«Molochnaya kuxnya» tekshiruviga «nomi oshkor etilmayotgan tashkilot» aralashgan - Sud ishidan reportaj

Jamiyat 18:52 / 23.05.2019 20670

22 may kuni Chilonzor tuman ma'muriy sudi binosida sudya Abdulla Muhiddinov raisligida Diyor Biznes kompaniyasi rahbari Shuhrat Qayumov da'vosini ko‘rib chiqish ishi davom etdi.

«Molochnaya kuxnya» brendi ostida sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyati Respublika DSENM rahbarining talabi bilan aprelda to‘xtatib qo‘yilgandi. Mutasaddi organ ushbu qarorni turli vajlar bilan asoslagan, xususan korxona joylashgan hududga yaqin joyda hayvon jasadi tashlangan o‘ra va xavfli mikrobiologik, bakteriologik va immunobiologik dorilar qoldig‘i topilgani haqida ma'lumot keltirilgan. Shuhrat Qayumov ushbu vajlar asossizligini aytdi va DSENM rahbarining qarorini bekor qilishni so‘rab, sudga murojaat qildi.

Bir oy davomida ishni ko‘rib chiqayotgan sudya 22 may kuni Respublika DSENMning tadbirkorlik faoliyatini tekshiruviga rozilik bergan Biznes-ombudsman instituti vakili va Respublika DSENM o‘z qarorida asoslangan xat muallifi — xavf haqida ma'lumot bergan tashkilot — Farmatsevtikani rivojlantirish agentligidan vakilning sudda hozir bo‘lishini so‘ragandi.

Biznes-ombudsman vakili Mirshod Nasrullayevning aytishicha, tekshiruv olib borish qoidalari buzilmagandi. Vakil «nomi oshkor etilmagan tashkilot» tomonidan Toshkent vaksina va zardoblar ishlab chiqarish ilmiy tekshirish institutida («Molochnaya kuxnya» korxonasiga yaqin hududda)  atrof-muhit uchun katta xavf mavjudligi haqida ma'lumot olganini aytdi. Ammo axborot maxfiylashtirilgani tufayli ma'lumot manbasi sudda aytilmadi.

«Molochnaya kuxnya» yuristi Jaloliddin Isoqov «Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq, fuqaroning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborot davlat sirlariga mansub deb topilishi mumkin emasligini ta'kidladi. Shuningdek, yurist Biznes-ombudsman imzolashga haqli bo‘lgan hujjatga uning o‘rinbosari nohaq imzo qo‘yganini aytdi. 

«Ombudsman jismonan vazifasini bajarish imkoniyatida bo‘lmaganda, uning o‘rinbosari vakolatlarni o‘z zimmasiga oladi. Ayni hujjat imzolangan paytda ombudsman Dilmurod Qosimov Farg‘ona viloyatida edi», — deydi vakil.

Shuhrat Qayumov sud majlisida Toshkent shahar Yer resurslari va kadastri boshqarmasi tomonidan berilgan ma'lumotnomani sudyaga taqdim etdi. Sudya sud ishtirokchilari va kuzatuvchilariga ma'lumotnomani o‘qib eshittiridi. 

Ta'kidlanishicha, Toshkent shahar Yer resurslari va kadastri boshqarmasi Toshkent vaksina va zardoblar ishlab chiqarish ilmiy tekshirish instituti maydonida hayvonlar qabristoni mavjudligi yoxud xavfli preparatlar saqlanish ombori haqida ma'lumot yo‘qligini bildirgan. Ammo sudda ko‘rsatma bergan Farmatsevtikani rivojlantirish agentligi Sherzod Alimqulov institutda xavf mavjudligini eshitgani haqida gapirib, batafsil ma'lumotga ega emasligini bildirdi.

«Bilganim shuki, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan institut maydoni va binolar operativ boshqarish huquqi bilan agentlikka berilgan. Shuningdek, uning xususiylashtirilgan bo‘lagi hisoblangan «Molochnaya kuxnya» kadastri ham bekor qilingan. Ular o‘z istagi bilan kadastr hujjatlarini topshirishdan bosh tortgandi, shunday qilib hujjatlar bir tomonlama bekor qilingan», — deydi u.

Shuhrat Qayumov yer-joy masalasida Oliy sud qarori mavjudligi, noqonuniy imzolangan hujjatlar o‘z kuchida emasligini ta'kidladi. Sudya har ikki tomondan asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilishini so‘radi. Tomonlar muzokaraga tayyorgarlik ko‘rgunga qadar, sud ishida tanaffus e'lon qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: