Buxoro shahar hokimligi tadbirkordan 11 sotix yer qarzini qachon uzmoqchi?

Jamiyat 16:58 / 28.05.2019 21755

Buxoro shahridan tadbirkor Hakim Boboqulov to‘rt yildan buyon o‘zini qiynab, yechimini topmay kelayotgan masalasi yuzasidan Kun.uz’ga murojaat yo‘lladi. Murojaat mazmuni bilan tanishib, uni joyida o‘rganish va murojaatchi bilan uchrashishga qaror qildik.

Video: Youtube

 
Video: Mover (tas-ix) 

Buxoro shahar hokimining 2015 yil 21 apreldagi №598-sonli qarori asosida shaharning Gazli shossesi yoqasida joylashgan mini-futbol maydonchasi va kiyinish xonalari binosi qurish uchun mo‘ljallangan 1750 kv.m.dan iborat yer maydoni amaldagi yer qonunchiligi asosida tanlov savdolariga chiqarilgan edi. H.Boboqulov tanlov komissiyasining 2015 yil 22 iyundagi 30-sonli bayonnomasiga asosan tanlov g‘olibi deb topiladi. Shu kuni tadbirkor va Buxoro shahar hokimligi o‘rtasida «Tanlov majburiyatlarini bajarish to‘g‘risida» 270-sonli shartnoma tuzildi, shuningdek, o‘sha yili 10 iyunda 311-sonli ART (arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i), loyiha-smeta hujjatlari kelishilib, tasdiqlangan va davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan.

Biroq, mazkur yer maydoni Buxoro shahar hokimligi zaxira yer fondi hisobiga qaytarilishi mo‘ljallangani sababli H.Boboqulovga 2016 yil 20 yanvar sanasida shahar hokimi V.O‘rinov tomonidan xuddi shu yer maydonidan kam bo‘lmagan yer maydoni ajratib berilishi haqida 01/86-sonli kafolat xati taqdim etiladi.

Shundan so‘ng, tadbirkorning tanlovdan yutgan, biroq olib qo‘yilgan 17,5 sotix yeri evaziga Buxoro shahar hokimining 2016 yil 1 apreldagi №506-sonli (Alpomish ko‘chasi yoqasidan 620 kv.m. yer maydoni ajratish haqida), №507-sonli (Gazli shossesi yoqasidan 156 kv.m. yer maydoni ajratish haqida), №508-sonli (Mustaqillik ko‘chasi yoqasidan 75 kv.m. yer maydoni ajratish haqida) — jami 851 kv.m yer maydoniga qarorlar chiqarib beriladi.

Biroq qolgan 899 kv.m yer maydoni evaziga H.Boboqulovga hanuzgacha yer maydonlari ajratib berilmagan. Ustiga-ustak, tadbirkorga 2016 yil 1 apreldagi №506-sonli qaror asosida Alpomish ko‘chasi yoqasidan ajratilgan 620 kv.m. yer maydonidan 200 kvadrat metri qaytarib olindi. Buning evaziga Buxoro shahar hokimi tomonidan ushbu olib qo‘yilgan 2 sotix yer maydoni evaziga xuddi shunga teng yer maydoni ajratib berish haqida yana kafolat xati beriladi.

Uning bu muammolari hal bo‘lavermagach, H.Boboqulov 2016 yil 18 oktyabrida portalga murojaat qiladi.

Biroq, mazkur murojaatdan so‘ng shahar hokimligi masalani ijobiy hal qilish, o‘zi kafolat bergan yerni ajratish o‘rniga, xo‘jako‘rsinga, umuman qurilish ishlari olib borishning iloji yo‘q, relef va joylashuvi jihatidan olib qo‘yilgan yer maydonidan ancha yomonroq, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga yaroqsiz bo‘lgan, hattoki yer maydonining chegaralari ko‘rsatilmagan, shaharning chekka qismida joylashgan, kommunikatsiyalar o‘tmagan joydan 1099 kv.m. yer maydoni ajratish haqida Buxoro shahar hokimining 2016 yil 24 oktyabrdagi №2041-sonli qarori chiqarildi.

Buxoro shahar hokimligi tomonidan uning yozgan murojaatiga qo‘l uchida, shunchaki, portalga murojaat qilgan shaxsning og‘zini yopib, go‘yoki «fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi», degan mazmundagi qarorning xo‘jako‘rsinga chiqarilganini tadbirkor quyidagicha isbotlashga harakat qilmoqda:

«Portalga qilgan murojaatimdan so‘ng oradan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham Buxoro shahar hokimligi tomonidan 2016 yil 24 oktyabrdagi №2041-sonli qaror haqida menga ma'lum qilinmagan. Men murojaatimning natijasini bilish uchun portalga kirganimda, ushbu qarorni ko‘rib qolib printerdan chop etdim va Buxoro shahar hokimligiga olib bordim. Qarorni olib borganimda ham hatto o‘sha yerdagi mutaxassis menga bu yer maydoni aynan qaysi chegaralardan iboratligi haqida ma'lumot berishni ham istamadi. Shuningdek, men nega mendan olib qo‘yilgan yerlar evaziga xuddi shunday yer maydoni ajratilmaganligini so‘raganimda «qayerga borsang bor, kimga murojaat qilsang qil, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi», degan mazmunda javob berdi».

Tadbirkorda haqli savol tug‘iladi: nega boshqa tadbirkorlik sub'yektlariga shaharning qulay joylaridan yer ajratib berilayotgan bir paytda unga nisbatan umuman foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan, hech kimga kerak bo‘lmagan, sho‘rligi baland, yer sathidan ancha past, chuqurlikda joylashgan hududdan yer ajratilmoqda?

Bu ham yetmagandek, u Buxoro shahar arxitektura bo‘limiga borib, Buxoro shahar hokimining 24.10.2016 yildagi №2041-sonli qarorini ko‘rsatganida shahar arxitektura bo‘limi bu yer maydonining chegaralari hatto, uning aynan qaysi konturlar bo‘yicha, qayerda joylashganini bilmasligini aytishgan.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 32-moddasida Yer uchastkasining chegaralarini joyning o‘zida va xaritalarda dastlabki tarzda belgilash ajratib berish uchun yer uchastkasi tanlangan vaqtda uni berish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar amalga oshirilishi aniq belgilab qo‘yilgan. Yer ajratish bevosita vakolatiga kiritilgan shahar hokimligining nahotki ushbu qonun normasidan xabari bo‘lmasa?

Shuningdek, Buxoro shahar hokimining 24.10.2016 yil №2041-sonli qarorida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 114-moddasi asos qilib keltirilgan, vaholanki, konstitutsiyaning mazkur moddasida sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiyligi belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagi holatlarning barchasi va hokimiyat vakilining unga qilgan muomalasidan shu narsa ayonki, Buxoro shahar hokimining 24.10.2016 yilgi №2041-sonli qarori go‘yoki uning murojaati bo‘yicha masala hal etilganini ko‘rsatish uchun chiqarilgan, xolos.

Tadbirkor va Buxoro shahar hokimligi bilan ziddiyat qayerdan kelib chiqqan? Nega hokimiyat tomonidan Buxoro shahar hududining tadbirkorlik qilish qulay bo‘lgan joylaridan H.Boboqulovga yer ajratilmasdan, doimiy ravishda paysalga solib kelinmoqda? Uning o‘zi quyidagicha hikoya qiladi:

«Yuqorida aytilgan yer maydonlari olib qo‘yilganidan so‘ng, Buxoro shahar hokimi tomonidan mazkur yer maydonlari bilan aynan bir xil bo‘lgan yer maydoni ajratib berish bo‘yicha kafolat xatlari berilgan edi. Men dastlab mazkur kafolat xatlari asosida Buxoro shahar hokimligiga borib murojaat qilganimda, shahar hokimligida bir necha o‘n yillardan buyon ishlaydigan shaxs «agar senga shaharning yaxshi joylaridan ajratiladigan yer maydonlarining yarmini mening odamlarim nomiga rasmiylashtirishga rozi bo‘lsang ishingni to‘g‘rilayman», degan mazmundagi taklifni bir necha bor berdi.

Men, albatta, bu takliflarni rad qilib keldim. Afsuski, mening bergan rad javobim meni shu yergacha olib keladi, deb o‘ylamagan ekanman. Qachongacha bunday shaxslarning shaxsiy manfaati deb endi bir ishni ochib, tadbirkorlik qilaman, deb yurganlar aziyat chekishi kerak?!»

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 41-moddasida Jismoniy shaxslarga berilgan yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun mazkur shaxslarning xohishiga ko‘ra tuman, shahar va viloyat hokimining qarori bilan avvalgi yer uchastkasi bilan aynan bir xil yer uchastkasi ajratilgach, shu yer uchastkasi olib berilayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar olib qo‘yilayotgan yer uchastkasining o‘rniga yangi joyda uy-joy, ishlab chiqarish binolari va boshqa imoratlarni qurib berganidan keyin hamda ushbu Kodeksning 86-moddasiga muvofiq boshqa barcha zararlar (shu jumladan boy berilgan foyda) to‘la hajmda qoplanganidan keyin olib qo‘yilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Shunga asosan, H.Boboqulov portalga yuqoridagi vajlarni ko‘rsatgan holda ikkinchi marta 2016 yil noyabr oyida murojaat qilib, Buxoro shahar hokimining 24.10.2016 yilgi №2041-sonli qarorida ko‘rsatilgan yer uchastkasi umuman foydalanishga yaroqsiz hisoblanishi inobatga olinishi va mazkur yer uchastkasida tadbirkorlik faoliyati olib borishning imkoni yo‘qligi sababli unga hokimlik tomonidan berilgan oldingi kafolat xatlarini o‘z kuchida qoldirishini so‘ragan.

Biroq, ikkinchi murojaatdan so‘ng ham uning muammosi ijobiy hal qilinmadi. Buxoro shahar hokimi uni chaqirtirib, «masalangni hal qilib beramiz», deb aytgan, biroq yuqoridagi muammo muammoligicha qolmoqda.

Eng achinarlisi — hikoyamiz qahramonining so‘zlariga ko‘ra, murojaatdan so‘ng shahar hokimiyatida unga nisbatan munosabat tubdan o‘zgargan. U Buxoro shahar hokimining qabuliga bir necha marta shu muammo bo‘yicha kirmoqchi bo‘lganida hokim uni qabul qilishdan bosh tortgan. Bugungi kunda shahar hokimligi tomonidan shunchaki xo‘jako‘rsinga yer ajratish to‘g‘risida qaror chiqarilib, mazkur yer maydoni umuman yaroqsizligi inobatga olinmasdan, go‘yoki masala hal etilgandek portalga ma'lumot berilgan.

H.Boboqulov Buxoro shahar hokimligining o‘zining muammosiga nisbatan loqaydligini tasdiqlovchi yana bir faktni keltirib o‘tdi:

«Shahar hokimi tomonidan 24.10.2016 yilda chiqarilgan №2041-sonli qarorda mening otamning ismi Halimovich o‘rniga Halilovich deya noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Shuningdek, men hokimiyatga ariza bilan murojaat qilib, №2041 sonli qaror asosida ajratilgan yer maydoni kerak emasligi va menga berilgan kafolat xatlari asosida olingan yer maydoni bilan bir xil bo‘lgan boshqa yer maydoni ajratib berishini so‘ragan edim.

Hokimlik tomonidan menga 2016 yil 5 dekabrda B-4410 sonli javob xati jo‘natilib, «24.10.2016 yildagi №2041-sonli qaror bekor qilinganligi, yer maydoni ajritish bo‘yicha yozgan arizam o‘z o‘rnida ko‘rib chiqilishi» haqida ma'lumot berilgan edi.

Men qaror bekor qilinibdi, masalam nihoyat hal bo‘lgan, demak menga boshqa tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yaroqli bo‘lgan boshqa joydan yer ajratilar ekan, deb o‘ylab, deb hokimiyatga bevosita borib murojaat qilganimda, yuqoridagi javob xati bo‘yicha hech qanday qaror chiqarilmaganligini aytishdi.

Shu o‘rinda menda haqli bir savol tug‘iladi: nahotki hokimiyat vakillari tomonidan rasmiy berilgan xatlarini asoslab bera olishmasa? Bundan tashqari, «yozgan arizangiz o‘z o‘rnida o‘rganib chiqiladi», deb yozilgan mavhum javob bilan muammoni hal etilgan deb hisoblashsa?!

Taajjub! Axir amalda hech narsa hal etilmagan-ku?! Yoki buxorolik hokimiyat vakillari prezidentimizning xalqning dardi bilan yashash haqidagi ko‘rsatmalari-yu nutqlarini inobatga olishmaydimi?

Buxoro shahar hokimining 11 mayda jo‘natgan javob xati esa hech bir kurakda turmaydi. K.Kamolov 1099 kv.m. yer maydoni boshqa joydan ajratilishi ko‘rib chiqilayotgani tushuntirilgani haqida ma'lum qilib, keyingi murojaatlar ko‘rmasdan qoldirilishi haqida tahdid qilgan.

Buxoro shahar hokimligi tomonidan tadbirkorga boshqa joydan yer ajratilishi to‘g‘risida tushuntirilgan ekan, 4 yildan buyon davom etayotgan bu masalani «ko‘rib chiqish» yana qancha davom etadi?

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: