Xorijdagi migrantlarga masofadan o‘qish va diplomga ega bo‘lish taklif etilishi mumkin

Jamiyat 19:09 / 21.05.2019 10002

Ko‘plab maktab o‘quvchilari oldida o‘quv mavsumi yakunlanib borishi bilan endilikda oliy ta'lim muassasasini tanlash va kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tish mavzusi va masalasi turibdi.

Aynan shu mavzu va oliy ta'limning kelajagi haqida Harvard Business School, AQShning Kolorada universiteti va Ozarbayjon Iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi, ayni paytda O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligida loyiha rahbari Odiljon Abdurazzoqov Kun.uzʼga o‘z mulohazalarini bildirdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

— Istaymizmi, yo‘qmi O‘zbekistonda yoshlarning oliy ta'limga qamrab olinishi, o‘sha yoshlarning oliy ta'limga bo‘lgan istagini to‘laligicha qondirish imkoniyati yuqori emas. Shuning bilan birgalikda, O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasasini faoliyatini tashkil etish xarajatlari juda ham yuqori. Nima deb o‘ylaysiz, kelgusida shunaqa masalalarga qandaydir yechimni biz taklif eta olamizmi, nimaga O‘zbekistonda qamrov haligacha past?

— Savolingiz uchun katta rahmat. Xabaringiz bor 2018-yilda Prezident tomonidan tasdiqlangan strategiyada O‘zbekistonni 2030 yilga kelib, top 50 innovatsion rivojlangan davlatlar orasida ko‘rish reja qilib olingan. Shu o‘rinda buyuk fizik olimi Isaak Nyutonning so‘zi bilan boshlasam, if I have seen further than others, it is by standing on the shoulders on gians, ya'ni «agar men boshqalardan uzoqroqni ko‘ra olgan bo‘lsam, buning sababi devlarning yelkasida o‘tirganimdir» .

Biz O‘zbekiston oliy ta'lim tizimi, O‘zbekiston ilm-fani, O‘zbekiston innovatsion rivojlanish haqida gapirishdan avval, o‘zbek ilm-fani qaysi olimlarning yoki Nyutonning ta'biri bilan aytganda, qaysi «dev» larning yelkasida turganligiga bir nazar tashlashimiz kerak. Butun dunyo e'tirof etgan tibbiyot olimi Ibn Sino, bugungi raqamli iqtisodiyotning asosini qo‘yib bergan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bek singari olimlarni yoki devlarning yelkasida turgan bugungi oliy ta'lim tizimimiz qanchalik uzoqroqni ko‘ra olishi, demak, bugungi oliy ta'lim tizimi bilan mas'ul bo‘lgan davlat idoralari, vazirliklar, shu jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bu oliy ta'lim muassasa rahbarlari bilan bir qatorda, butun respublikamizdagi har bir insonni qiziqtirishi tabiiy.

Juda ham to‘g‘ri dolzarb masalani ko‘tardingiz, respublikamizda bugungi kunda o‘rta maktab bitiruvchilarining atigi 15 foizigina o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga ko‘ra oliy ta'lim muassasalariga qabul bo‘lishyapti. Agar shu ko‘rsatkich saqlanib qoladigan bo‘lsa, yaxshiroq tasavvur bo‘lishi uchun aytishimiz mumkin, bugun tug‘ilgan 100 go‘dakdan 15 nafarigina oliy ma'lumotli bo‘ladi, 85 nafari bu imkoniyatdan mahrum qoladi va, bu albatta, qabul qilib bo‘lmas bir fakt.

— Agar o‘sha 85 nafari istasa ham bu o‘rin yo‘qmi?

— Albatta, agar statistik holat saqlanib qoladigan bo‘lsa, xuddi shu natija bugungi holatning qanchalik jiddiyligini ko‘rsatadi. Demak, agar biz O‘zbekistonni innovatsion rivojlangan davlat sifatida ko‘rmoqchi bo‘lsak, ayniqsa, hozir 2019 Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili yili deb e'lon qilindi, biz xorijiy investitsiyani jalb qilmoqchi bo‘lsak, asosiy punktlardan biri bu inson kapitalini rivojlantirish ekanligi va inson kapitalining asosida inson sog‘lig‘i, insonning umr bo‘yi oladigan bilim va ko‘nikmalari turishini unutmaslik lozim. Investitsiya qilmoqchi bo‘lgan har qanday kompaniya o‘sha davlatga ilgari, asosan, arzon ishchi kuchi, bozor va boshqa omillarga asoslangan bo‘lsa, bugun asosiy nuqtalardan biri inson kapitalining sifati.

Oliy ta'lim olmagan insonlarda afsuski, shu inson kapitalining rivojlanish imkoniyati cheklangan bo‘ladi. Shuning uchun ham ham bu masala juda dolzarb. So‘nggi ikki yilda respublikamizda juda ham ko‘p xorijiy universitetlarning filiallarini ochish bo‘yicha kelishildi va ikki yil avvalgi oliy ta'limga qabul qilish ko‘rsatkichi 9 foizni tashkil etgandi, bugun o‘sish bo‘ldi, lekin bu o‘sish sur'ati, hammamiz tushunib turibmiz, bizni qoniqtirmaydi. Qo‘shni davlatlar darajasiga chiqish uchun ham bir necha yil kutishimizga to‘g‘ri keladi.

Demak, har bir ishni qilishning an'anaviy to‘g‘ri yo‘li bor va innovatsion yo‘li bor, agar xorij tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda millionlab talabalar dunyoda universitetga bormasdan, professor yuzini ko‘rmasdan o‘z ilmiy darajalarini olishyapti, bakalavr, magistr darajalarini va o‘z sohasida yetuk mutaxassis bo‘lishyapti. Oldimizdagi dolzarb masalalardan biri an'anaviy metod, ya'ni yangi universitet ochishda faqat yangi bino qurish, unga professorlar, uning kutubxonasi kabi fizik va jismoniy resurslarni qo‘lga kiritishdan qo‘shimcha tarzda, mavjud universitetlarimizni innovatsion usullarda oliy ta'lim qabul darajasini oshirish.

Misol qilib aytish mumkin, o‘zim Amerika Qo‘shma Shtatlarida magistratura MBA dasturida o‘qigan vaqtimda auditoriyada 25ta talaba o‘tirar edik va har bir dars muhokamalar bilan bo‘lib o‘tardi. Bizning darsxona maxsus jihozlangan edi, leksiya va muhokamalarda masofadan turib o‘qiyotgan 500 talaba ham ishtirok etishardi. Bitta xona, bitta professordan auditoriyadagi talabalarning 20 barobari masofaviy MBA dasturi bo‘yicha o‘qitilardi. Bu degani, agar biz shu metodlarni qo‘llay oladigan bo‘lsak, masofadan turib o‘qitishni tezroq amalga kiritadigan bo‘lsak, bugungi kunda talabasi 5 mingta bo‘lgan oliy ta'lim muassasasining talabalar qamrovini 100 mingga chiqarish mumkin. Har bitta mutaxassisni masofadan turib o‘qitib bo‘lmaydi, masalan, tibbiyot kabi sohalar borki, amaliyotda, universitetda o‘qitishadi, lekin iqtisodiyot, biznes, huquq, dasturlash kabi soha mutaxassislari borki, ularni bemalol masofadan turib o‘qitish mumkin. Siz ko‘targan muammoning asosiy yechimlaridan biri bugungi kunda respublikamizda yangi oliy ta'lim muassasalarini ochishga qo‘shimcha mavjud muassasalar qamrovini ko‘paytirish uchun innovatsion usullarni joriy qilishga tezroq o‘tishdir.

— Siz aytib o‘tgan mana shu onlayn universitetlar deymizmi, yoki ochiq manbalarga asoslangan universitetlarning o‘qitish tizimi umuman, bularni tashkil etish uchun infratuzilma tayyormi? O‘zbekistonning turli chekka hududlaridagi yoshlar bu imkoniyatdan foydalana oladimi?

— Albatta, infratuzilma bo‘lishi shart. Masofadan turib o‘qitishning asosiy logistika taraflari infratuzilmaga borib taqaladi, ya'ni masofaviy ta'limda o‘qiyotgan talaba o‘rta tezlikdagi internetga ega bo‘lishi kerak, misol uchun darsdagi ma'ruza jarayonini onlayn kuzatish uchun internet talab etiladi. Lekin, 12 yil avval men Kolorado davlat universitetining MBA dasturida o‘qigan paytda nafaqat Amerika yoki Yevropa rivojlangan davlatlaridan balki, rivojlanmagan davlatlardan talabalar o‘qishardi va ularga internet orqali emas, yuborilgan disklardan o‘rgangan. Misol uchun AQShning Afg‘oniston va Iroqda xizmat qilayotgan harbiylari ham shu dasturda edi va ularga DVD dasturi orqali dars yetkazib berilar edi. Infratuzilma albatta, muammo bo‘lishi mumkin, lekin agar izlansa muqobil yechim topiladi.

Bunga qo‘shimcha qilmoqchi edimki, bugungi kunda O‘zbekistonda xabaringiz bor ko‘plab yosh yigitlar xorijiy o‘lkalarda xususan, Rossiya, Qozog‘iston, Koreya singari davlatlarda mehnat faoliyati bilan mashg‘ul, biz eng kamida shu yoshlarimizga O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalarini masofadan turib diplomini olish imkonini berishimiz mumkin. Bu orqali ular O‘zbekistonga qaytganidan keyin nafaqat moddiy mablag‘ bilan qaytishadi balki, boya aytganimizday, inson kapitali yuksalib, O‘zbekiston iqtisodiyotiga ko‘proq hissa qo‘shadigan kadrlar bo‘lib, qaytish imkoniyatiga ega.

Ko‘proq yangiliklar: