“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Odamlar orasini isloh qilish”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” masjidi imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li sharhlab berdi.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
Abu Najih Irboz ibn Soriya raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga ta'sirchan va'z qildilar. Bundan (mav'izaning ta'siridan) qalblar qo‘rquvga tushdi, ko‘zlar yoshga to‘ldi. Biz: “ Ey Rasululloh! Bu bamisoli vidolashayotgan kishining va'ziga o‘xshaydi. Bizga vasiyat (tavsiya,nasihat) qiling!” – dedik.
U zot: “ Sizga Alloh azza va jalladan qo‘rqishni agar bir qul ustingizga amir bo‘lsa ham, unga quloq osib, itoat etishingizni vasiyat qilaman. Chunki sizlardan yashaganlaringiz ko‘p ixtiloflarni ko‘radi. Bas, mening sunnatim va hidoyat qilingan, to‘g‘ri yo‘ldagi xalifalar sunnatini aql tishlaringiz bilan (mahkam) tishlab olinglar. (Dinda) yangi paydo bo‘lgan ishlardan ehtiyot bo‘linglar. Zero, har bir bid'at zalolatdir”, dedilar.
(Imom Termiziy, Abu Dovud va Muslim rivoyatlari)
Sunnat – bu yuriladigan yo‘ldir. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam u zotning to‘g‘ri yo‘ldagi xalifalari tutgan e'tiqod, qilgan amal va aytgan so‘zlarini mahkam ushlash, mazkur sunnatga amal qilish hisoblanar ekan. Sunnatga amal qilishning barakasi nimada? Barakasi shundaki, biz olamlarga rahmat bo‘lib kelgan, bashariyatning eng afzali bo‘lgan insonga ergashayotganligimizdadir.
Sunnat degan so‘zni eshitganda, qaysidir qilayotgan ishimiz Rasululloh sallollohu alayhi vasallam sunnatlariga xilof ekan deb to‘xtaylik. Sunnatni nafsimizga moslamaylik. Ya'ni, nafsimizga to‘g‘ri kelsa, sunnat deb nomlab, aslida, nafsimiz shuni xohlayotgani uchun qilayotgan bo‘lmaylik. Kishi sunnat amalini qilayotganda e'tibor berishi kerak bo‘lgan eng muhim narsa bu – “bu ishni Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam qilganlar. Bu ishni qilishga Habibimiz sallollohu alayhi vasallam targ‘ib qilganlar, men Allohning eng suyukli bandasi bo‘lgan Payg‘ambarimizning xulqlari, amallarini qilyapman”, degan ulug‘ bir muhabbatni qalbimizga joylashimiz darkor. Sunnatdan uzoqlashgan kishi, bid'atga o‘ralashib qoladi.