«Barcha zamonlarda ham oila jamiyatning asosi bo‘lib qolaveradi» , degan edi fransuz adibi Onore de Balzak. Aynan shuning uchun ham bu mavzu hech qachon eskirmaydi. Oila mustahkamligi va ajrimlarning oldini olish to‘g‘risida ko‘p va xo‘p yozilgan, bahs maydonlari tashkil etilgan. Bu tushunchaning, uning atrofida jamlangan qadriyatlarning muqaddasligi ko‘p bora ta'kidlangan. Kezi kelganda, oila mustahkamligi davlat siyosati darajasiga olib chiqilganini ham e'tirof etish o‘rinli. Bu masala bilan alohida idoralar ham shug‘ullanadi. Ammo, shunga qaramay, oilalar farovonligi, ajrimlar soni, qiyin sharoitdagi oilalarda bolalar tarbiyasi hanuzgacha og‘riqlilik bo‘yicha o‘z o‘rnini bermasdan kelyapti.
AQShda birinchi turmushdan ajrashgan 42 foiz juftlikning keyingi turmushida ham mustahkam oila asoslari qurilmayapti. Markaziy Osiyoda esa vaziyat bundan ham chigallashmoqda. Muammoni hal etish uchun qanday harakatlar amalga oshirilyaptiyu, ularning samaradorlik koeffitsiyenti qanchalik?
Yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar. Joriy yilda may oyi Yoshlar ittifoqi tizimida yosh oilalar bilan ishlash oyligi deb e'lon qilindi. Unga ko‘ra, yoshlarni oilaga tayyorlash, sog‘lom oila muhitini targ‘ib qilish, yosh oilalar o‘rtasida ajrimlar, erta tug‘ruq va erta turmushning oldini olish kabi vazifalar belgilangan. Xususan, «Yurist va psixolog masalahatxonalari» ish olib bordi, «Biz sog‘lom oilamiz» shiori ostida oilaviy yurish va yugurish marafonlari tashkillashtirildi, «Sog‘lom oila ─ ishonchli kelajak» shiori ostida salomatlik kunlari tashkil etildi, «Oilamga kitob bilan» shiori ostida kitob ko‘rgazmalari va yarmarkalari o‘tkazildi, bepul teatr dasturlari, bepul tibbiy ko‘rik, bayram dasturlari o‘tkazildi.
«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazining faoliyati. Markaz tomonidan tashkil etilayotgan «Oila mavzusining ommaviy axborot vositalarida yoritilishining dolzarb masalalari» nomli konferensiyada hozirgi zamon jurnalistikasi oila masalalarini talab darajasida yoritmayotgani haqida so‘z borgandi. Konferensiyaning xulosasi: OAVning fokusi faqatgina nobop oilalarni ko‘rsatishga qaratilgan va bu tushkunlik kayfiyatini keltirib chiqaradi, namunali oilalarni ko‘rsatishga ko‘proq e'tibor qaratish kerak.
Yarashtiruv komissiyalari. Oilada nizo kelib chiqib, ajrim yoqasiga kelganda tajribali shaxslar, mutaxassislarning oraga tushib, nizoni bartaraf etishga ko‘maklashishi, ikki tomonni yarashtirib qo‘yishi yaxshi, albatta. Suddan oldingi yarashtiruv jarayoni (mediatsiya) huquq olamida ham mavjud amaliyot.
Bularning hammasi yaxshi, albatta. Ammo oila xususida gap ketganda bepul teatr va kitob aksiyasidan ham ko‘ra muhimroq choralarni talab etuvchi masalalar borligini unutmaslik lozim. Bir oyda Yoshlar ittifoqi 550ta targ‘ibot tadbirini o‘tkazish uchun sarflagan vaqt va mehnatning ozginasi haqiqatdan real ko‘makka qaratilganda maqsadga ko‘proq muvofiq kelardi. «Nomaqbul oila» ga bepul teatr yoki bir qo‘ltiq kitob emas, chin ma'nodagi amaliy, «nazariylashtirilmagan» amaliy yordam kerak.
Ammo nega OAV o‘z fokusini o‘zgartirish kerak? U jamiyatda bor narsani ko‘rsatadigan ko‘zgu-ku, nega o‘z aksidan ko‘ngli to‘lmayotgan jamiyat yuzini burishtiryapti? Ko‘rgan tasviridan ko‘ngli to‘lmay, ko‘zguni ayblashga, uni etak bilan yopishga intilyapti? Nobop oilalar haqida gapirilyapti, ko‘rsatilyaptimi, demak, ular bor va oz emas. Bolalari sarson, er va xotir qirpichoq, barbodlik yoqasidagi oilalar mavjudligiga ko‘z yumish mumkin emas, ayniqsa jurnalist.
Birgina misol. Yaqinda Kun.uzʼda «Mardikor ayol ─ darbadar ayol» sarlavhasi bilan maqola va video e'lon qilingan edi. Unda oilaviy sharoiti o‘ta achinarli holatga kelib qolgan, erning noshudligi, farzandining xastaligi, qaynonaning oqibatsizligi bois mardikorlik bilan kun kechirayotgan ayol taqdiri yoritilgan. Ayolning gaplarini eshitgach odamning hayotdan hafsalasi pir bo‘ladi. Undan ham achinarlisi, bunga o‘xshash taqdirlar yaqin joyda istalgancha topiladi...
Komissiyalarning aralashuvi har doim ham ko‘ringan natijaga ega bo‘lmasligi mumkin. Komissiyaning aralashuvi natijasida qonuniy ajrimdan voz kechib, «yarashib» , ammo amalda alohida yashayotgan, nikohsiz yashayotgan oilalar ham yo‘q emas. Bu qonuniy ajrashishdan ham ko‘ra yomonroq oqibatlarga olib kelishi mumkin. Qonuniy harakat amalga oshmagani bois ham qarovsiz qolgan ona va farzandlar masalasi, mol-mulk taqsimoti, aliment kabilar muammoga aylanadi.
Oilalar farovonligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va ularning samaradorligi xususida turli soha mutaxassislarining fikri bilan qiziqdik.
Akramxon Yusufzoda, huquqshunos:
─ Oila faqatgina ijtimoiy masala emas. Uning chin ma'nodagi farovonligini ta'minlash uchun konseptual yondashuv kerak. Faqatgina «Oila» markazi, mahallalar emas, huquqiy maqomga ega organlarni ham kuzatuvchi emas, real ishtirokchi sifatida jarayonga jalb etish lozim. Menimcha, nikoh shartnomasi masalasi jiddiy ko‘rib chiqilmas ekan, oilalar mustahkamligini ta'minlash bo‘yicha olib boriladigan siyosat samara bermaydi. Yangi oila qurilayotganida nikoh shartnomasining majburiy tartibda tuzilishi hamda uning nikoh davrida ham, ajrim holati yuzaga kelganda ham real amal qilishi mexanizmi ishlashi kerak. Shunda erkak tomon ham, ayol tomon ham ajrim masalasiga jiddiyroq qaraydi. Bu masalaning o‘zbek jamiyatida ko‘rilmaydigan yana bir jihati ham bor. Ozmi, ko‘pmi miqdordagi ajrimlar bo‘lishi tabiiy hol. Shu bois vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda, ajrimdan keyingi jarayonni ham nazardan qochirmaslik lozim. Ona va bola bilan bir qatorda otaning (ko‘pincha ularni asosiy aybdorga chiqarib qo‘yib, huquqlari to‘g‘risida mutlaqo qiziqmaymiz)manfaatlari ham tegishlicha himoya qilinishi kerak.
Xurshida Sotiboldiyeva, sotsiolog:
─ Oila masalasi bugun paydo bo‘lmagan va ertaga hal bo‘lib qoladigan masala emas. Oiladagi notinchliklar, ajrimlar, og‘ir sharoitdagi bolalar tarbiyasi alohida paydo bo‘lib, ildiz otadigan muammolar emas. Ular aksariyat hollarda jamiyatdagi boshqa, yirikroq ko‘lamdagi masalalar negizida paydo bo‘ladi, ulardan «oziqlanib» , yetiladi va og‘riqli yaraga aylanadi.
Misol uchun, bizning jamiyatda migratsiya, iqtisodiy ta'minlanganlik darajasining pastligi, oilaviy munosabatlarga daxldor huquqiy mexanizmlarning nosoz holdaligi, ishsizlik kabi iqtisodiy va huquqiy tizim muammolari ham oilaga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.
Jamiyatning har bir a'zosi oilada kun kechiradi, demakki, har qanday muammoni oila «gubka» singari shimadi, «og‘irlashib» boraveradi. Oddiygina uy oldidan o‘tgan yo‘lning nosozligi va yoki doimiy chiroq o‘chishi ham oiladagi muhitni salbiy ma'noda taranglashtirishi hech gap emas. Yarashtiruv komissiyalarining faoliyati haqida ham o‘ylab ko‘rish kerak, nasihat qilib, ikki tomonni yarashtirib qo‘ygan bilan ziddiyatga sabab bo‘lgan muammo hal etilmasa, u o‘zi haqida bir kun kelib yana eslatadi.
Umid Berdiyorov, psixolog:
─ Oila mustahkamligi faqatgina qadriyatlarga emas, huquqiy va iqtisodiy omillarga ham bog‘liq ravishda paydo bo‘ladi.
O‘ta zo‘r hurmat va ishonch bo‘lgan oilada ham minimal darajadagi oylik maoshga kun ko‘rilsa, bir kunmas bir kun muammo yuzaga kelishi tabiiy. Shu bois oila farovonligi uchun mas'ul hisoblangan idoralar ichki faktorlarning emas, tashqi ta'sir kanallarining sozligini ta'minlashlari kerak. Shuningdek, oilaviy muammolarni hal etishda umumiy shablon yondashuv naf bermaydi. Har bir oilaning muammosi va muhiti o‘ziga xosligini inobatga olish lozim. Falon oila yaxshi yashayapti-ku deb ibrat ko‘rsatish, solishtirish har doim ham to‘g‘ri kelmaydi.Oilaga individual asosdagi yordam kerak.
Ko‘cha-ko‘yda mardikorlik qilib kun ko‘rayotgan erkak-ayol, o‘tgan-ketganga «vlajnyy salfetka oling» deb mo‘ltiraydigan bolalar qancha bo‘lsa, «nobop oilalar» ham shuncha. Asosiy e'tibor qarab qolayotan namunali oilalarning madaniy hordiq chiqarishi-yu, boshqalarga ibrat bo‘lishidan ko‘ra, «nobop» oilalarga real yordam ko‘rsatish masalasi ko‘proq o‘ylantirishi kerak, nazarimizda. Bir butun ulkan mexanizm bo‘lgan jamiyatning soz, bir maromda ishlayotgan murvatlarini moylash, ularga vitamin berishdan avval nosoz holatda bo‘lganlarini ta'mirlash, patos boylayotgan yaralarga og‘riq qoldiruvchi berish muhimroqdir.
Saodat Abdurahmonova