O‘zbek tilining ijtimoiy mavqeyini mustahkamlash maqsadida diktant aksiyasi o‘tkazildi

Jamiyat 12:50 / 30.05.2019 1760

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «Yagona integrator UzInfocom» MChJ bilan hamkorlikda o‘zbek tilining ijtimoiy mavqeyini yanada mustahkamlash va ommaviy savodxonlikni targ‘ib etish maqsadida «diktant.uz» aksiyasi tashkil etildi.

Aksiya 2019 yilning 28 may kuni Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda va mamlakatimizning barcha viloyatlaridagi oliy ta'lim muassasalarida o‘tkazildi. Shu kunga qadar www.diktant.uz saytida besh mingga yaqin kishi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, diktantda bevosita ishtirok etish imkoniyati mavjud bo‘lmagan sayt a'zolari uchun onlayn rejimida diktant yozish imkoniyati ham yaratildi. Qolaversa, bevosita aksiyada qariyb o‘n mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

Joriy yilda ilk bor Surxondaryo viloyatidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi talabalari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi tinglovchilari va o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijliklar ham aksiyada ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar orasida keksalik gashtini surayotgan otaxon-u onaxonlar, endigina yozishni o‘rgangan ukajon-u singiljonlarimizdan tortib, maktab o‘quvchilari, talabalar, turli xil kasb egalari bor. Ularning barchasi o‘z savodxonlik darajalarini ushbu aksiya orqali yana bir sinovdan o‘tkazishdi.

Aksiyaning yakuniy natijalari 10 kun ichida www.diktant.uz saytida e'lon qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: