Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida istiqomat qilib kelayotgan Ilhom Xoliqov qariyb yarim yildan buyon o‘zini qiynab kelayotgan muammoga yechim topmayotgani, tuman mutasaddilari o‘z ishlariga panja orasidan qarab kelishayotganini bayon etib, tahririyatimizga murojaat qildi.
Ma'lum bo‘lishicha, u o‘sha vaqtda MIB qoshida bo‘lgan, «Elektron onlayn auksionlarni tashkil qilish markazi» DUK tomonidan o‘tkazilgan onlayn auksionda tumandagi «Kamolot» mahallasida maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun auksionga qo‘yilgan boshlang‘ich bahosi 5.182.300 so‘m bo‘lgan 0,4 ga yerni 20.470.085 so‘mga xarid qilgan va 2018 yil 31 oktabr kuni g‘oliblik bayonnomasini qo‘lga kiritgan (lot №0015993).
Xullas, xarid qilingan yer uchun to‘lov qilingan, g‘oliblik bayonnomasi qo‘lda. Biroq hanuzgacha Ilhom Holiqov auksiondan yutib olgan yerini qo‘lga kirita olmayapti va qurilish ishlarini boshlay olmayapti.
Xoliqovning bizga ma'lum qilishicha, u viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning 2019 yil 13 fevral kuni Past Darg‘om tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulida ushbu masalani o‘rtaga tashlamoqchi bo‘lgan va shu maqsadda qabulga borgan.
Biroq viloyat hokimining o‘zi sayyor qabulda shu masalaga to‘xtalib, bo‘sh yerlar bundan buyon faqat auksion orqali xarid qilinishi, yerga tegishli barcha tashkilotlarning xulosalari olib bo‘lingach u auksionga chiqarilishi, xaridor yoki tadbirkor auksion o‘tkazilgach hech qanday hujjatlar uchun yugurmasligi, tuman hokimi faqat qaror bilan rasmiylashtirib berishini yig‘ilganlarga uzoq tushuntirgan.
«Viloyat hokimining gaplarini o‘shanda tuman hokimi, tuman yer resurslari va davlat kadastri idorasi rahbarlari va xodimlari tik turib eshitishdi, biroq, hanuzgacha mening masalam hal bo‘lmayapti», deydi Xoliqov.
Ma'lum bo‘lishicha, tadbirkorga «Kamolot» massivi (xalq tilida Yalta deyiladi) Darg‘om kanali ko‘prigi yoqasidagi, auksion oldidan ko‘rsatilgan va savdoga chiqarishda hujjatlashtirilgan yer emas, mutlaqo boshqa joy — pastroqdan, Darg‘om kanalining muhofaza zonasidagi yer taklif etilmoqda.
Biz bo‘sh yotgan yer maydonini auksionga chiqarishda taqdim etilgan hujjatlar bilan tanishdik. U hujjatlarda haqiqatdan ham ko‘prik yoqasidagi bo‘sh yer hujjatlashtirilgan.
Yer auksionga chiqarilishidan avval barcha tegishli tashkilotlarning xulosasi olingan. Xaritada ham o‘sha, tadbirkor ko‘rsatgan joy qizil rang bilan ajratib ko‘rsatilgan.
Tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mutaxassisi Jahongir Rabbimov biz bilan suhbatda tadbirkor ko‘rsatgan yer emas, aynan pastroqdagi yer ajratilishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi. Bu fikrini u yuqoridagi emas, hujjatlar ichidagi ushbu xaritada tasvirlangan yer maydoni tarxi bilan quvvatlantirdi.
Ya'ni, u tadbirkor yo‘l bo‘yidagi qizil bilan belgilangan hudud emas, sathi pastroq bo‘lgan yashil bilan belgilangan hududni xarid qilganini aytib o‘tdi.
2018 yil 14 iyulda, yer auksionga chiqarilishidan avval berilgan xulosaga e'tibor beraylik. U yerda ajratilayotgan yer maydonining chegaralari aks tasvirlangan. Ya'ni, u:
· shimoldan — ariq va yo‘lning muhofaza chegarasi bilan;
· sharqdan — avtomobil yo‘lining muhofaza yeri bilan;
· janubdan — mahalliy yo‘l bilan;
· g‘arbdan — aholi uy-joylari bilan chegaralanadi, deyilgan.
Endi o‘sha joyning aerokosmik topos'yomkasiga e'tibor qaratamiz. Barchasi mos kelyapti. Ariq va yo‘l, avtomobil yo‘li, aholi uy joylari… Tuman yer resurslari va davlat kadastri idorasi xodimining «aslida, auksionga mana bu yer qo‘yilgan» deb turgan joyga esa bu chegara mutlaqo mos kelmaydi.
Tuman yer resurslari va davlat kadastri idorasi xodimlari «qalovini topib, qorni yondirmoqchi» bo‘layotganga o‘xshaydi. Ilhom Xoliqovning iddaosiga ko‘ra, tumandagilar ushbu yerni auksionda yutqazgan Xosiyat Qobilovaga olib berishmoqchi. Go‘yoki bu ayol anchadan buyon bu yerga hujjat qilib yurgan, tuman yer resurslari idorasidagilar yerni unga berishni va'da qilib qo‘yishgan. Kutilmaganda, auksionda ularga mutlaqo notanish kishi yerni yutib olyapti va ish imkon qadar paysalga solinmoqda.
Qolaversa, ushbu yerga shu yerda istiqomat qiluvchi fuqaro Ahmad Yo‘ldoshev qariyb uch yildan beri shu 40 sotix yerni o‘z traktorida unumdor tuproq tashib to‘ldirib, obod qilib, bir o‘zi oila a'zolari bilan bog‘ barpo etgani, yerga egalik qilish uchun tuman kadastr bo‘limiga hujjatlar taqdim etganiga 1 yildan oshgani, yer sotilib ketgani-yu, auksiondan bexabar qolganini ta'kidlab o‘tdi.
Past Darg‘om tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i A.Tillayev esa vaziyatni boshqacha tushuntirdi. Unga ko‘ra, ushbu yer maydoni o‘z vaqtida auksionga noto‘g‘ri chiqarilgan. Bu yer Darg‘om kanalining muhofaza zonasiga mansub. O‘sha paytdagi mutasaddilar ishni go‘yoki noto‘g‘ri tashkil qilishgan. Aynan mana shuning uchun tadbirkorga yer hanuz rasmiylashtirib berilmayapti. Auksion uchun sarflangan pullar qaytarib berilmaydi. Shuning uchun tadbirkorga boshqa joydan 40 sotix yer rasmiylashtirib beriladi.
Lekin tadbirkorga boshqa yer kerakmi?! U aynan mana shu joy o‘ng‘ay bo‘lgani uchun auksionda oxirigacha kurashib yerni yutib olgan-ku?! Mutasaddilarning yerni auksionga noto‘g‘ri chiqargani-yu, tumandagi hozirgi rahbarlarning kayfiyati boshqacha bo‘lib qolishini tushida ko‘ribdimi u?
Qolaversa, yer auksionga chiqarilishidan oldin qator tashkilotlarning xulosalari olingani va kelishuvlar imzolangani-chi? U tashkilotlarning hammasi noto‘g‘ri qilganmi? Mutaxassis Jahongir Rabbimovga ko‘ra, ha, noto‘g‘ri qilingan. Chunki yerni auksion orqali sotish endi-endi yo‘lga qo‘yilayotgan paytda ko‘pchilik buni tushunmagan. Tashkilotlar tushunib-tushunmasdan xulosa berib yuboravergan.
Tavba… Qiziq vaziyat yuzaga kelyapti-da. Kadastr bo‘limi mutaxassisi J.Rabbimov «bu yer emas, boshqa yer auksionga chiqarilgan», deydi. Rahbari esa «o‘sha yerligi to‘g‘ri, lekin auksionga noto‘g‘ri chiqarilgan», demoqda. Rostdan ham, qandaydir sirli holat bor. Nima bo‘lganda ham, bo‘sh yerda 2019 yil 19 sentyabrgacha maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi bunyod etilishi kerak. Aytilgan muddatgacha qilinmasa — yer tortib olinadi.
Pastdarg‘omlik mutasaddilarning «taktika»siga tasanno aytishdan boshqa iloj yo‘q. Imkon qadar, yerni hujjatlashtirish so‘nggi muddatgacha paysalga solinadi. So‘ngra yer tortib olinadi. Tadbirkor «otangga bor-onangga bor», deb «yurako‘ynog‘i» qilinadi va u joniga tekkach yer uchun to‘lagan 20 million so‘midan ham voz kechib yuboradi. Chunki auksionda yer xarid qilish uchun ishlatilgan pul hech qachon qaytarib berilmaydi!
Bu holni hokim — tumandagi har bir qarich yerning egasi, halol rahbar, o‘zining iddaosiga ko‘ra vatanparvar, har qanday ishda adolat bosh tamoyili bo‘lgan Shunqor Farmonovich Xudoyberdiyev qanday izohlar ekan? Albatta, bu barchamizga qiziq… Chunki xarid qilingan yer uchun tuman hokimi qarorini chiqarish va ishni boshlash qolgan.
Ammo qo‘rqamizki, bu murojaat ijobiy hal qilinmasligi mumkin. Chunki so‘nggi paytlarda tahririyatimizga bot-bot murojaat qilayotgan pastdarg‘omliklarning muammolari mutasaddilar tomonidan ataylab hal qilinmasdan, ulardan o‘ch olish maqsadida, bepisandlarcha teskarisiga ish tutilishi, boz ustiga, davlat nashrlarining propagandadan boshqasiga yaramaydigan, xalqning muammo va murojaatiga quloq tutish zehniyatiga yot bo‘lgan ayrim «cho‘ntak jurnalistlari» yordamida hokimlikning bunday xatti-harakatini xaspo‘shlash kuzatilmoqda.
Umid qilamiz, bu safar bunday bo‘lmaydi. Tuman hokimligi va idoralar ushbu masalani adolatli hal qilishadi va tadbirkor halol puliga xarid qilgan yeriga ega chiqadi. Zero, fuqaro Kun.uz’niki emas, Past Darg‘omniki. Shunchaki, u pastdarg‘omlik mas'ullarga murojaat qilaverib, biroz charchagan… shuning uchun dardini matbuotga olib chiqishga majbur bo‘lgan. Maqsadi kimnidir sharmanda qilish emas — muammosi tezroq hal bo‘lishi.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi, respublika, viloyat va tuman mutasaddilaridan mazkur qonunbuzarlik borasida jo‘yali javob kutadi.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.