O‘zbekiston 26 yildan so‘ng qishki Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi

Sport 18:50 3138

O‘zbekiston delegatsiyasi 26 yillik tanaffusdan keyin qishki Osiyo o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Xitoyning Harbin shahrida o‘tayotgan musobaqada figurali uchish bo‘yicha terma jamoa a’zolari Dmitriy Chigirev hamda Yekaterina Geynish juftligi 176,43 ball jamg‘arib, eng yaxshi natijaga erishdi va qishki Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi.

Ikkinchi o‘rinni KXDR vakillari Ryom Te Ok va Xan Kum Chol qo‘lga kiritdi. Yaponiyalik Yuna Nagaoka va Sumitada Moriguchi uchinchi bo‘ldi.

Bu O‘zbekiston sportchilarining ushbu Osiyo o‘yinlaridagi birinchi medali bo‘ldi. Umumjamoa hisobida Xitoy 31 oltin, 26 kumush va 22 bronza bilan peshqadamlik qilmoqda. O‘zbekistonliklar (1-0-0) Janubiy Koreya (12-13-12), Yaponiya (7-7-13) va Qozog‘istondan (3-7-5) keyin beshinchi o‘rinda bormoqda.

Harbin-2025 o‘yinlari 14 fevralda yakunlanadi.

O‘zbekiston sportchilari ilgari oltin medalni 1999 yilda Janubiy Koreyaning Kangvon shahrida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan. Figurali uchishda Tatyana Malinina yakkalik bahslarida birinchi bo‘lgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: