«Kun hadisi» dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni «Taqvo va go‘zal axloq» deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni O‘zbekiston musulmonlari idorasi kotibiyati mudiri Muhammadayubxon Hamidov sharhlab berdi.
YouTube
Tas-IX
Abu Zarr va Muoz ibn Jabal roziyallohu anhular rivoyat qiladilar: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qayerda bo‘lsang ham, Allohdan qo‘rq. Qilgan har bir yomon ishing orqasidan uni yuvadigan biron-bir yaxshilikni ergashtir va insonlarga nisbatan go‘zal xulq ila muomala qil” dedilar», (Termiziy, Dorimiy, Imom Ahmad rivoyatlari).
Ushbu hadis uchta qismdan iborat:
«Qayerda bo‘lsang ham...» Ya'ni, odamlar huzurida Allohdan qo‘rqqaning kabi ular bo‘lmagan joylarda ham Undan qo‘rqqin. Taqvodor bo‘lishga yordam beradigan ishlardan biri inson har qanday holatda ham Alloh taolo ko‘rib-bilib turganini doimo yodda saqlashdir. Alloh taolo marhamat qiladi:
«Uch kishining o‘zaro shivir-shiviri bo‘lsa, albatta, U zot ularning to‘rtinchisidir» (Mujodala surasi 7-oyat).
«Qilgan har bir yomon ishing orqasidan uni yuvadigan biron-bir yaxshilik qil».
Ya'ni bir gunoh ish qilib qo‘ysang, darhol tavba qil va uni yuvadigan biron yaxshilik qilgin degan ma'noda aytilgan. Hadisning zohiriga qaraydigan bo‘lsak, bir yaxshilik bir yomonlikni ketkazadi. Aslida esa boshqacha. Ba'zida bir yaxshilik o‘nta yomonlikni yuvib yuborishi ham mumkin. Bunga hujjat bo‘lgan hadislar juda ko‘p.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Har bir namozdan keyin o‘n marta takbir, o‘n marta hamd va o‘n marta tasbeh ayting. Bu tilda bir yuz ellik, mezonda esa bir ming besh yuz deganidir» (Imom Ahmad rivoyati). Bu hadis arzimas va kichik solih amallar ham yomon amallarni o‘chirib yuborishiga dalolat qiladi.
«Insonlarga nisbatan go‘zal xulq ila muomala qil».
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Sizlar odamlarga boyligingiz bilan yordamga shoshilmanglar. Ularga ochiq yuz va shirin so‘z bilan yordam beringlar» (Imom Ahmad rivoyati): «Sizlarning eng yaxshilaringiz go‘zal xulqli bo‘lganingizdir» (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: Ey Allohning rasuli, amallarning eng fazilatlisi nima?» deb so‘raganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Go‘zal xulq», deb javob berganlar.
Insha Alloh mana shu hadisdan manfaatlansak, xulqlansak Payg‘ambarimiz sollallohu vasallam aytganlaridek, haqiqiy taqvodorlar safida bo‘lamiz.