Buyuk Britaniyaning Hempshir grafligidagi Netli qishlog‘ida yashovchi olti yoshli Teddi 2,5 mingdan ortiq plastik idishlarni to‘pladi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Teddi odatda konfet, shokolad yoki krekerlar qadog‘i sifatida sotiladigan plastik idishlar qayta ishlashga topshirilmasligini bilgach, bunday qutilarni yig‘ishga qaror qilgan. Buyuk Britaniyaning ba’zi hududlarida bunday imkoniyat bor, Hempshirda esa hozircha yo‘q.
“Biz bu qutilarni ikkilamchi xomashyo uchun oddiy konteynerga topshira olmaymiz, lekin men dunyoni qutqarish uchun vaziyatni o‘zgartirishga qaror qildim. Sayyoramiz yagona va biz unga g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak”, — deb tushuntirdi bolakay.
Teddi qutilarni yig‘ishni 2024 yilda boshlagan, yil oxiriga kelib 358 ta qutini to‘plagan. Yaxshiroq natijaga erishish uchun u maktabiga xat yozib, ishlatilgan qutilarni unga berishlarini so‘radi. Maktab rahbariyatiga bu g‘oya ma’qul keldi va ular xabarni boshqa o‘quvchilarning ota-onalariga yubordi.
Teddi onasi bilan birga mahalliy korxonalar binolariga e’lonlar osib chiqdi, bobosi esa chiqindixonaga borib, tashlab yuborilgan barcha konteynerlarni saqlab qo‘yishni iltimos qildi. Ba’zida Teddining o‘zi odamlarning uylaridagi plastiklarni yig‘adi yoki ularni chiqindi qutilaridan terib chiqadi.
Yaqinda bola ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida post yozib, o‘zini “eko jangchi” deb atadi va yuz minglab plastik idishlar chiqindixonaga yoki okeanga tashlanayotganini ta’kidladi. Shundan so‘ng bolaning ishlari yanada yurishib ketdi: bir oy ichida u 2598 ta bo‘sh qutini yig‘ishga erishdi.
“Teddi muammolarimizni tushunadi va bu ma’lumotni odamlarga yetkazishga hamda boshqalarni vaziyatni o‘zgartirishga undashga astoydil harakat qiladi”, — dedi uning onasi. Ayolning aytishicha, ularning ostonasida odamlar qoldirib ketayotgan idishlar soni tobora ko‘payib bormoqda.
Teddi yig‘ilgan shirinlik qutilarini plastikni qayta ishlash markaziga topshirmoqchi. Shundan so‘ng bolakay o‘zining ekologik faoliyatida tanaffus qilishni rejalashtirmoqda.