Promes - Angliya jallodi. Kulgili xatolar va niderlandlarning qasosi

Sport 11:00 / 07.06.2019 18764

Penalti, de Ligtning javobi, inglizlarning hisobga olinmagan goli, Uokerning avtogoli va Promesning yakuniy zarbasi. Niderlandiya Millatlar ligasi finalida.

Millatlar ligasi. A divizioni. 1/2 final
Niderlandiya - Angliya - 1:1, qo‘shimcha vaqtlarda 3:1. (0:1, 1:0, 2:0)
Gollar: Reshford, 32 - penalti (0:1). de Ligt, 73 (1:1). Uoker, 97 - avtogol (2:1). Promes, 114 (3:1). 
Niderlandiya: Sillessen, Dyumfris, de Ligt, van Deyk, Blind, F.de Yong (Strotman, 114), Vaynaldum, de Ron (van de Bek, 68), Bergvayn (Prepper, 91), Depay, Babel (Promes, 68).
Angliya: Pikford, Uoker, Stouns, Maguayr, Chilvell, Barkli, Delf (Xenderson, 77), Rays (Alli, 106), Sterling, Sancho (Lingard, 61), Reshford (Keyn, 46).
Ogohlantirishlar: de Ligt, 30. Dyumfris, 45. Keyn, 70. van de Bek, 106. 
Hakam: Tyurpen (Fransiya).
6 iyun. Gimaraynsh. «D. Afonso Henriques» stadioni.

Portugaliyada Millatlar ligasining ikkinchi yarimfinali Angliya va Niderlandiya o‘rtasida kechdi. Bu ikki mamlakatning so‘nggi to‘qnashuvini barcha yaxshi eslaydi. «Ayaks» - «Tottenhem». Keyin esa inglizcha final. Bu safar ham Angliya ustun keladigandek ko‘ringandi.

Niderlandcha uyg‘onish
Shunday tasavvur uyg‘onadiki, Millatlar ligasi faqat Niderlandiyadagi uyg‘onishni kuzatish uchun o‘ylab topilgandek. Yangi turnir Ronald Kumanning jamoasini sayqallashda foydalaniladigan poligonga aylanib ketdi. Ehtimol unga odatdagi nazorat o‘yinlari ham yetarli bo‘lishi kerak edi, ammo u natija uchun o‘ynash talab etilgan hollarda ham u tajriba qilishda davom etmoqda.

Kuman terma jamoadagi debyutini 2018 yil martida Angliyaga qarshi o‘yinda boshlagandi va yutqazgandi (0:1). O‘tgan yilda Garet Sautgeyt jamoasi JCh-2018 medallariga yetishiga bir baxya qolgandi va endi jamoa yanada yuqorilash kayfiyatida. «Kuchli to‘rtlik finali» o‘yinlari boshlanishi arafasida Sterling ishonch bilan gapirdi: «Millatlar ligasidagi muvaffaqiyat «Uch sherlar»ga ishonch bag‘ishlaydi va shundan keyin jamoamiz xalqaro maydonlarda g‘alabalarga erishishni boshlaydi».

Rahim uchun Gimaraynshdagi o‘yin milliy terma jamoa safidagi 50-o‘yin bo‘ldi va u yubiley o‘yiniga inglizlarni sardor sifatida boshlab tushdi.

De Ligt uchun omadsiz bo‘lim
Angliyada hozirda yosh talantlar oqimi kuzatilmoqda va Sautgeyt (van Deyk va Veynaldumni asosiy tarkibda o‘ynatayotgan Kumandan farqli ravishda) Chempionlar ligasi finalchilarini maydonga tushirmasligi ham mumkin. Lekin «Liverpul» va «Tottenhem» futbolchilari YeChL finalidagi ishtirok tufayli terma jamoaga boshqalarga qaraganda kech qaytmaganida ham bosh murabbiy hali formasini tiklamagan Keynni maydonga tushirmaslik uchun asoslar yetarli edi. Chindan ham, ixtiyoringda Reshford, Sancho va Sterlingdan iborat hujum uchligi bo‘laturib mavsumning ikkinchi qismini jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan futbolchiga ehtiyoj sezish mumkinmi? Aytish joizki, Sterling agar bo‘yi balandroq bo‘lganida ideal hujumchi bo‘lardi - u o‘yin debyutida raqib jarima maydoni hududida Sanchoning yumshoq uzatmasini qabul qila olmadi.

O‘z navbatida, Depayga markaziy hujumchi emasligi hisobni ochishga xalal berdi. Juda qulay vaziyat paydo bo‘lganida u zarba berish uchun ortiqcha vaqt sarflab yubordi va to‘pni yo‘qotdi. Keyinroq esa pragmatik harakat qilgan va hozirgi tarkibi turnirlarda nisbatan tajribali bo‘lgan Angliya o‘z imkoniyatini qo‘ldan chiqarmadi. Aniqrog‘i, de Ligtning xatosini poylagan Reshford penalti ishladi va o‘zi uni aniq ijro etdi.

Hozirgi kunda jahonning eng umidli yosh himoyachilaridan biri bo‘lib turgan de Ligt esa penaltidan keyin ham xatolar qildi va vaziyatlardan birida Sancho to‘pni oyoqlari orasidan o‘tkazishiga yo‘l qo‘yib, hujum rivojini to‘xtata olmadi.

Reshford dubl qilishiga faqatgina qayerdandir yetib kelgan Dyumfrisning to‘pga tashlanishi g‘ov bo‘ldi. De Ligt faqat bo‘lim oxiriga borib o‘zini qo‘lga oldi va ikkinchi qavatda hisobni tenglashtirishga yaqin keldi.

VAR Angliyaga qarshi
Ikkinchi bo‘limga Angliya Keyn bilan tushdi, u birinchi bo‘limda kichik jarohat olgan Reshfordni almashtirdi. Harri sardorlik bog‘ichini Sterlingdan qaytarib oldi, inglizlar ikkinchi bo‘limni ham faolroq boshlashdi. Lekin Uoker vaziyatlardan birida to‘p yo‘qotdi, bundan Depay foydalanib qolishi mumkin edi - bu inglizlarga ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Keyingi vaziyatda Sancho bir necha metr masofadan zarba yo‘lladi, to‘p to‘g‘ri Silessanga qarata yo‘llandi.

Inglizlar raqib darvozasiga bosimni kuchayirgandan kuchaytirishdi. Aniqrog‘i, bu raqibning o‘yinni tashlab qo‘yishi bilan bog‘liq edi - niderlandlar to‘pni nazorat qilishni istashmadi. Faqat maydonga Donni van de Bek va Kuinsi Promesning tashlanishi jamoaga tetiklik bag‘ishladi. Nihoyat, de Ligt birinchi bo‘limdagi xatolarini yuvdi. 73-daqiqada, burchak zarbasi ijro etilgan vaqtda u Stounsning ta'qibidan qutulib, Uokerning boshi ustida baland sakradi va to‘pni darvoza to‘riga joyladi. E'tiborli tomoni, Angliya darvozasini niderlandiyalik himoyachi ishg‘ol etishi oxirgi marta 1993 yilda kuzatilgan, o‘shanda jamoaning hozirgi murabbiyi inglizlarga gol urgandi.

Hisob tenglashgach, o‘yinda burilish yasaldi. «Ayaks» sardorining o‘yini ochilganini uning o‘z jarima maydonidagi harakatlarida ham ko‘rish mumkin edi. U Keynning kuchli zarbasini tanasi bilan to‘sib qolib, jamoasini qutqardi. Keyingi vaziyatda esa van de Bekning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi. Ikki jamoa ham qo‘shimcha bo‘limlarda yugurishni istamasdi. Jamoalarning o‘tgan yilgi o‘yinida yagona gol muallifi bo‘lgan Lingard bu o‘yin taqdirini ham hal qilishi mumkin edi, ammo uning goli ofsayddan urilgan deb topilib, bekor qilindi. Bu vaziyatda hakam videotakrorni ko‘rib chiqib qaror chiqardi.

Yana bir vaziyatda esa VAR penalti talab qilgan niderlandlarga «yo‘q» dedi. 

Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarning to‘rtinchisida Depay juda qulay vaziyatni ko‘kka sovurdi. Lekin u qo‘shimcha bo‘limlardagi qahramonlardan biriga aylandi - avvaliga Stounz bolalarcha qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va to‘pni Depayga oldirib qo‘ydi, Memfisning qaytarib bo‘lmasdek ko‘ringan zarbasini Pikford qaytardi, ammo Memfisga Promes yordamga keldi, qaytgan to‘p uchun Promes bilan kurash vaqtida Uoker to‘pni darvozaga yo‘llab qo‘ydi.

Bu avtogol edi, ammo uni Kvinsi Promes nomiga yozish ham mumkin.

U avvaliga Angliyani nokdaun holatiga tushirdi, keyin nokaut qildi.

114-daqiqada Barkli orqaga pas uzatdi, uning darvozabonga uzatmasi juda kuchsiz chiqdi va to‘pni Depay egallab olib, bo‘sh darvoza qarshisida turgan Promesni golli pas bilan ta'minladi. Depay-Promes bog‘lami Niderlandiyani finalga olib chiqdi.

Qolaversa, bu g‘alabani «Ayaks»ning «Tottenhem»ga mag‘lubiyati uchun qasos deyish ham mumkin.

Endi yakshanba kuni Niderlandiya va Portugaliya Millatlar ligasi tarixiga kim birinchi g‘olib sifatida kirishini aniqlab olishadi. Angliya esa uchinchi o‘rin uchun bahsda Shveytsariyaga qarshi maydonga tushadi.

Ko‘proq yangiliklar: