Joriy yil 15 may kuni Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi 55 yoshli G.B. ismli ayol IIBga murojaat qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.
U shu yil 10 mayga o‘tar kechasi noma'lum shaxslar o‘ziga tegishli bo‘lgan va hozirda faoliyat ko‘rsatmayotgan qahvaxonasiga deraza oynasini sindirish yo‘li bilan kirib, 10 950 000 so‘m puli, umumiy qiymati 19 mln. so‘mlik 5 turdagi zargarlik buyumlari, oshxona idish tovoqlari, havo sovitkichi, video kuzatuv moslamasining xotirasi, kiyim-kechaklari, umumiy qiymati 4 950 000 so‘mlik mahsulotlar, “Samsung” va 2 dona “Sony” rusumli televizorlarini o‘g‘irlab ketganligini ma'lum qilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Samarqand viloyati Paxtachi tumani Tadbirkor mahallasida yashovchi 22 yoshli K.E. ismli ayol va Guliston mahallasida yashovchi 40 yoshli G‘.J. sodir etganliklari aniqlanib, ushlanganlar.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.