Chimkent-Toshkent-Xo‘jand shaharlari va ularga tutash hududlar o‘rtasida yangi iqtisodiy koridorni yaratish tashabbusi mintaqaviy dinamizmni kengaytirishi va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy integratsiyaga yanada kuchli turtki berishi kutilmoqda. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) boshchiligida o‘tgan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) dasturiga bag‘ishlangan seminarda shu haqida xabar berildi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Chimkent-Toshkent-Xo‘jand shaharlari va ularga tutash Turkiston, Toshkent va So‘g‘d viloyatlari MOMIH dasturi doirasida salohiyatli iqtisodiy koridor sifatida ko‘riladi. Uch shahar va ularga tutash hududlar bir-biriga yaqin joylashgan hamda ularda nisbatan ko‘p sonli aholi yashaydi - Markaziy Osiyo aholisining taxminan 15 foizi Turkiston, Toshkent va So‘g‘d viloyatlarida istiqomat qiladi.
Ular shuningdek xalqaro bozorlar bilan ham strategik bog‘langan. Chimkent Yevropa-Sharqiy Osiyo va Rossiya Federatsiyasi-Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo xalqaro chorrahasida joylashgan, Toshkent va Xo‘jand esa turistik markazlar hisoblanadi. Uch shahar va ularga yaqin hududlar iqtisodiy tomondan, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasida bir-birini o‘zaro to‘ldirib turadi.
Shuningdek ularning orasida ishchi kuchning yengil transchegaraviy mobilligi kuzatiladi, bunga uch mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, etnik aloqalar va tillarning yaqinligi sababdir.
So‘nggi hodisalar ham iqtisodiy koridorni rivojlantirish uchun qo‘shimcha impuls sifatida xizmat qilmoqda.
Birinchidan, 2018 yilda Chimkent Nur-Sulton va Olmaota bilan bir qatorda respublikadagi eng ahamiyatli shaharlardan biri sifatida tan olindi. Yangi maqom hamda hukumatning mavjud soha va strategiyalari Janubi-Qozog‘iston mintaqasining rivoji uchun yangi istiqbollarni ochishi kutilmoqda.
Ikkinchidan, O‘zbekiston hukumati islohotlar orqali biznes-muhitni yaxshilashga juda katta kuch sarflamoqda. Turizm respublika rivojlanishidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e'tirof etildi.
Uchinchidan, uch davlat hukumati ham mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga doir birgalikdagi sa'y-harakatlarni amalga oshirishda turli darajadagi kuchli siyosiy irodasini namoyish etdi.
Mintaqaviy iqtisodiy koridorni rivojlantirish MOMIH hududida tobora dolzarblashib bormoqda. Bunda iqtisodiyotni tiklash, O‘zbekistonning ochiqligi va qo‘shni mamlakatlar, xususan, Qozog‘iston va Tojikiston bilan aloqalarning mustahkamlanishi mintaqaviy iqtisodiy koridorlar rivojiga yangicha nafas bag‘ishlaydi.
"MOMIH 2030" 2017 yilning oktyabrida Dushanbe shahrida qabul qilingan uzoq muddatli yangi strategiya bo‘lib, unda iqtisodiy koridorni rivojlantirishga katta ahamiyat beriladi.
O‘zbekiston, o‘z o‘rnida, transchegaraviy iqtisodiy koridor rivojlanishi natijasida infratuzilma bog‘liqligini yanada ko‘proq yaxshilashi, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari, Rossiya va Xitoy bilan bog‘lanishi, qolgan hududlar bilan iqtisodiy integratsiyani yaxshilashi mumkin.
Ta'kidlash joizki, OTBning yangi loyihasi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy koridorni rivojlantirish salohiyatini baholashga yo‘naltirilgan. Loyiha uch yilga mo‘ljallangan va MOMIHga a'zo mamlakatlarning biznes hamda bandlikni oshirish uchun sharoit yaratishda yangi salohiyatli iqtisodiy koridorni rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish so‘roviga javoban ishlab chiqilgan.