Qashqadaryo viloyatida kitob targ‘iboti bag‘ishlangan «Kitob karvoni» aksiyasi o‘tkazildi.
Tadbirda kitob targ‘ibotiga oid ko‘rgazmalar bilan jihozlangan va turli janrlardagi 40 mingdan ortiq kitoblar to‘plami ortilgan avtomobillardan iborat «Kitoblar karvoni» Qarshi shahridan viloyatning barcha tuman va shaharlariga faollar va tashabbuskor yoshlar hamrohligida o‘z manzillari sari yo‘l oldi.
Nashriyotlar, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari tomonidan yurtimiz nashriyotlarida chop etilgan yangi kitoblar ko‘rgazmasi, yoyma do‘konlarda kitob savdosi tashkil etildi.
Tadbir doirasida o‘tkazilayotgan «Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman», «Kutubxonaga kitob sovg‘a qilaman» xayriya aksiyalarida to‘plangan kitoblar chekka qishloqlarda maktablarga va ko‘chma kutubxonalar tashkil etish uchun berildi.
Shuningdek, prezidentning 5 ta tashabbusi ijrosini ta'minlash maqsadida Qarshi tumanida “Besh tashabbus – besh imkoniyat” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.