Qolaversa, milliy mentalitet, ma'naviyat, millat ruhiyati va madaniyati kabi jihatlarning demokratik qadriyatlarni o‘zlashtirish uchun to‘la tayyor emasligi ham o‘tish davri islohotlariga salbiy ta'sir etmoqda.
Xo‘sh, jamiyatimizning bu muammolari yechilishi uchun u qanday tizimlashtirilishi, kasalliklarni davolash dastlab qaysi sohalardan boshlanishi kerak?
Kun.uz taniqli jurnalist, yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad bilan ayni shu mavzuda suhbat uyushtirdi.
— Xurshid aka, shaxsan siz o‘zbek jamiyatining bugungi dolzarb muammolarini nimalarda ko‘rasiz?
— Har qanday jamiyatda kechayotgan jarayon, voqea-hodisalarni kuzatish, idrok qilish va uni hazm qilish insondan katta aqliy mehnat talab qiladi.
Xo‘sh, 34 mln aholisi bor O‘zbekiston atalmish yurt bugun qayoqqa ketyapti? Biz bu savolni o‘rtaga tashlar ekanmiz, kechagi kunimizni ham yodga olamiz. O‘rtadagi bugun haqida gapirish uchun kecha va ertangi kun haqida ham albatta gapirish kerak.
Men Qur'oni Karimda kelgan bir oyatni ko‘p takrorlayman: «Qayon ketmoqdasizlar?!» – deydi Alloh. Xuddiki men shu savolni ko‘p o‘ylaganim uchun ham bugun siz menga shu savolni berayotgandeksiz.
Muqaddas oyati karimadagi shu savolni men har bir tanish va notanish kishiga bergim keladi. O‘ylab ko‘ringlar, qayoqqa ketyapmiz? Xudo umr berdi, insonmiz, yashayapmiz, oila qurdik, bola-chaqa, kasb orttirdik. Xo‘sh, buyog‘i nima bo‘ladi?
Har bir insonga berilgan shu savol jamiyatga ham beriladi. Davlatga, hukumatga va prezidentga ham albatta beriladi.
Hozir ko‘z o‘ngimizdan o‘tayotgan manzaralar 2016 yildan boshlandi. Aniqroq aytganda, O‘zbekistonda prezident o‘zgarishi natijasida boshlandi.
Siz muammolar ichida qolib ketgandekmiz, deyapsiz. Yo‘q, biz avval ham muammolar ichida yashayotgandik. Siz aytgandek, yuzlab, minglab muammolar endi qalqib chiqdi. Aniqrog‘i, davlat rahbari shu muammolarning el-yurt nazariga qalqib chiqishiga yo‘l qo‘yib berdi.
2016 yilda ham davlat sifatida mustaqillikka erishganimizga salkam 30 yil bo‘layotgandi. Hozir o‘tgan davrni to‘la taftish qilish niyatim yo‘q, lekin u davrda muammolarni xalq va jahon jamoatchiligi nazaridan berkitishga harakat qilardik. Go‘yo bizda muammo yo‘q, hamma yoq gullab yashnayapti, degan tushuncha bilan yashardik. Axborot yo‘q edi. Ong qachon shakllanadi, qachon jadal ishlaydi, qachonki axborot bo‘lsa. Xolis axborot ko‘payganda inson fikrlaydi.
O‘ylashimcha, Mirziyoyev prezidentligidagi sezilarli ishlardan biri axborotni o‘z holiga qo‘ygani bo‘ldi. Hozir davlat rahbaridan tortib, eng oddiy odamgacha jamiyatdagi yangiliklardan boxabar.
Siz shu jarayonni aytyapsiz muammolar ichida qolgandekmiz, deb.
Hozir o‘zgarish taqozo qilinmayotgan soha qolmadi. Islohotlar tezlashib ketdi. Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi? Men ham bir qalamkash, jamiyatni kuzatib yurgan kishi sifatida bularni o‘ylayman.
Fikrimcha, bu jadallikning sababi 27 yil davomida boy bergan imkoniyatlarimizni ishga solish qaroriga kelganimizda.
Tasavvur qilaylik, agar hozirgi ishlar 1991–1996 yillarda bo‘lganda edi, hozir butunlay boshqacha jamiyatda yashayotgan bo‘lardik.
Bizning vaqtni boy berishga haqqimiz yo‘q edi. Mirziyoyev shu tushunchadan kelib chiqdi. Axir, o‘zbek xalqi ham ro‘shnolikka chiqishi kerak. Emin-erkin, zamonaviy va to‘kin hayot ko‘rishi kerak. Islohotlarga baravar kirishilgani shundan.
Bu jarayonda bir lekin bor. Odamlar buni ko‘tara oladimi? Ular bu o‘zgarishlar shiddatini ko‘tara olyaptimi? Bizdagi jarayonlardan qat'i nazar, XXI asr — shiddat asri.
Shunisi aniq, odamlarda boshqa iloj yo‘q. Hozir o‘zgarish qilmasak, odamlarga dunyo istagan hayotni taqdim qilmasak, endi kechikamiz. Juda-juda orqada qolib ketamiz.
Oddiy odam, aholi nima qilishi kerak? To‘g‘ri, unda muammo ko‘p, jonini asraydi, oila, ro‘zg‘orini o‘ylaydi, bular alohida muammolar, lekin u jamiyatdagi aralashuv jarayonlarini anglab yetishga majbur.
Shaxs jamiyatda nima kechayotganini anglab olib, nima qilsa, muammolar kamayadi, nima qilsa, uning yechimiga erishiladi, degan savolni o‘ziga berishi kerak. Bitta g‘isht bo‘lsa ham qo‘yishi kerak.
O‘zgarishlar vaqt, davr jihatidan qonuniy. Boshqa ilojimiz yo‘q. Qaytaraman, har kim, har bir shaxs buni o‘zi anglab yetishi kerak. Shundagina yashash yengilroq bo‘ladi, shundagina voqea-hodisalarga sog‘lom nazar bilan qarashga odatlanamiz.
— Yaqinda Yozuvchilar uyushmasida o‘tgan yig‘ilishlardan birida adabiyotshunos Rahmon Qo‘chqor katta muammoni o‘rtaga tashladi.
«Hozir ijtimoiy tarmoqlar axlatbozor, g‘iybat, uyatsizlik maydoniga aylangan. U yerda olomon psixologiyasi hukm suryapti.
Men bir narsadan cho‘chiyapman, do‘stlar: bizda milliy nigilizm paydo bo‘lyapti. Voqeliklardan xulosa qilinsa, bizning yoshlar o‘zining xalqidan, millatidan bezib borayotgandek tuyulyapti. Milliy nigilizm paydo bo‘lyapti. Bu juda yomon holat, do‘stlar», — dedi Rahmon Qo‘chqor.
Xurshid aka, agar atrofga qarab xulosa qilsak, adabiyotshunosning fikrlarida jon bordek. Bizda haqiqatda milliy nigilizm shakllanib boryapti. Bu borada fikrlaringiz qanday?
Nigilizm (lotincha nihil — «hech nima») olamning, ayniqsa, insoniyatning obektiv qiymati yo‘q, deb uqtiruvchi falsafiy oqimdir.
Mavjud ijtimoiy hayot shakli va axloqiy normalarni, madaniy meros hamda ideallarni inkor etish. Ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot inqirozga uchragan davrlarda, ayniqsa, keng yoyiladi.
— Rahmon Qo‘chqor men hurmat qiladigan adabiyotshunos, zakiy olimlardan biri. Uning milliy nigilizm shakllanyapti, degan fikrlariga qo‘shilaman. Lekin jarayonni biroz kengroq talqin qilish tarafdoriman.
Milliy nigilizmni xudbinlik deydigan bo‘lsak, bu yangilik emas. Dunyo allaqachon xudbinlik yo‘liga o‘tib bo‘lgan.
Oxirgi vaqtlarda o‘zbek jamiyatida ro‘y berayotgan sezilarli tendensiyalardan biri bu zamonaviy dunyoga qo‘shilishdir. Bugun Yer sharida o‘zbekning oyog‘i yetmagan joy yo‘q. Avstraliya, Yaponiyadan tortib, Janubiy va Shimoliy Amerika mamlakatlarigacha. Bu nima degani? O‘zbek o‘sha mamlakatlarga o‘z fikri bilan boryapti va fikr olib kelyapti. Qadriyatlar, tushunchalar, dunyoqarashlar olib kelyapti. Dunyoqarashlar aralashib ketyapti. Madaniyatlar qorishuvi ro‘y beryapti.
Umuminsoniy va milliy madaniyatlar qorishuvi juda jiddiy muammo. Bu jarayonda odam o‘zligini saqlab qolishi oson ish emas. U yoshmi, keksami, ayolmi, erkakmi, farqi yo‘q, inson sifatida o‘zligini, milliyligini saqlab qolishi oson emas bu jarayonda.
Nigilizm kuchayib boraveradi. Hozir insonlarda hamma narsa meniki, men olishim kerak, degan kayfiyat kuchli. Rahmon Qo‘chqor o‘z so‘zida shunga urg‘u beryapti.
Bu xavflimi? Ha, xavfli, lekin bu hodisani yaxshilik tomon yo‘yishimiz kerak. Odamlarimizda ham nigilizm shakllansin. Men bir paytlar «Ongli xudbinlik yo‘lida» sarlavhali maqola yozgandim. Biz aytayotgan holatda ham ongli nigilizm bo‘lishi kerak.
Xalqimiz ayniyatida bag‘rikenglik, tolerantlik, o‘zidan ko‘ra, o‘zganing manfaatini ko‘proq o‘ylash odatlari bor. Bu juda go‘zal fazilat, lekin odam o‘zining qadrini, xohish-irodalarini ham himoya qilishi kerak-da. Adabiyotshunos aytayotgan nigilizmni foydali o‘zanga burishimiz kerak. Shuningdek, bundan xavotirga tushishimiz ham kerak emas.
Buning uchun yoshlarga tinimsiz tushuntirish kerak.
— Meni ajablantiradigan yana bir narsa, nega bizning jamiyatda shunchalik ko‘p savol mavjud? Balki tushkunlikdadirmiz, ezilgandirmiz.
— Bu savolga men keyingi paytlarda o‘zim o‘ylab, mulohaza qilib yurgan bir fikr bilan javob beraman. So‘nggi vaqtlarda gazetalarni varaqlasam, ma'no, mazmunini qo‘ya turaylik, savolli sarlavhalarni ko‘p ko‘ryapman.
Mana masalan, «Hurriyat» gazetasini olaylik. Uning so‘nggi sonlaridan birida «Endi ucha olamizmi?», «Xarxashami yoki noshukrlik?» kabi sarlavhali maqolalar e'lon qilindi.
«Milliy tiklanish» gazetasini ko‘ring, «Kimning qo‘li baland keladi?», «Biz qayoqqa qarab ketyapmiz?» sarlavhali maqolalar.
«Mahalla» gazetasida ham shunday, 90 foiz maqolalarning sarlavhasi savol alomatli: «Onalarning mehnat stajidan kesish qachongacha davom etadi?», «O‘zbekistonda bukmekerlikka rasman ruxsat berilganmi?», «Yo‘llarda bolalarning o‘limi uchun kim javobgar?»
Ko‘ryapsizmi? Men bir mutaxassis sifatida bundan xulosa chiqaraman. Hozir odamlarning, gazetalarning, jurnalist va blogerlarning va nihoyat jamiyatning savoli ko‘p, javob esa kam. Javob beradigan odam, javob beradigan idora yo‘q.
Bori esa javobni yetarli berolmayapti, bermayapti. Xo‘sh, nega savollarimizga javob yo‘q?
Bu jo‘n gaplar emas. Ayniqsa, joylarda berilayotgan savollarga javob berilmayapti, e'tiborsiz tashlab qo‘yilyapti. Yozsang yozaver degan kayfiyat bor.
Hayron qolaman, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta'limi vazirligiga savollar bor, lekin nega vazir javob bermaydi? Oliy ta'limga savol yo‘qmi, bor. Ish qidiruvchilarga yo‘qmi, bor. Savollar g‘ij-g‘ij, javoblar sust.
Mutasaddilar bu holatni jiddiy o‘ylab ko‘rmasa, jamiyatda boshqacha kayfiyat kelib chiqishiga sababchi bo‘lib qolishadi.
Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Muhiddin Nido.