Mxitaryan siyosiy ziddiyat tufayli Yevropa ligasi finalida qatnasha olmaydi

Sport 16:52 / 21.05.2019 10454

«Arsenal»ning armanistonlik yarimhimoyachisi Genrix Mxitaryan Bokuda o‘tadigan Yevropa ligasi finalida ishtirok etmaydigan bo‘ldi. «To‘pchilar» rasmiy saytida mazkur holat yuzasidan bayonot e'lon qilindi.

«Afsus bilan shuni ma'lum qilamizki, Genrix Mxitaryan jamoa bilan «Chelsi»ga qarshi o‘tadigan YeL final o‘yiniga bormaydi.

Biz Genrixning bu o‘yinda ishtirok etishiga oid barcha variantlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdik. Bu masalani Mxitaryan va uning oilasi bilan muhokama qilgach, u jamoa bilan finalga bormagani ma'qul, degan xulosaga keldik.

UYeFAga xat yuborib, bu vaziyat yuzasidan chuqur xavotirda ekanimizni bildirdik. Mxitaryan asosiy o‘yinchilarimizdan sanaladi, shuning uchun uning yo‘qligi «Arsenal» uchun katta yo‘qotishdir.

Qolaversa, futbolchi yirik yevrokubok finalida mana shunday sharoit tufayli qatnasha olmayotgani ham achinarli hol. Futbolchining karerasida bunday holatlar kamdan kam uchraydi.

Jamoa Bokuga yo‘l olmagunga qadar, Mxitaryan kubok finali uchun tayyorgarlik jarayonida qatnashishda davom etadi», – deyiladi bayonotda.

Ma'lumot uchun, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tog‘li Qorabog‘ning hududiy mansubligi yuzasidan ziddiyat mavjud. Avvalroq Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Mxitaryan ikkala davlat o‘rtasidagi sovuqchilikka qaramay, finalda ishtirok etishi mumkinligi, uning xavfsizligi ta'minlanishini ma'lum qilib chiqqan edi.

30 yoshli arman bu mavsum APLning 25ta o‘yinida maydonga tushib, 10ta golda (6+4) bevosita qatnashdi.

Qayd etish joiz, Yevropa ligasi finali uchun Ozarboyjon poytaxti tanlangani tufayli UYeFA ko‘plab tanqidlarga uchradi. Xususan, Londondan Sharqiy Yevropaga transport muammosi sabab ko‘plab muxlislar o‘yinni bevosita ko‘rishga bora olishmayapti. Bokudagi aksariyat mehmonxonalar narxi bir necha barobarga ko‘tarilib ketgani aytilmoqda.

Uchrashuv 29 may kuni «Olimpiya» stadionida bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: