“Kun hadisi”: “Alloh belgilab qo‘ygan haddan oshmanglar, uni buzmanglar...”

Jamiyat 20:40 / 05.06.2019 15264

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Shar'iy hududlarni saqlash”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni Toshkent shahridagi “To‘lqin Akrom o‘g‘li” masjidi imom-xatibi Sahobiddin Sotimov sharhlab berdi.

YouTube

Tas-IX

Abu Salaba al Xushaniy (r.a) dedilar: “Payg‘ambarimiz alayhissalotu vasallam aytdilar: “Albatta, Alloh taboraka va taolo farzlarni buyurgan. Mana shu farzlarni zoye qilmanglar, ya'ni unga loqayd bo‘lmanglar...”. 

Alloh taoloning farzlarga loqayd bo‘lishlik beparvolikni, beparvolik esa bora-bora farzni inkor qilishlikni vujudga keltiradi. Shu sababdan Alloh buyurgan amallarda inson doimo ehtiyot bo‘lishi darkor. Hech ham iloji yo‘q bo‘lgan joyda, imkonsiz qolgan holatda Alloh taoloning buyurgan farzini qilmayotganligidan mo‘min-musulmon kishi ich-ichidan pushaymon bo‘lishi lozim.

“... Alloh ba'zi hadlarni belgilab qo‘ygan. Unda haddan oshmanglar, uni buzmanglar...”, dedilar ikkinchisida.

Ya'ni, Alloh chegaralab qo‘ygan eng qattiq hadlar - harom amallardir. Bunday amallarga yaqinlashmaslik kerak.

“... Alloh taolo ba'zi narsalarni harom qilgan, u harom qilingan narsalarga yaqinlashmanglar...”, dedilar keyingisida.

Alloh taoloning harom qilgan amallariga yaqinlashmoqlik, bu amallarni yengil sanalishiga olib keladi. Masalan, zinoni Alloh harom qilgan. Zinoga olib boruvchi yo‘llar bor: nomahram insonlar bilan hilvatda qolish, birovning shahvoniy mavzudagi suhbatiga quloq osish, nomahram qizlar bilan shahvoniy mavzularda gaplashish va hokazo. Alloh zinoga yaqinlashmang degani, unga olib boruvchi yo‘llarga ham yaqinlashmang deganidir. Agar yaqin tutiladigan bo‘lsa, harom qilingan amalga o‘tib ketib qolish ham hech gap emas.

“... Ba'zi narsalar sizga Allohning marhamati bo‘lgani sababidan Alloh sukut qilgan, ularning hukmini bayon qilmagan. Mana shu narsalarda bahslashmanglar...”.

Alloh taolo bandalari bilishni istamagan ba'zi amallar bor. Mana shu amallarda insonlar bir-birlari bilan bahslashmasliklari kerak. Masalan, u dunyoning hayoti haqida hadislarda kelgan bayon bilan kifoyalanishi lozim. Mana shunday masalalarda bahslashishlik insonning xato qilishligiga sabab bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: