«Bu ish unumini ham oshiradi...»: AT Xalq banki 5 ta muhim tashabbus doirasida tadbir o‘tkazdi

Jamiyat 23:05 / 08.06.2019 5821

Bugun, 8 iyun kuni Toshkentdagi “Yapon bog‘i”da AT Xalq banki tomonidan “Barkamol avlod – yurt tayanchi” shiori ostida bank xodimlari va ularning oila a'zolari ishtirokida madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil qilindi.

Mazkur tadbir Respublika Prezidenti tomonidan ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish borasida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida tashkil qilindi. 

Tadbir dasturidan o‘rin olgan shartlarga ko‘ra, bank xodimlari va ularning oila a'zolari musiqa, rassomchilik, sport, kitobxonlik hamda teatr sahnasida rol ijro etish kabi bir nechta yo‘nalishda o‘zaro musobaqalashdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

«Bank xodimi odatda asosiy vaqtini ishda, kompyuter qarshisida o‘tkazadi. Lekin bugungi tadbir va unda belgilangan shartlardagi xodimlarimizning ishtiroki, hosil bo‘layotgan yuqori kayfiyatdan ko‘rib xulosa qilyapmizki, har bir tashkilotda bu kabi tadbirlar kerak ekan. Bu ish unumini ham oshiradi», deydi AT Xalq banki boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farhod Salomov o‘tayotgan tadbir haqida fikr bildirib.

«Barkamol avlod – yurt tayanchi» shiori ostida o‘tgan tadbirga taniqli san'atkor, sirk artisti va qiziqchilarning chiqishlari, shuningdek, bolalar va kattalar uchun tashkil qilingan yutuqli o‘yinlar alohida qiziqish uyg‘otdi.

 

Ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi 5 ta muhim tashabbus doirasida o‘tkazilgan tanlovlar bo‘yicha g‘oliblarga AT Xalq bankining sovg‘alari topshirildi.

Tashkilotchilarning aytishicha, mazkur yo‘nalishdagi tadbirlar Xalq bankining respublikadagi barcha filiallarida o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: