Biznes-ombudsman PAYNeT agentlarining soliq to‘lashdagi muammolarini bartaraf etish uchun normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqdi

Iqtisodiyot 19:41 / 01.06.2019 9602

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakil devoni (Biznes-Ombudsman) tomonidan to‘lovlarni qabul qilishda vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning sotilgan tovar va xizmatlar bo‘yicha jami tushumidan yagona soliq to‘lovi qo‘llanilishidan ular soliq to‘lashda kiyinchiliklarga duch kelayotganligi yuzasidan yo‘llagan jamoaviy murojaati ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, yakka tartibdagi tadbirkorlar shartnoma asosida faoliyat yurituvchi to‘lov shaxobchalari orqali agent sifatida jismoniy shaxslardan to‘lovlarni qabul qilish uchun mavjud xizmatlarni yetkazib beruvchilar foydasiga vositachilik xizmatini ko‘rsatadilar va to‘lov asosida xizmat ko‘rsatuvchi agentlar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun mukofot sifatida daromad oladilar.

Bugungi kunda Respublikada “UZPAYNET” mas'uliyati cheklangan jamiyatida to‘lov agentlari sifatida 4,5 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyat yuritadi.

Amaldagi qonunchilikka binoan, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kalendar yil davomida tushgan tushumi miqdori 100 mln. so‘mdan oshgan taqdirda 

4 foizli stavka bo‘yicha yagona soliq to‘loviga o‘tadi.

Shu bilan birga, to‘lov agentlariga tushgan tushumdan 4 foizli stavka bo‘yicha yagona soliq to‘loviga tortish mexanizmining qo‘llanilishi yakka tartibdagi tadbirkorlar sonining qisqarishiga va faoliyatini to‘xtatish holatlariga oshishiga olib keladi. Shuningdek, mazkur sohada xufyona faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar sonining oshishiga sabab bo‘ladi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Biznes-ombudsman tomonidan mazkur sohada vujudga kelayotgan muammoni bartaraf etish maqsadida tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritildi.

Mazkur hujjatning amalga kiritilishi 4,5 mingdan ortiq to‘lov agentlariga o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish imkonini berib, PAYNeT to‘lov tizimi orqali turli xil to‘lovlarni amalga oshirish mamlakat aholisi uchun yanada qulayliklar yaratadi.

Ko‘proq yangiliklar: