Bu yil bahor fasli seryog‘in kelishi aholi uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqardi. Tinimsiz yomg‘ir yog‘ishi natijasida nafaqat qishloqlar, balki ayrim shaharlarda ham aholi uchun muammolarni yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
May oyida ham vaqti-vaqti bilan kuchli yomg‘ir yog‘ishi ayrim hududlarda muammolar keltirib chiqarishda davom etmoqda.
Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi «Kunchiqar» mahallasida ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi shu mazmundagi murojaat yo‘lladi.
«Mahallamiz 2019 yil «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan. Chamanbog‘ ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarimizda 1 may kuni ta'mirlash ishlari boshlangan edi. Uylarning tom qismi ochib tashlangandi. Ta'mirlash ishlari paysalga solinishi oqibatida yaqinda yog‘gan kuchli yomg‘irda xonadonlarimiz abgor va yashab bo‘lmas darajaga keldi. Xonadonlardan suv o‘tib ketdi. Natijada aholi katta zarar ko‘rdi. Bu zararni endi kim qoplaydi? Muammolarimizni kim hal etadi?», – deyiladi murojaatda.
Yomg‘irdan jabr ko‘rgan aholi bizga yashab turgan xonadonlarida yuzaga kelgan holat yuzasidan suratlarni taqdim etdi. Ma'lum bo‘lishicha, tom qismi ochiqligi tufayli xonadonlar ichi va uy yo‘laklariga suv to‘lgan. Uy jihozlariga zarar yetgan.
Ushbu holat yuzasidan Qarshi shahar hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Xurshid Ziyatov bilan suhbatlashdik.
«Bu mahalla joriy yilgi «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan. Shuning uchun ko‘p qavatli uylarda ham ta'mirlash ishlari boshlangan edi. Tom qismi almashtirish uchun olib tashlangan edi. Ammo qayta ta'mirlab, yopgunga qadar kuchli yomg‘irlar yog‘di. Shu tufayli bu holat yuzaga keldi. Yomg‘irdan keyin ishlar tezlashtirilib, ikkita ko‘p qavatli uyning tom qismi yopildi. Qolgan ko‘p qavatli uylarda ham ishlar davom etyapti. Yomg‘ir kutilmaganda bo‘ldi va bu tabiiy hodisa. Shuning uchun yetkazilgan zarar qoplanishi haqida aniq bir gap aytish qiyin», – deydi Ziyatov.
Aholining ta'kidlashicha, bu uylar 1960 yilda qurilgan. Shuning uchun ham juda ta'mirtalab holga kelib qolgan. Tom qismi ta'mirlanganidan tashqari, uylardagi boshqa mavjud muammolarni ham hal etish lozim. Jumladan, kanalizatsiya tizimi talab darajasida emas. Fuqarolar bu kabi eski ko‘p qavatli uylardan voz kechib, o‘rniga yangi, zamonaviy uylar qurish afzalligini bildirishmoqda.
Haqiqatan ham bu ko‘p qavatli uylar uzoq yillar avval qurilgan. Ularning ma'nan eskirgani ularning ko‘rinishidan ham yaqqol bilinib turibdi.
Xurshid Ziyatovning ta'kidlashicha, bu katta loyiha va mablag‘lar asosda amalga oshiriladi. Ayni vaqtda «Obod mahalla» dasturida belgilangan loyihalar asosida ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Aholi e'tiroziga sabab bo‘layotgan muammolar ham loyihalar asosida bosqichma-bosqich hal etiladi.
Bu borada Qarshi shahar hokimligi ushbu mahalladagi aholi bilan muloqot qilib, ularning e'tirozlarini tinglashi va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishi maqsadga muvofiq.
Shu orqali hokimlik va mahalladagi aholi o‘rtasidagi ayrim tushunmovchilik hamda nizolarga barham topishi mumkin. Shunda turli e'tirozlar-u shikoyatlarga hojat qolmaydi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri