaturg Shukur Sa'dulla, filologiya fanlari doktori Rasulxon Hodizoda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Zebi Toshpo‘latova, navoiyshunos olim Boturxon Valixo‘jayev bo‘lishgan.

Bilim maskanida ko‘plab taniqli sport ustalari yetishib chiqqan. Ularga nomlari mashhur ustozlar ta'lim-tarbiya berib kelishgan.

Bilim yurtining 1969 yilgi 50 yillik yubileyi ham katta tantanalar bilan nishonlangan. 1991 yili 70 yillik yubileyida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov o‘qo‘v yurti jamoasiga tabriknoma jo‘natgan.

Ta'lim maskanining bir asrlik to‘yini nishonlashga kollejda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.

Xususan, kollej faoliyatiga bag‘ishlangan rangli albom va bukletlar tayyorladi, katta va kichik ko‘krak nishonlari barchaga tarqatildi. Yubiley tantanalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda kollej direktori J.Rajabov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni tabrikladi va kollej faoliyati bilan qisqacha tanishtirib, galdagi vazifalar haqida so‘zlab berdi.

Eng asosiysi — to‘y bahonasida tashrif buyurgan mehmonlarga prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan «Yoshlar va xotin-qizlar manfaatlariga xizmat qiluvchi beshta tashabbus» loyihasi asosida «Beshta muhim tashabbus — ertamiz egalari istiqboli yo‘lida» mavzusida hisobot-taqdimot ham o‘tkazildi.

O‘quvchi yoshlarni madaniyat va san'atga jalb qilish maqsadida «Besh tashabbus, besh g‘oya» mavzusida o‘quvchi-qizlar o‘rtasida rasmlar tanlovi o‘tkazildi. Majlislar zalida qo‘shiq va raqs to‘garagi qatnashchilarining chiqishlari tashkil etildi.

Yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish maqsadida sport majmuasida stol tennisi, kurash, sakrash, voleybol, qo‘l to‘pi, shaxmat sport to‘garaklarining namunali mashg‘ulotlari namoyish etildi, foyeda xalqaro va respublika sport chempionlarining jonli ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi. Jumladan, mehmonlarga axborot resurs markazining kitob fondi va undagi sharoitlar, «Oltin qalam» she'riyat to‘garagi qatnashchilari va yosh kitobxonlar faoliyati bilan tanishtirildi.

Yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni ko‘rsatish uchun ochiq va namunali darslar namoyish etildi.

Xotin-qizlar bandligini oshirish hamda bitiruvchi qizlar bandligi sifatli ta'minlash maqsadida sartaroshlik va tikuvchilik kasbi o‘quvchilari o‘rtasida kasb mahorati tanlovi ham o‘tkazildi.

Yubileyga tashrif buyurgan mehmonlar kollej muzeyiga ham taklif etildi. Bu yerda o‘quv dargohining uzoq va sermazmun tarixi yana bir bor yig‘ilganlarga tanishtirildi.

Tadbir so‘ngida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari hamda o‘qishda, sportda jamoat ishlarida faol va ilg‘or bo‘lgan talabalar va ularning ota-onalariga kitoblar, faxriy yorliqlar, kollej nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: