«Bizdagi sun'iy demokratiya shaxslarni ham, erkin fikrni ham yo‘qotdi». Xurshid Do‘stmuhammad bilan suhbat

O‘zbekiston 21:40 / 07.06.2019 52027

Kun.uz jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti masalalariga bag‘ishlangan turkum suhbatlar loyihasini davom ettiradi. Loyihamizning navbatdagi mehmoni taniqli jurnalist, yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad bo‘ldi. Yozuvchi bilan suhbat adabiyot, ijod, o‘zbek jurnalistikasidagi muammolar, jamiyat illatlari borasida kechdi. 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

— Sizni XXI asr o‘zbek romanchiligini boshlab bergan yozuvchilardan biri deyishimiz mumkin. Har holda «Bozor» nomli asaringiz 2000 yilda yozilgan. Ushbu romanda insonlar hayotini bepoyon bozor sifatida ta'riflagansiz. Unda chuqur ma'noli ramzlar-u ishoralar, tushunilishi qiyin bo‘lgan timsollar juda ko‘p. «Bozor»ni yozishda realistik tasvirga ko‘proq amal qilganingizda u bundan ham ommaboplikka erishmasmidi? Ya'ni, ramz va ishoralar ko‘payib ketgani uning yanayam muvaffaqiyat qozonishini biroz to‘sib qolmaganmi? Nega ramz va timsollar siz uchun realistik tasvirlardan ko‘ra ustunroq turadi?

— Asarni XXI asrning birinchi romani emas, XX asrning oxirgi romani desak to‘g‘riroq bo‘lardi, nazarimda. Badiiy asarda ramz, timsol tashbeh, metafora degan tushunchalar bor. Shulardan kelib chiqadigan bo‘lsak, badiiy tafakkurning bosh shartlaridan biri timsol, ramz, tashbeh va metaforadir.

Jahon nasrini olasizmi, she'riyatnimi, o‘zimizning nasrda bo‘ladimi ishoralar va timsollar bilan gapirish shakllangan. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitganini yozish bu realizm emas, o‘sha tashbehlar fikr, tasavvurdagi voqelikning in'ikosi. Qolaversa, savolga javob tariqasida aytamanki, men ko‘z ko‘rib, quloq eshitgan narsani aynan yozishni xush ko‘rmayman. Real voqelikni ko‘rsam bu xayolga undashi kerak, xayolda yozsam u reallikka undashi kerak. Men nimanidir sizga og‘iz to‘ldirib gapirish orqali ham va yoki bitta ishora bilan ham aytishim mumkin.

«Bozor» ommabop bo‘ldi dedingiz, u qadar ommabop bo‘lgani yo‘q. Bizning kitobxonlarimiz bundagi ramzlarni hali to‘liq tushunadigan darajada deb o‘ylamayman. Undagi ramzlarni nisbatan ilg‘ab yetadigan, tushunadiganlar ma'naviy ozuqa olishi mumkin. Nachora, balki asarni ommalashishi nuqtai nazaridan siz aytgan uslubni qo‘llash mening qarashlarimga, aqidalarimga to‘g‘ri kelmaydi.

— Suhbatlardan birida Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo», «Telba» romanlari mutolaasi sizni haqiqiy ma'noda aqldan ozdirgani, Frans Kafkaning «Evrilish» hikoyasini o‘qish orqali esa o‘zimizning adabiyot o‘zgacha ruh, o‘zgacha qarashlar, o‘zgacha konsepsiyalarga juda-juda muhtoj degan qat'iy xulosaga kelganingizni aytgansiz. Bu suhbatdan keyin ham ancha vaqt o‘tdi. Xo‘sh, nima o‘zgardi? Adabiyotimizdagi o‘zgacha ruh va qarashlar, o‘zgacha konsepsiyalar borasida kemtiklikning o‘rni to‘ldimi? Agar yo‘q bo‘lsa, buning sababi nimada?

— Uchta asarni tilga oldingiz. Men nega bularni tilga olganman, chunki ularni o‘qiganimda mutlaqo boshqa olamga kirib qolganman. Bu asarlar nafaqat men, balki tengdoshlarimga ham yirik voqelik bo‘lgan. 

Raskolnikov, Mishkin, Gregor Zamzaning dunyosiga kirish butun tasavvurlarni kengaytirib yubordi. Kishilarning adabiyotga bo‘lgan tasavvurlarini o‘zgartirib yubordi. 1970-1980 yillarda adabiy jamoatchilik juda faol edi, nimaiki yozilsa hammasi o‘qilardi, bu o‘qilganlar muhokama bo‘lardi, tortishilardi, munozara qilinardi. Bularning hammasi foydali edi. 

Albatta o‘zbek adabiyoti o‘sha yillar darajasida qolgani yo‘q, yangiliklar juda ko‘p bo‘ldi, shakllandi, rivojlandi. Bunda nafaqat milliy adabiyot namunalari, balki, Sharq adabiyoti, Boltiqbo‘yi davlatlari adabiyoti, Yevropa, Amerika, jahon adabiyotlari simfoniyasi yaratildi.  Mana shular ta'sirida badiiy tafakkur hosil bo‘lardi. Umuman, jahonga mashhur birorta asar o‘qilishi, muhokama qilinishi, tarjima qilinishi beiz ketmagan, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. 

— Shaxslar haqida gapirdik. Umuman, jamiyatda, adabiyotda alohida kuchli shaxslar, titanlar kamayib ketayotganining sabablarini nimalarda ko‘rasiz?

— Boshqarilayotgan demokratiya. Boshqariladigan demokratiya alohida shaxslarni va erkin fikrni yo‘qotadi. «Men boshqaraman, sen qo‘yaver, aqlingni ishlatma, senda aql yo‘q. Sening aqling yetmaydi, bosh qotirma, meni o‘z aqlim yetadi», degan prinsip odamlarning fikrini o‘ldirdi. Jamiyatda fikr aytishga hojat yo‘q. Sizning fikringiz hech kimga qiziq emas. Bu shaxslashuvni yo‘qotdi. 

O‘tgan davrda akademiya ham yo‘q bo‘ldi-ku. Sog‘lom jamiyatda akademiya o‘sha jamiyatning aqli hisoblanadi. Jamiyatimizning aqli olib tashlandi. Jamiyat ilm bilan boshqarilishi kerak. Kimgadir topshirib qo‘yish kerak emas, bu Prezidentmi, allomami yoki avliyomi farqi yo‘q. U ilm bilan boshqarilishi kerak. O‘ttiz millionli aholi kimningdir mulki emas, davlat rahbari ham bir xizmatchi. 

Jamiyat mashvarat bilan, fikrlar bilan boshqarilishi kerak. Adabiyot nega rivojlanmayotganini so‘radingiz. Falsafa, ilm bo‘lmasa qanday rivojlansin? Yo‘qotildi-ku bu institutlarning hammasi. 

Xurshid Do‘stmuhammad suhbat davomida shuningdek, hozirgi gazetalar va majburiy obuna, mustaqillik yillari o‘zbek jurnalistikasi va jamiyat o‘rtasida paydo bo‘lgan jarlik, maddohlik, adabiyotda yetishmayotgan qahramonlar, bo‘shab qolayotgan adabiyot maydoni kabi mavzularda o‘z fikrlarini bildirdi. 

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: