2020 yil 1 yanvaridan e'tiboran «O‘zavtosanoat» AJ kompaniyalari mahsulotlariga ham qo‘shilgan qiymat solig‘i qo‘llana boshlaydi. Xo‘sh, buning natijasida mahalliy avtomobillar qiymati kelasi yil boshidan 20 foizga qimmatlashadimi? Xaridorlar shunga tayyorlanishlari kerakmi? Kun.uz muxbiri Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «O‘zavtosanoat» AJ vakillariga shunday savol bilan murojaat qildi.
«Ishlab chiqarayotgan avtomobillarimiz narxi qimmatlashmasligi kerak. Chunki, qo‘shilgan qiymat solig‘i bu soliq. Biz ham avtomobillarning sotuvga chiqish narxi ko‘tarilib ketmasligi uchun imkon qadar harakat qilyapmiz», - deya masalaga oydinlik kiritdi «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Yusupov.