Zargarlar mustaqil belgilagan asillik darajasining haqqoniyligi qanday aniqlanadi?

Jamiyat 20:56 / 07.06.2019 2730

Zargarlar tomonidan o‘z mahsulotiga mustaqil ravishda qo‘yilgan asillik darajasining haqqoniyligini tekshirish uchun joylarda ekspress laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zbekzargarsanoati» rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma'lumot berildi.

Joriy yilning 18 may sanasida «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘zining ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsiy tamg‘asini buyumga bosish sharti bilan davlat asillik darajasini majburiy ravishda qo‘ymasdan o‘zi ishlab chiqargan zargarlik hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan boshqa buyumlarning asillik darajasini mustaqil belgilash huquqi berilgan edi.

«O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Mirahmedovning ma'lumot berishicha, xaridorlar zargarning o‘zi qo‘ygan asillik darajasini tekshirib ko‘rishlari uchun sharoit yaratiladi.

«Asillik darajasining haqqoniyligini tekshirish uchun bozorlar, yirik savdo markazlarida maxsus ekspress laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Xaridor sotib olgan zargarlik buyumining asilligiga shubha qilsa, laboratoriyaga murojaat qilib, qisqa muddatda uni tekshirib olishi mumkin. Bunday laboratoriyalar xususiy tadbirkorlik asosida ochilishi ko‘zlangan», - deydi Mirahmedov.

Asillik darajasining noto‘g‘ri ko‘rsatilgani aniqlansa, iste'molchi «O‘zbekzargarsanoati», Asillik palatasi yoki Bosh prokuraturaga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.

Ma'lum qilinishicha, yangi farmonga asosan nohalol zargarlik buyumini sotganlik uchun javobgarlik tartibi belgilangan.

Asillik darajasi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan mahsulot sotilganda, agar bu holat birinchi marta qayd etilayotgan bo‘lsa, mahsulot qiymatining 50 foizi miqdorida jarima solinadi. Agar bu holat takrorlansa, noqonuniy sotilgan mahsulot davlat hisobiga o‘tkaziladi yoki mahsulotning 100 foiz qiymati miqdorida jarima solinadi.

Ko‘proq yangiliklar: